23:13 / 02.04.2020
6 008

"Mening janozamni butun mamlakat ahli o‘qiydi”

"Mening janozamni butun mamlakat ahli o‘qiydi”
Tolei baland bir o‘lkaning adolatparvar podshohi odamlarning holidan xabar olishni niyat qilib, oddiy insonlardek kiyinib oldi, qorovullar boshlig‘ini ham shunday kiyintirib, u bilan birga shahar aylangani chiqdi. O‘sha kuni shilta yomg‘ir yoqqan edi. Ular yo‘lda bir odamning balchiqqa botib yotganini ko‘rdilar. Unda hayot asari ko‘rinmasdi. Odamlar bee’tibor o‘tib-qaytib yurishibdi.

Odamlarning beparvoligidan ranjigan podshoh ularga qarab: “Bu odam qanday vafot etdi, nima uchun buni tashlab ketyapsiz, uning ahli qayerda? dedi. Odamlarning biri: “U aroq ichadigan fahshga boradigan, masjidga bormaydigan fosiq edi. Shu yerga yiqilib tushdi-yu o‘lib qoldi. Undan nafratlangani bois hech kim uni ko‘tarishni istamayapti”, dedi.

Podshoh: “Har qancha gunohkor bo‘lsa ham mening mamlakatim fuqarosi, uni bu holda tashlab keta olmayman”, deb o‘yladi. So‘ngra qorovulboshi ikkalasi mayyitni chekkaroqqa oldilar. Qorovulboshiga suv quydirib uning loy chaplanib qolgan yuzini yuva boshlagan podshohning tobora hayrati kuchayib boraverdi. Chunki suv tekkani sayin mayyitning chehrasi ochilib nur taratib borayotgan edi.

Atrofdagilardan uning uyi qayerda ekanini so‘radi. Falon joyda dedilar. Uyiga borib ayoliga erining vafot etganini xabar qilmasdan uning kimligini, qanday odam ekanini so‘radi. Ayoli: “Erim hunarmand. Kechgacha ishlagan pulining bir qismiga aroq sotib oladi, bir qismiga yengiltak ayollarni uyga boshlab keladi. Uyga kelgandan so‘ng aroq shishalarini hojatxonaga bo‘shatadi. Ayollarga esa men tonggacha zinoning harom ish ekanini tushuntiraman.

Jamoaga qo‘shilib namoz o‘qish uchun qo‘shni mahalladagi masjidga boradi. “Nega o‘zimizning masjidga bormaysiz?” desam, “Uzog‘roq yurib borsam ko‘proq savob olaman-da”, deb kuladi. Ammo uning bu ishlarini hech kim bilmaydi, bildirmaydi. Odamlar uni yomon odam deb o‘ylashadi. Shularni o‘ylab bugun juda ham siqildim. “Kuningiz bitib qolsa, o‘ligingiz ko‘chada qoladi, mayitingizni yuvadigan, janozangizni o‘qiydigan odam chiqmaydi, bunday qilmang”, deb qattiq gapirib qo‘ydim.

U bo‘lsa sira ham xafa bo‘lmadi. Aksincha, masrurona jilmayib: “Buni o‘ylab aslo siqilma, mening janozamni mashoyixu ulamolar, butun mamlakat ahli o‘qiydi”, dedi.

Bu gapni eshitib podshoh dod solib yig‘lab yubordi. Keyin ayolga erining vafot etgani va o‘zining podshoh ekanini aytib berdi. Mayitni uyiga olib keltirib, butun mamlakat ahlini janozaga chaqirtirdi. Mayitni esa o‘zi yuvdi. Keyin janozasini o‘qitib joyiga qo‘yib keldilar.

Yahyo ABDURAHMONOV,
“Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi

Manba: Muslim.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Mening janozamni butun mamlakat ahli o‘qiydi”