03:00 / 27.04.2020
5 556

Ramazon saboqlari: saharlik va iftorlik vaqtiga qanday rioya etilishi kerakligi haqida

Ramazon saboqlari: saharlik va iftorlik vaqtiga qanday rioya etilishi kerakligi haqida
Muborak Ramazon oyining Alloh subhonahu va taolo nazdida izzatu hurmati, qadr-qimmati shunchalar beqiyoski, Parvardigor O‘z kalomi bo‘lmish Qur’oni azimush-sha’nni aynan shu oyda nozil qildi. Mo‘minlarga faqat Ramazonda ro‘za tutishlik farz etib belgilandi.

Bu haqida “Baqara” surasining 185-oyatida bunday deyiladi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim u oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin...” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,“Tafsiri hilol”)

Shuningdek, qabilalar va davlatlar o‘rtasidagi urushlar ham bu oyda harom qilindi. Muqaddas manbalarda bu oyda do‘zaxlar eshigi yopilib, jannatlar eshigi ochilishi, shaytonlar kishanlanishi aytiladi. Ramazon shu sifatlari bilan qolgan o‘n bir oyning sarvariga aylandi. Biz bugun ana shunday ulug‘ darajalar bilan e’zozlangan oy bilan yuzma-yuz turibmiz. Uning ro‘zasini tutishlikni farz deya, qabul qilgan kishi uchun saharlik va iftorlik paytlari rioya etilishi lozim bo‘lgan bir qator talablar ham borki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Bu — saharlik va iftorlikning belgilangan vaqtlaridir. Bu kishilarning o‘z nafsiga aldanib qolmasligi uchun joriy etilgan mezondir. Chunki taomilimizda ko‘pchilik aynan saharlik va iftorlik vaqtlariga unchalik e’tibor qilishmaydi. Diniy ko‘rsatmalar qolib, o‘z bilganlaricha ish tutadilar. Natijada og‘iz ochish payti biroz ortga suriladi va saharlik uchun mumkin bo‘lgan vaqt juda erta niyat qilish (og‘iz yopish) orqali boy beriladi.

Sevimli payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning hayotlik davrlarida ham sahobalar o‘rtasida bunday tushunmovchiliklar bo‘lgan. Shu bois, Alloh subhonahu va ta’olo bandalariga ushbu vaqtning chegaralarini qat’iy belgilab oyat nozil qiladi.

“Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha yeb, ichavering. So‘ngra ro‘zani kechasigacha batamom qiling...” (“Baqara” surasi, 187-oyat. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,“Tafsiri hilol”)
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam esa bu buyruqni o‘z sunnatlarida joriy etadilar.

Muhaddislar sultoni imom al-Buxoriyning “Al-jomi’ as-sahih” kitobida bu haqida quyidagilarni o‘qiymiz:
Oisha raziyallohu anho: Rasululloh sallollohu alayhi va sallam odamlarga: “Ibn Ummu Maktum azon aytmagunicha yeb-ichaveringizlar, chunki ul tong otishi arafasida azon aytgaydir” deganlar. Bu hadisi sharifga ko‘ra, saharlik nonushtasini, ayrim kishilar ifoda etganidek, yarim tunda tugatish emas, balki, tong arafasigacha yeb-ichish mumkin ekanligiga amal qilishimiz muborak sunnatga muvofiq ekan.

Iftorlikning vaqti esa kun botishi bilan boshlanishi haqida ham aniq ko‘rsatmalar mavjud. Imom al-Buxoriy Sahl ibn Sa’ddan quyidagi hadisni keltiradi: “Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Ro‘zadorlar quyosh botishi bilan bir paytda og‘iz ochsalar, doimo yaxshilik ko‘rgaydirlar”, - dedilar.

Ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan esa ikkinchi bir hadis bunday rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bilan safarda edik, u zot bir kishiga: “Tush, menga talqon qorib kel”, dedilar. U: “Ey Allohning Rasuli! Quyosh nuri hali turibdi-ku?!” dedi. U zot: “Tush, menga talqon qorib kel” dedilar. U yana: “Ey Allohning Rasuli! Quyosh nuri hali turibdi-ku?!” dedi. U zot yana: “Tush, menga talqon qorib kel” dedilar. U tushib, u zotga talqon qorib keldi. U zot uni ichdilar. Keyin qo‘llari bilan anavi yoqqa (kunchiqar tomonga) ishora qilib: “Tunning mana bu tomondan kirganini ko‘rsangiz, demak, ro‘zadorning iftor vaqti bo‘libdi”, dedilar”.

Ushbu manbalardan ko‘rinib turibdiki, ayrim kishilar taomilimizdagi urf-odat, deya, iftorlik vaqtini quyosh botgach ham ortga surishligi noo‘rin ekan. Balki, saharlik va iftorlik vaqtiga qat’iy rioya etishlikda muqaddas sunnatga amal qilishlik eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Alloh subhonahu va ta’olo hammamizdan rozi bo‘lsin!
Muborak Ramazon oyi sharofati bilan boshimizda turgan mushkulotlarni O‘zi tezda bartaraf etsin!

Shodiyor MUTAHAROV,
O‘zbekiston xalqaro islom
akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ramazon saboqlari: saharlik va iftorlik vaqtiga qanday rioya etilishi kerakligi haqida