18:50 / 30.03.2020
2 615

Koronavirusga qarshi tibbiy madaniyat falsafasi

Koronavirusga qarshi tibbiy madaniyat falsafasi
Ayni paytda dunyoda insonlarning hayotiga xavf solayotgan yangi koronavirus (2019-nCoV) epidemiyasiga qarshi kunu-tun shifokor va olimlarning kurashayotgani hamda ularning har bir inson hayotini saqlab qolishdagi xizmatlari yuksak e’tiborga sazovordir.

Koronavirus – o‘pka to‘qimasining shikastlanishi, nafas olishning izdan chiqishi bilan kechuvchi og‘ir kasallikdir. Immuniteti past bo‘lgan yoki boshqa kasalliklarga chalingan insonlar uchun xavfli hisoblanadi.

Aslida shunga o‘xshash viruslar insoniyat tarixi uchun yangilik emas. Tarixdan ma’lumki, ajdodlarimiz turli xil ko‘rinishdagi pandemik jarayonlarni jumlandan, koronavirusdan ham og‘ir bo‘lgan o‘lat, vabo va boshqa virusli hamda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni ham yengib kelgan.

Xalqimizda tibbiy madaniyat azaldan shakllanib kelgan. Ko‘plab kasalliklarning oldini olish maqsadida odamlar uyga kelganda va mehmonga borganda, dasturxonga o‘tirishdan oldin qo‘llari va yuzlarini yuvishi xalqimizda qadimdan shakllanib kelgan an’analardan hisoblanadi. Tibbiy madaniyatga, ayniqsa, uydagi oshxonaning tozaligiga va pokizaligiga katta e’tibor qaratilgan.

Bilamizki, biz yashab turgan Ona zaminimiz buyuk ne’matlarga, dorivor o‘simliklar va totli mevalarga juda boy. Tibbiyot olamining buyuk allomasi Abu Ali ibn Sino ham o‘pka nafas olish faoliyatini buzuvchi barcha turdagi xastaliklarni davolashda tabiiy mevalar va o‘simliklardan keng foydalangan.

Buyuk alloma bobomiz tomonidan quyidagilar eng ko‘p tavsiya etilgan:
- quruq anjirni qaynatib ichish;
- anor po‘stini qaynatib og‘iz va tomoqlari chayish hamda ichish;
- arpabodiyon urug‘ini qaynatib ichish;
- behini ko‘p iste’mol qilish;
- arpani qaynatib ichish;
- achchiq bodomni va uning yog‘ini shakar bilan aralashtirib yeyish;
- oddiy piyoz va sarimsoq piyozni har kuni ovqat bilan birga iste’mol qilish;
- isiriq urug‘i va zig‘ir urug‘ini qaynatib ichish;
- na’matak mevasi va limonli choyni asal bilan qo‘shib doimiy ichish.

Bu ne’matlarning barchasi o‘zimizda mavjud bo‘lib immunitetni oshirgan, yoshi ulug‘ onaxonlarimiz kasalliklarning turlariga qarab yuqoridagi ne’matlardan hozirgi kunga qadar doimiy holda samarali foydalanib kelmoqda.

Shuningdek, koronavirusdan saqlanish va unga qarshi kurashishda shifokorlarimiz bergan barcha tavsiyalarni so‘zsiz bajarish, ya’ni sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, qo‘l va yuzni doim antiseptik vositalar, sovunlar, dezinfeksiyalovchi suyuqliklar bilan yuvish, ovqat mahsulotlariga termik ishlov berish, ko‘chaga iloji boricha chiqmaslik, begona kishilar bilan yaqin muloqotda bo‘lmaslik yoki masofa saqlash, uydagi barcha ochiq joylarni xlor saqlovchi eritmalar bilan tozalash hamda uydan tashqari barcha holatlarda shaxsiy niqob (maska)da yurish, niqob (maska)larga har uch soatda ximik yoki termik ishlov berish, ularni almashtirish kerak bo‘ladi.

Yuqoridagilarga amal qilish orqali nafaqat o‘zimiz, oilamiz va yurtimizni asraymiz, qolaversa virusni ham albatta yengib chiqamiz!

A.J.Radjapov
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi bosh shifokori

Manba: madaniyat.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Koronavirusga qarshi tibbiy madaniyat falsafasi