08:00 / 24.03.2020
8 367

Umradagi noxush voqea

Umradagi noxush voqea
Muqaddas shaharlarga borgan odam dunyoni unutib, ibodat dengiziga sho‘ng‘ib ketmog‘i lozim. Yurgan yo‘lingizda qadrdonlar, yaqinlar va qarindoshlarni eslab, ularning haqiga ham duo qilaverasiz ekan.

Ziyorat chog‘ida dilimdan shunday o‘ylar, duolar kechdi.

Ey Allohim, bizning baxtimizga mana shunday qalbi osmon qadar keng va imon nuri to‘la insonlarni o‘z panohingda asragin! Kech bo‘lsayam so‘qir ko‘zimni ochirganingga shukr. Muborak Ka’bani ko‘zlarimga ko‘rsatib, soppa-sog‘ oyoqlarim ila tavof ettirganingga shukr. Safo va Marva orasida sa’y qildirganingga shukr. Ka’batullohda turib barcha yurtdoshlarimni, ayniqsa ayollarimizni bir martagina bo‘lsa-da bu qutlug‘ makonga ziyoratda bo‘lishlarini tiladim. Zora so‘qir ko‘zlarimiz ochilib, qalbimiz imon nuri bilan munavvarlashsa, dinu diyonatni chuqurroq anglab yetsak...

Ka’ba tavofida edim, kimdir nimchamdan tortdi. Orqamga qarasam, ikki yoshgina qiz.
– Opa, o‘zbekistonligingizni bilib ushladim. Adashib qolmaylik. Muncha odam ko‘p ekan-yey.

Unga bir qaradim-u ibodatimni davom ettiraverdim. To‘g‘risi o‘sha vaqtda, o‘sha joyda biror ortiqcha savolga ixtiyorim ham vaqtim ham yo‘q edi.

Bir payt nimchamdan tutganlarning qah-qah urib kulgani baralla eshitildi. “Muncha g‘alati hamma chopadi-ya, tavba biram kulguli” degan ovozini eshitib, boshimga qaynoq suv to‘kilgandek vujudim yonib ketdi. O‘zimni zo‘rg‘a tutib:

– Astag‘firulloh, bu nimasi, Allohning uyida turibsizlar, uyat-yey, qayerga kelganingni bilasanmi o‘zi, – deb uzoqroqqa ketdim.

Menga xuddi atrofda ibodatga mashg‘ul turfa millat ziyoratchilarning bu holni ko‘rib, men va haligi qizlarni qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatayotgandek bo‘lib ko‘rindi. Ko‘zimdan yosh oqib, yig‘lashga tushdim. Hamrohim Rahimaxon ham ularning bu orsizlarcha qilig‘idan qo‘rqib, tavba-tazurru qilib yig‘lashga tushdi.

Shu kuni rosa to‘yib-to‘yib yig‘ladim. Ismini, qayerdanligini bilmayman, lekin u ikki noinsof ayol mening yurtdoshimligidan afsuslandim. Ne-ne ulamolarimizning mustabid zamonda bu muqaddas joylarni bir ko‘rishga zor bo‘lib o‘tganlari, umr bo‘yi ustozlik qilgan rahmatli otajonimning “hajga borolmadim, ka’batullohni ko‘rolmadim, tavof etolmadim”, degan armonlari yodimga keladi.

Imom Buxoriy, Marg‘iloniy, Farg‘oniylar avlodimiz deb ko‘krak kerganlar haj va umradek umr safariga borar ekan, uning naqadar muhimligi, qanchalik buyukligini bilib olishlari zarurga o‘xshaydi.

Noriniso Qosimova,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Umradagi noxush voqea