08:03 / 04.03.2020
3 374

Nahotki, ko'zingizga yosh kelmadi?

Nahotki, ko'zingizga yosh kelmadi?
Inson qalbi naqadar nozik, yangi yoqqan qor parchasiga qo‘l tekkizganda erib ketgani kabi.
Nasibaxonning uyiga odatdagidek mehmon kelgan edi. O‘zi oshxonada pirog pishirayotgandi. Qo‘shni xotin chiqqanini bilgach harakatini tezlatdi. Mehmonga kelgan erining jiyanidan dasturxonga ul-bul berdirdi, choy damlatdi. Pirog ham pechga qo‘yildi, ungacha Nasibaxon sog‘lom kishi qiladigan harakatdan necha barobar ortiq urindi, bu faqat o‘ziga va Yaratganga ayon.

Har kuni shunday, yotib qolmayin deb hech tinch turmaydi, qaynonasi tayyorlagan ovqatdan borligiga qaramay, nimadir pishiradi, garchi masalliqlarni to‘g‘rayotgan paytida pichoq bir necha marta yerga tushib ketishiga qaramay, qo‘llarini kesib olishiga qaramay, uyda ba’zan ovqat yeyish uchun deyarli hech kim bo‘lmaganda ham pishiraveradi.

Idishlarni ham kuymalanib o‘zi yuvishga harakat qiladi, garchi o‘tirgan holatda rakovenaga bo‘yi bazo‘r yetsa ham. Har kuni o‘ziga qarab, yasanadi, sochlarini binoyidek turmaklab oladi, yotoqxonasi, qizining xonasini ham sudralib, xonalarni aylanib saranjom-sarishta qilishga urinadi, faqat tozalashga kelganda changyutgichni tortqilashga kuchi yetmaydi, bo‘ysunmas oyoqlari turishga imkon bermaydi.

Ahvoliga qarab, o‘tirgan holatda qo‘lidan kelgancha namoz ham o‘qiydi. Meni harakatga undaydi, umid beradi, deydi. Uyda o‘zining borligini his qilishlarini istaydi. Bu yo‘ldagi urinishlardan qo‘llari qavarib, og‘rib, tizzalari qizarib, qotib ketadi. Ba’zan tushkunlikka tushib qoladi, oxiri nima bo‘larkin, qizimning baxtli kunlarini ko‘ra olarmikinman, oq libosda o‘zga uyga kuzata olarmikinman, deb. Balki bu savollar har kuni o‘z-o‘ziga berilarda, yana taqdirga ko‘nikilar...

Shunday qilib mehmon qiz tayyor bo‘lgan pirogdan xotinlarning oldiga olib kirdi. Nasibaxon qizga dasturxonni tuzatib, choyni yangilab berishni ham tayinladi. Qiz har mehmonlar oldidan chiqqanida pirogdan yeyishyaptimi, deb so‘rardi. Birozdan so‘ng qo‘shni xotinning ovozi, ortidan qaynonasining: “borardingiz haliroq” degan ovozlari eshitildi.

Nasibaxon qizga oshxonaning eshigini ochib qo‘yishni buyurdi va mehmon bilan xayrlashish uchun o‘ziga qulay qilib stulga o‘tirib oldi. Beixtiyor qo‘llari kelinlik hurmati bilan yoqasiga yugurdi, ko‘zlari javdiradi, xayr-xo‘shlash uchun og‘iz juftladi. Ammo ming afsuski, qo‘shni xotin gap bilan bo‘lib, ichkaridagi Nasibaxonni payqamadi, darvozadan chiqib ketdi.

Kim biladi, Nasibaxon hozir uning pirogini mazali chiqqanini aytib, maqtab qo‘yishini, u bilan ochiq chehrada xayrlashishini kutganmidi. Qo‘llari yoqasida qoldi, tole’idan bo‘g‘ziga tiqilgan ko‘z yoshni ichiga yutdi, dengiz tubiga cho‘kib ketgandek bo‘ldi. Bu holatni ixtiyorsiz guvohi bo‘lgan, ulg‘ayib qolgan mehmon qiz bir qadar tushungandek bo‘ldi...

Bu olamda minglab turfa taqdirlar bor,
Inson uchun yuborilgan sinovlar bisyor,
Yaratganning ne’matlarin ko‘zga surib
Shukronalik bilan yashamoq darkor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nahotki, ko'zingizga yosh kelmadi?