21:35 / 30.05.2020
3 296

Hidoyatga kelgan armani: Abdurahmon Meshayan (davomi)

Hidoyatga kelgan armani: Abdurahmon Meshayan (davomi)
– She’rlaringizda shunaqangi so‘zlarni ishlatasizki, hatto ayrimlarining ma’nosini o‘zbeklar ham tushunolmay qoladi. She’riyatda ustozingiz kim? Kimlardan saboq olasiz?
– To‘g‘risini aytsam, she’riyatda borasida ustozim yo‘q.

– Hatto ayrimlar she’rlarini birov yozib beradi, deyishadi?
– Aka, uy-joyimni ko‘rib turibsiz. Men falonchi (bir shoirlik da’vosidagi taniqli tantiqning ismini aytadi) kabi boy emasman birovdan she’r sotib oladigan(kuladi). Oldinlari bunaqa gap-so‘zlardan judayam jahlim chiqardi, hozir parvo qilib o‘tirmayman.

– Qaysidir shoirlarni yaxshi ko‘rib o‘qiysizmi, ya’ni Siz qoyil qoladigan ijodkor bormi? Tirik shoirlardan...
– Usmon Azimni jiddiy shoir deb bilaman...

Avval Muhammad Yusufni va A’zam O‘ktamning she’rlariga maxliyo bo‘ldim, so‘ngra Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfilarning ijodiga havas qilib o‘qib yurdim. Shavkat Rahmonning ijodi bilan tanishganimdan keyin o‘shanda to‘xtadim. Unaqa buyuk shoir yo‘q o‘zbeklar ichida... To‘g‘risi o‘zimcha unga taqlid qilib she’r yozishga ham urinib ko‘rdim. Shunaqa zo‘r shoirki... asti qo‘yaverasiz...

Men asosan diniy-ma’rifiy yo‘nalishda she’r yozaman. Bu hammaga ham yoqavermaydi. Yoqishiniyam istamayman. To‘g‘ri, avvallari o‘zimni tanitgim kelgan. Hatto bir marta noqulay ahvolga tushib qolganman egasi topilmagan she’rni meniki devorib... Keyin judayam uyalib qoldim, ikki yil she’r yozolmadim. Endi kulib eslayman o‘sha davrlarni...

Hozir menga mashhurlik qiziqmas. Kerak ham emas. Agar kerak bo‘lganida Vatanim-Jonajonim...degan she’rlarni yozib, allaqachon “Shuhrat” medaliniyam olgan bo‘lardim. Men bunaqa laganbardorlik, kattalarga yoqish uchun likkillashdan hazar qilaman.

Meni qanday bo‘lsam, o‘shanday qabul qilishlarini istayman. Turlanib-tuslanishlarni yomon ko‘raman...

– Darhaqiqat, oxirgi paytlarda she’riyatda “Shavkatli zamonlar...” degan ibora paydo bo‘lib qoldi. Eng ajablanarlisi, prezident huzurida, unga qarab shunaqa she’rlarni o‘qishyapti. Sullohlik shu qadarmi?! Nima “Islomli zamonlar...” o‘tdimi, devorasan beixtiyor... Yana bunaqa she’rni oltmishdan oshgan odamdan eshitsang, battar ko‘ngling aynir ekan...
– Aka, ishonsangiz 2016 yili sentabr boshida, avvalgi prezident olamdan o‘tgan kunlari Yozuvchilar uyushmasining yoshlar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari, Xalq shoiri Iqbol Mirzo qo‘ng‘iroq qildi: “Tez she’rlaringni olib kel, bosamiz” – deb. Oborib o‘tirmadim to‘g‘risi... Menga qiziq emas endi...

Aytyapmanu mashhurlik, shon-shuhrat – ofat ekan, undan qochish kerak ekan...

– O‘zingiz arman millatiga mansub bo‘lsangiz-da, o‘zbeklarning dardini yozasiz. Yozganda ham chiroyli yozasiz. Buning boisi nimada?
– Aka, shu yerda tug‘ilib o‘sdim... Shu odamlar orasida... O‘shaning-chun dardu g‘amim ham, quvonchu tashvishim ham shu xalq bilan bir!

– Tashqaridan qaraganda o‘zbek xalqining ijobiy va salbiy tomonlari yaxshiroq ko‘rinadi Sizga...
– O‘zbeklar haqida bilasizmi qanaqa tushuncha bor boshqalarda? Bitta epizod bilan tushuntirishga harakat qilaman.

Bir kuni feysbukdagi bir tanishim qurbonlik go‘shtini tarqatishda yordam so‘radi. O‘zi xorijda yashaydi, sheriklari shu yerda. Ammo sheriklari ham tarqatolmay qiynalayotgan ekan. Xo‘p deb aytilgan joyga bordim. Borgach, tushundim nima uchun tarqatisholmaganini... judayam boy odamlar yashaydigan mahalla ekan. Bitta katta xo‘kizning bo‘laklangan go‘shtini mashinaga ortib qaytdik.

Yo‘l-yo‘lakay opamga qo‘ng‘iroq qildim: “Nochor ahvolda yashaydigan tanishlaring bo‘lsa, ayt” – dedim. U: “Menga ham ber” – dedi. “Opa, sening shuncha uylaring, mashinalaring bor, uyalmaysanmi?” deb tanbeh berdim. “Hazil-hazil, - dedi kulib. - Bir juvonni taniyman. Hijobli. To‘rtta norasida bolasi bor. Qayerdadir farrosh bo‘lib ishlaydi. Eri jigar serrozidan o‘lgan. Shunga oborib ber”. “Eri ichar ekanmi?” – so‘radim ichkilik orqasidan jigari ado bo‘lib olamdan o‘tgan dadamni eslab... “Jinnimisan?! Ichmaydi, o‘zbekku u?!” dedi opam. Hijoblilarni iti-bitidan yomon ko‘radigan opamki maqtadimi, demak o‘sha ayol chindanam farishta ekan deb qoldim... Va unga qurbonlikdan nasiba olib borib berdim.

Mana ko‘rdingizmi, o‘zbeklar haqida nimalarni tushunamiz: o‘zbekmi – aldamaydi, o‘zbekmi – o‘g‘irlik qilmaydi, o‘zbekmi – birovga yomonlik qilmaydi! Bular bizning o‘zbek haqida shakllangan fikrlarimiz, xulosalarimiz...

Yoqmagan jihatlariga kelsak... Oldingizda, yuzingizga kulib-kulib yaxshi gapirishadi-da, orqangizdan yomon gaplarni aytishadi. Men unaqa odamlarni yoqtirmayman. Yomonmi, yaxshimi – odam haqida fikring bo‘lsa, shartta-shartta yuziga ayt... Mana shunaqa ikkiyuzlamachilarning ozmi-ko‘pmi borligi millat yuzidagi dog‘ deb bilaman.

Eng zo‘r jihati esa – millatchilik qilmasligi... Bilasizku, bu islomda ham qoralangan jihat. Mahalliychilik bor, ammo millatchilik yo‘q. Boshqa davlatlarda, masalan, Turkiyada ham o‘zlaridan boshqa millatga ikkinchi darajali deb qarash illati shakllangan. O‘zbekistonda esa odamlarining millatiga emas, yaxshi-yomonligiga qarab muomala qilishadi. O‘zbeklarday bag‘rikeng millat kam dunyoda.

– Ismingizni rasman o‘zgartirganmisiz?
– Albatta, aka. Pasportimda Abdurahmon deb yozilgan. 2006 yilda musulmon bo‘lganman. 2010 yili ismimniyam o‘zgartirdim, jismimniyam(kuladi). To‘g‘risini aytsam, boshida Muhammad ismini tanlagandim, ammo haddim sig‘madi. Ism men uchun qanchalar qadrli ekanini tushuntirishim qiyin. Hozir biror kishi Abdurahmon deb chaqirsa, shunaqangi xursand bo‘lib ketamanki, tasavvur qilolmaysiz...

– Nega aynan bu ismni tanlagansiz?
– Abdurahmon ibni Avf raziyallohu anhuni qattiq yaxshi ko‘raman. O‘shanga...
Musulmon bo‘lish oson, juda ko‘pchilik iymonga kelganini e’lon qiladi, ammo avvalgi chirkin ishlarini tashlamaydi. Namoz o‘qimaydi, ro‘za tutmaydi, boshiga kelgan sinovlarga sabr qilmaydi. Meni ham boshimga ozmi-ko‘pmi sinovlar keldi, alhamdulillah, imonim tufayli sabr qildim. Men uchun kar’era muhim emas, imon muhim. Maqsadim agar katta shoir bo‘lib, tanilishni, ko‘tar-ko‘tar bo‘lishni xohlaganimda ismimni o‘zgartirib o‘tirmasdim.

Hatto Iqbol Mirzo “Nega ismingni o‘zgartirding, seni kitobingni chiqarardik, hammayoqda shov-shuv bo‘lardi...”, - deb xafa ham bo‘lgan. Menga kerak emas unaqa mashhurlik. Chunki Abdulla Oripov bilan umrlarining oxirida, Amerikaga ketishlaridan oldin rosa hamsuhbat bo‘lganman, u kishining davlatga ham, jamiyatga ham keraksiz bo‘lib qolganini ko‘rib, ko‘p narsani anglab yetganman. Qolaversa, laganbardor “ejodkorlar” davrasi uchun men begonaman, mening atrofimdagilar oddiy dindor kishilar... She’r yozish esa shunchaki xobbi, ichimdagilarni izhor qilib olsam bas.

– Akangizning hidoyat topishi qanday bo‘lgan?
– To‘g‘risi buni bilmayman. Ammo mening Islomga kirishimga akam ta’sir o‘tkazmagan to‘g‘risi. Dadam bitta latifani aytib akamning dilini og‘ritardi doim. Emishki bir armani iymonga kelibdi. Keyin cho‘chqasini ariqdagi suvga pishaverarmish tezroq qo‘yga aylan deb... Ochiqchasiga ustidan kulib: “Sen armansan, armanligingcha qolasan”, derdi. Qarindoshlarimiz “Xudoying nima deyapti, bizga xabar ber-chi?” – deb ochiqchasiga mazax qilardi. Ibodat qilayotganda qitmirlik qilib, xalal berishga urinishardi. Yahudiy qanaqa bo‘lsa, arman ham shunaqa. Ya’ni bizning millatdan musulmon chiqishi favqulodda va noyob holat to‘g‘risi... Xuddi arablardan ateist chiqqanday... Bitta onam va men akamning tarafini olardik. To‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, o‘z tanlovi degan o‘yda unga yon bosardik. Dadam vafot etgach, hayotga jiddiyroq qaray boshladim. Ko‘p o‘yladim. O‘limni tushunishga intildim. Ishonasizmi, hamma ham to‘g‘ri yo‘lni qidiradi, ammo hamma ham oxirigacha boravermaydi. Iymonsiz halovat yo‘q aslo...

– Sizga ham shunaqa muomala qilishadimi?
– Yo‘q. Oddiy misol: hayitda hamma bir birini tabriklaydi, a? Menga jumla jahonni tabriklagani bir taraf bo‘lsa, opaning, xolamning diniy bayramim bilan tabriklagani bir taraf... Bu ularning iymoninimni, e’tiqodimni hurmat qilgani, dinimni tan olganidan darak...

– Uylanganmisiz?
– Endi, Xudo xohlasa... Bu yil uylanaman. Bo‘lajak keliningiz turkiyalik.

– Daromadingiz nimadan?
– Chorvachilikka qiziqaman. Buni qanchalar yaxshi ko‘rishimni tasavvur qilolmaysiz. Tushuntirib berishim qiyin... Chindan ham chorvada baraka bor ekan...
– Suhbatimizga birorta she’ringiz bilan yakun yasasak, nima deysiz?
– Bajonidil. "Intervyu" degan she’rim bor... Hazilnamo...

Suhbatga qo‘shimcha she’r...

INTЕRVYU...
-Kim qo‘ng‘iroq qildi bolajon?
-Intervyuga chorlashdi ona...
-Voy aylonay yo‘lga tush shu on,
Radioga chiq, mahmadona...

Qo‘shnilarga maqtanajakman,
Norozilik bildirmagin, jim!
Butun qavmu qarindoshlarga,
Darkor hali bir-bir qoqmoq sim.

-Ona, radio chorlagani yo‘q,
-Nahot tv chorladi, o‘g‘lim?
Xiqillasam, urma endi do‘q,
Dadang bevaqt topmasa o‘lim-

Birgalashib ko‘rardik shodon,
Ko‘rsatuvga chiqqanligingni.
Balki bir kun ko‘rarman, nodon,
Sulton qo‘lin siqqanligingni...

-Ona, TV chorlamadida...
-Ro‘znomadan chorlashgan demak?
-Bu ham onang bir omadida,
Men ham borsam imkon bor demak?

Qo‘y, yaxshisi o‘zing borib kel,
Sen haqinda maqtab yozishsin!
Xushro‘yliging ko‘rib qo‘ysin el,
Soqolli surating bosishsin...

Volidam shod... Zumda tiklagan
Shod kayfiyat qasrin buzolmam.
Osh keltirdi ye deb bir lagan,
Lek men xunob, bugun bo‘lajak,
Intervyudan xayol uzolmam...

Onamga syurpriz qilgim yo‘q,
Yo‘q "sovg‘a"mning unga keragi.
Ko‘ksin teshib ajal degan o‘q,
Yorilib ketmasin yuragi...

Intervyuda so‘rashsa kerak:
-Nega quyuq soqol qo‘ygansiz?
-Bormi sizga xorijdan tirgak?
Xijobni-da farzga yo‘ygansiz...

-She’rlaringiz nechun qayg‘uli?
Posbonlarga otibdirsiz tosh.
Sizga qolgani ko‘p kulgili,
Bizning asl yuzni qilmoq fosh..

Bu shunchaki taxminlar xolos,
Shoir turli xayollar qilar...
Intervyuning mavzusini xos,
Faqatgina tergovchi bilar...

P. S.: Suhbatimizning avvalgi qismlari e’lon qilingach, Abdurahmon Meshayan bizga bog‘landi va suhbatdan ko‘ngli to‘lmaganini, aniqrog‘i, ayrim voqealarga to‘liq to‘xtatolmagani aytib qoldi. Jumladan, hidoyat izlagan yillari, shahodat keltirgandagi holatlari va boshqa ko‘rgan-kechirganlarini ifoda etolmaganini, agar imkon bersak, o‘zi yozib berishi mumkinligini bildirdi. Biz uning taklifini jon deb qabul qildik...

Demak, kuting!
Inshaalloh, yaqin soatlarda "Men kim Abdurahmon Meshayan..." nomli hayotiy hikoyani e’tiboringizga havola etamiz...

(davomi bor)

Suhbatdosh Abdulaziz Muborak

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hidoyatga kelgan armani: Abdurahmon Meshayan (davomi)