18:15 / 11.05.2020
3 578

Xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar nega IT sohasini tanlayotganlarini oshkor qilishdi

Xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar nega IT sohasini tanlayotganlarini oshkor qilishdi
Xorijda yashaydigan vatandoshlarimiz orasida IT sohasini tanlayotganlar soni kundan-kunga oshib bormoqda. Zamonaviy sohani tanlagan vatandoshlarimizdan biri Suhrob Shodiyorov. Asli Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidan bo‘lgan Suhrob Samarqand davlat chet tillar institutining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil olgan. Yurtimizda bir qator davlat idoralarida faoliyat yuritgan suhbatdoshimiz 2017 yilda tahsil olish va ishlash uchun AQSHga ketadi. Onlayn suhbatimiz jarayonida undan nega aynan IT sohasini tanlagani va kelajakdagi rejalari haqida so‘radik.

- Sizni bu sohaga nima yetaklab keldi? Yuqori daromadmi yoki bolalikdagi orzu?
- IT sohasiga 2015 yildan buyon qiziqaman, ishdan bo‘sh vaqtlarimda soha yangiliklarini kuzatib turardim. AQSHga kelganimga ikki yil bo‘lganda ijtimoiy tarmoqda My IT Education o‘quv markazi asoschisi Jon Toshmatov bilan tanishib qoldim. O‘quv markazining saboq berish uslubi bilan tanishganimdan so‘ng, bu men uchun yaxshi imkoniyat ekanini tushundim va o‘rganishga qaror qildim. IT sohasi iqtisodiy barqaror va erkin bo‘lish imkonini beradi. Moliyaviy erkin bo‘lishni xohlaganim uchun ham shu sohani tanladim.

- My IT Education 4 yillik tahsil muddatini 6 oygacha qisqartirgan deyishadi, bu rostdan ham samarali usulmi?
- AQSHda biror bir sohani egallashingiz uchun 4 yil o‘qish talab etiladi. Buning uchun 50-70 ming dollar atrofida talabalik krediti beriladi va siz bu kreditni yillar davomida to‘laysiz. Bu amerikaliklar uchun oddiy hol. Lekin chetdan o‘qish yoki ishlash uchun kelganlar bu imkoniyatdan kamdan-kam holatlarda foydalanadiladi. Olti oylik kursda esa hozirgi kunda ko‘proq foydalanilayotgan va ishlatilayotgan IT materiallari asosida o‘quv rejasi ishlab chiqilgan. Ya’ni, shart bo‘lmagan kitob va materiallarga vaqt ajratmaysiz.

- IT sohasini orzu qiladigan, lekin ayrim sabablarga ko‘ra ikkilanib turgan o‘zbek yoshlariga nimalar degan bo‘lardingiz?
- Bizda IT sohasida markazlashgan o‘qitish yoki o‘qish istagidagi yoshlarga ma’lumotlar bazasi yaratilmagan. Yoshlarga soddalashtirilgan tarzda qadamma-qadam o‘rgatish va ma’lumotlar olish imkoni bo‘lgan bepul server yaratish lozim. Shundagina jahonda IT sohasi bo‘yicha bemalol raqobat yarata olishimiz mumkin. Hozirgi kunda Jon Toshmatov tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlar ijobiy samara beradi deb o‘ylayman.

- Ayni paytda qayerda faoliyat yurityapsiz?
- Hozirgi kunda shartnoma asosida My IT Education tomonidan yaratilayotgan loyiha ustida ishlamoqdaman. Bu aynan yoshlarga IT sohasida ko‘mak berishga mo‘ljallangan loyihalardan biri. Men bu yerga kelganimda dasturlash bo‘yicha hech narsa bilmasdim. Shu yerda o‘qib, qisqa vaqt davomida mustaqil ravishda bir qator kichik loyihalarni ham ishlab chiqdim.

- Kelgusi rejalaringiz? O‘zbekistonga qaytasizmi?
- Albatta, yaqin 3-4 yilda vatanimga qaytishni reja qilganman. Bu yerda tajriba orttirib qaytgandan so‘ng IT sohasini rivojiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman. Orzuim, bir marta bo‘lsa ham dunyoda IT musobaqalarida g‘alaba qozonish.

- O‘zbek yoshlariga karantin paytida vaqtini unumli o‘tkazish bo‘yicha qanday tavsiyalar berasiz?
- Hozirgi kunda ko‘pchilik vatandoshlarimiz uyda o‘tiribdi. Lekin dasturchilar uchun masofadan ishlash muammo tug‘dirmaydi. Vatandoshlarimizga IT sohasini tanlasangiz, hayotingiz o‘zgaradi, qayerda bo‘lmang, doimiy ishga ega bo‘lasiz degan bo‘lardim. Buning uchun qattiq mehnat va sabr talab etiladi. Agar siz to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsangiz, albatta IT o‘z samarasini beradi.

Dilfuza Sobirova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar nega IT sohasini tanlayotganlarini oshkor qilishdi