13:37 / 06.06.2020
2 830

Munosabatlar uzoqqa bormasligining 5 sababi

Munosabatlar uzoqqa bormasligining 5 sababi
Insonlar o‘rtasidagi munosabatlarning qanchalik mustahkam ekani yoki darz ketishi bir qancha omillarga bog‘liq ​bo‘ladi. Quyida shaxsiy munosabatlarning uzoqqa bormasligi sabablariga to‘xtalamiz.

1. Hammadan o‘zini bilag‘on deb hisoblash

Siz rostan ham aqlli va dunyoqarashi keng inson bo‘lishingiz mumkin, lekin shaxsiy munosabatlarda doim o‘z «men​» ​ingizni birinchi o‘ringa qo‘yishingiz, boshlangan aloqalarning tez yakun topishiga sababchi bo‘ladi. Munosabatlarda ikki kishi bir-birini tushunishi va qo‘llab-quvvatlashi zarur. Faqat o‘zingizni sevsangiz va xudbinlikdan voz kecha olmasangiz, sevgi borasida omadingiz chopmasligi aniq.

2. Talab qilish

«Agar meni desa, bu ishni bajaradi yoki bunday qiladi», degan yanglish fikr xayolingizda bor ekan, hali anchagacha yolg‘iz yurasiz. Hech kim hech narsaga majbur emas, shunchaki sevgan inson qarashlari hurmat qilinishi yoki inobatga olinishi kerak. Ikki inson bir-birining kamchiliklarini to‘ldirishi va har doim hamma narsa ideal bo‘lmaganini inobatga olib, tushunib yashashi kerak.

3. Vaziyat va insonlarga o‘z mantig‘ingiz asosida baho berish

Siz bergan baho ko‘pincha sub’ektiv bo‘lishi mumkin va shuning asosida noto‘g‘ri xulosa shakllanishi ajab emas. Masalan, oila yoki ishdagi jiddiy muammolardan shundoq ham tushkunlikda bo‘lgan odamning sizga kulib gapirmasligi, ortiqcha e’tibor qilmasligi, sizga befarq ekanidan ko‘ra uni tashvishlar qiynayotganini anglatadi.

4. Nima bo‘lganda ham miq etmaslik

Noxushlik va muammoli vaziyatlarda ham kerak bo‘lsa o‘zi tushunib yetsin, deya indamaslik yoki oshirib yuborishlar bo‘lganida ham og‘izga qulf solishning oxiri voy bo‘ladi. Chunki ichingizda yig‘ilgan, aytilmagan gaplar bir kuni portlab chiqib, dilni xira qilishi mumkin. Shuning uchun bunday vaziyatlarda o‘tirib, sokinlikni saqlagan holda muhokama qilish, birgalikda yechim topish va arazlashdan qochish tavsiya qilinadi. Savolingiz bo‘lsa bering, javobini oling va asosiysi mavhumlikdan qoching. Shunda siz umid bilan boshlagan munosabatlarga yarim yo‘lda nuqta qo‘yilmaydi.

5. Sovuqqonlik va e’tiborsizlik

Sizga muammosini aytib turgan insonni sovuqqonlik bilan tinglash, mensimaslik kimga ham yoqadi deysiz? Har kim yonida befarq emas, baxtini bo‘lishadigan, dardiga malham bo‘ladigan inson bo‘lishini istaydi. E’tibor faqatgina sovg‘a-salom yoki ortiqcha so‘zlar bilan o‘lchanmaydi. Ortiqcha gapirmasdan amalda qo‘llab-quvvatlash, ko‘nglini ko‘tarish va ishonch bildirish muvaffaqiyatli munosabatlarning garovi hisoblanadi.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munosabatlar uzoqqa bormasligining 5 sababi