14:10 / 03.05.2020
5 982

Otabek Madrahimov AQSHga ko‘chib ketgani haqida: O‘zbekistondagi nohaq «zapret»larga 15 yil chidadim

Otabek Madrahimov AQSHga ko‘chib ketgani haqida: O‘zbekistondagi nohaq «zapret»larga 15 yil chidadim
Foto: Instagram / @otabek_madrakhimov
O‘zbekistonlik taniqli xonanda Otabek Madrahimov hozirgi kunda oilasi bilan AQSHning Filadelfiya shtatida istiqomat qiladi. Jurnalist Jasur Hamroyev xonanda bilan uchrashib, u bilan suhbat uyushtirdi.

«Hech qachon O‘zbekistondan ketish niyatim bo‘lmagan. Men chet elga borsam, sharqoniy musiqalarga ega bo‘lgan davlatlarga borardim. O‘zbekistondagi har xil nohaq ‘zapret’larga 15 yil chidab keldim. Amerikaga kelish niyatim bo‘lmagan. Keyin o‘g‘lim shu yerga o‘qishga kirdi va biz ham shu yerga ko‘chib kelishga qaror qildik», — deydi xonanda O‘zbekistondan ketgani sabablari haqida.

«15 yil ‘zapret’ga chidash bu qiyin narsa. Eshigini taqqilatib borib, ‘nimaga konsertimni bekor qildinglar, nimaga televizorga chiqarmayapsizlar?’ deb so‘raysiz, bir yil chidaysiz, ikki yil chidaysiz. Men esa 15 yil chidadim, oxiri menga litsenziya berib, ruxsat berib, konsertimni qilaman, deb Mitxun Chakrabortini olib kelganimda o‘sha konsertimni ham Azamat Haydarov degan nopok inson bekor qildirdi. Eng qizig‘i o‘sha insonning o‘zi menga litsenziya berib, bo‘ldi boshlang, deb oq fotiha berib, yana o‘zi konsertimni to‘xtatdi. Bunday voqea uch marta takrorlandi, oxiri chidolmadim. Sababi, oila, bola-chaqamni boqishim kerak. Men o‘g‘ri bo‘lmasam, vahobiy bo‘lmasam, nega menga bunday qilishadi?

Kechirasiz-u, odam o‘ldirgan odamniyam besh yilda amnistiyaga chiqarishadi. 15 yil ‘zapret’ga chidash qiyin narsa.
Bitta narsa, bir mansabdor shaxsga yoqmay qolishingiz bu butun O‘zbekiston xalqiga yoqmay qoldingiz, degani emas-ku? Bir insonga yoqmay qolgan bo‘lsam, butun xalqdan meni yuzimni o‘girib qo‘yish kerak emas-ku?
», — deydi xonanda so‘zlarini davom ettirib.

Otabek Madrahimov oilasi bilan
Foto: Instagram / @otabek_madrakhimov

Otabek Madrahimovning aytishicha, u 7 yildan beri Amerikada yashaydi, bu vaqt ichida biror marta ham O‘zbekistonga kelmagan. Xonanda Vatanni, muxlislarini sog‘inganini hamda O‘zbekistonda so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar uni xursand qilayotganini aytib o‘tdi:

«Yurtimizdagi o‘zgarishlar judayam menga yoqyapti. Sababi undan oldingi ‘zapretlar’, boshqa vaziyatlar juda ham insonning kayfiyatini, xafsalasini tushirib yuborgan edi. Madaniyat vazirligida ham yaxshi o‘zgarishlar bo‘lib, nohaq ‘zapret’lar bekor qilinib, ancha san’atkorlar sahnaga qaytdi. Menga ham do‘stim, yaqinim madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ‘qayting, o‘rtoq, hammasi joyida’ deb va’da berdi hamda bekor qilingan konsertlarim qayta tiklandi. Buning uchun Ozodbekka minnatdorchilik bildiraman. Vaqt oliy hakam, bizga qarshilik qilgan insonlar noto‘g‘ri qilganini endi anglab yetayotgandir. Men bir tomondan menga qarshilik qilib, ‘zapret’ qo‘ygan insonlardan minnatdorman. Agar shu ‘zapret’lar bo‘lmaganida men Amerikaga kelmagan bo‘lardim. Farzandlarim bu yerda universitetlarni bitirdi. Quda-andali bo‘ldim, sekin-sekin ishlarim o‘z yo‘liga tushdi».

Foto: Instagram / @otabek_madrakhimov
Qayd etilishicha, Otabek Madrahimov Filadelfiyada logistika kompaniyasini tashkil qilgan. Kompaniya juda katta bo‘lib, uning Toshkentda ham filiali bor.
«Hozirgi kunda o‘zbekistonlik san’atkorlarga to‘g‘ri ma’noda havasim kelyapti. Biz ko‘rgan narsalarni bular ko‘rmasin. Ularga yaratilayotgan sharoitlarga, e’tiborga havas qilaman. Bundan unumli foydalanib, faqat olg‘a harakat qilishlarini tilayman», — deydi Otabek Madrahimov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Otabek Madrahimov AQSHga ko‘chib ketgani haqida: O‘zbekistondagi nohaq «zapret»larga 15 yil chidadim