07:43 / 28.06.2020
4 186

Islom bilan sharaflanganlar: koreyalik Madina

Islom bilan sharaflanganlar: koreyalik Madina
“O‘z ishim bo‘lishiga qaramasdan qo‘shimcha daromad uchun xorijdan kelib koreys tilini o‘rganmoqchi bo‘lganlarga dars o‘tar, darslarim onlayn bo‘lar edi. O‘rganuvchilarning asosini talabalar tashkil etgan. Ularning orasida bir o‘zbek musulmon yigiti ham bor edi. Unga taxminan olti oy dars o‘tdim.

O‘zbek yigitga dars o‘tishimdan oldin ko‘plab kitoblarda islom dini haqida o‘qigandim, chunki musulmonlarning yashash tarzi va ta’lim-tarbiyasi meni qiziqtirib qo‘ygandi. Aynan shu yigit menga islom ta’limoti haqida ko‘plab narsalarni chuqur o‘rgatdi.

Kunlarning birida u menga minnatdorchilik sifatida ko‘rishishni taklif qilib, O‘zbekiston madaniyati haqida gapirib bermoqchiligini aytgan edi. Bizda, ya’ni Koreyada yigit va qizning uchrashishi, birga yashashi erkin qaror sanaladi, bunga nisbatan qarshilik yo‘q. Ammo o‘zbeklarda tamoman boshqacha, oila qurish haqida jiddiy qaror qabul qilinmagunicha uchrashishda tarbiyaviy chegaralar bor ekan.

Biz shuning uchun ham do‘stona uchrashganmiz. Munosabatlarimizda meni ko‘proq uning tarbiyasi qiziqtirar edi, men ham u kabi shunday musulmon bo‘la olarmikinman degan xayollar ham bo‘lgan. Ammo bunga o‘zimning ishonchim komil emasdi, chunki alkogolsiz va ularda taqiqlangan, ammo bizda doimiy iste’mol qilinadigan cho‘chqa go‘shtini yemasdan yashay olamanmi, bunga ota-onam va do‘stlarim qanday fikr bildirisharkin, degan savollar qiynardi. Men ishlaydigan kompaniya islomga o‘tganimdan keyin u yerda namozni ado etishimga ruxsat berarmikin, deb uzoq o‘ylardim.

Ammo musulmon yigitning qat’iyligi va bergan maslahati meni hayratda qoldirdi. O‘shanda uning agar Yagona zot – Alloh uchun uchun hammasiga sabr bilan harakat qilsang va unga ishonib imon keltirsang, albatta, buning uchun mukofotlanasan, degan so‘zlari hech qachon esimdan chiqmaydi.

Bu yigit islom dinini qabul qilishimda katta o‘rnak bo‘lgan va menda kuchli taassurot qoldirgan. Nihoyat duch kelishim mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarga qaramay, yolg‘iz Alloh uchun buni yengib o‘tishga qaror qildim. Islomni qabul qilgach, o‘zimga Madina ismini tanladim. Shundan so‘ng u oilam bilan tanishib, oila qurishga roziliklarini olmoqchiligini, unikilar ham bunga roziligini aytdi. Men ham ota-onamga unga turmushga chiqmoqchiligimni aytdim.

Menga oson bo‘lmagan, albatta. Ayniqsa, hijob kiyish. Men undan nega bunday kiyinish kerak, deb so‘radim, buni qabul qilish va moslashishim qiyin bo‘lgan. Ammo u buni juda go‘zal ta’riflar bilan tushuntirib berar edi, bunda majburlov yo‘qligini, to‘g‘ri yo‘lni inson o‘zi anglashi kerakligini aytardi. Meni ta’sirlantirgan va haqiqiy baxtga yetish uchun qiyinchilikni yengib o‘tishimga yordam bergan narsa bu islomda oilaga nisbatan muqaddas qaralishi, halollikka intilib yashash bo‘lgan.

Chunki Koreyada yoshlarning oilaga nisbatan qarashlari bunday jiddiy emas, istaklariga qarab ish tutishadi. Biz oila qurdik. Bilasizmi, insonning yonida shunday suyanadigan insoni bo‘lishini hamma ham istaydi, men shunday baxtga yetishdim. Oila aslida qanday ne’mat ekanligini angladim.

Ammo muammolar bo‘lardi, masalan, ishlaydigan joyimda hijobga ruxsat etilmas, u yerda namozni ado etishga juda qiynalardim, imkoni bo‘lmay qolgan paytlari ham ko‘p bo‘lgan. Ramazon kunlarining biri edi, biz erim bilan ro‘za tutgandik, kompaniyamda esa bazm bo‘lib qoldi, bu menga kelgan sinovlardan biri edi deb bilaman. O‘shanda dasturxonda dinimga to‘g‘ri kelmaydigan ichkilik va yeguliklar bor edi, ammo men ro‘zamni buzmadim, sabrlilardan, qat’iyatlilardan bo‘lishga harakat qildim.

Ba’zi sabablarga ko‘ra tutgan ro‘zamni buzgan va namozni ado qilolmay qolgan paytlarim ham bo‘lgan, bunga majbur bo‘lardim va uyga kelib qattiq yig‘lardim. O‘sha vaqtlarda musulmonchilik qanday ekanligini anglaganimni hali-hanuz his qilganman. Koreyada u yerdagi musulmonlar kabi tartib bilan hayot kechirish juda qiyin, ammo erimning menga bunday vaqtlardagi yordami katta.

Islomda ayolning erini va erning ayolini tushunishi, bir-birlarini boricha qabul qilishi bu juda ajoyib. Yonimda shunday – meni tushunadigan insonning borligi katta baxt. Men halol taomlarni pishirishni o‘rgandim. Ko‘p musulmonlarni mehmonga chaqiraman. Biz turmush o‘rtog‘im bilan birga ishlayapmiz, orzularimizdan biri Madina shahrini ko‘rishdir, ismimni shunday tanlaganim bejiz emas”.

Koreyalik Madina
Shahnoza Jo‘ramurodova tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Islom bilan sharaflanganlar: koreyalik Madina