13:23 / 28.07.2020
3 367

Jefri Lang: "Mening ilk namozim va unda nafsim bilan kechgan jang..."

Jefri Lang: "Mening ilk namozim va unda nafsim bilan kechgan jang..."
Bu hikoya AQSHdagi Kanzas universiteti matematika o‘qituvchisi, professor Jefri Langning “Men musulmon bo‘lgan kun” nomli kitobidan olindi. Unda professor Islom dinini qabul qilgach, birinchi o‘qigan namozi haqida yozadi: “Musulmon bo‘lgan kunim masjid imomi menga namoz o‘qish tartib-qoidalari haqidagi kitobcha hadya qildi. Buni ko‘rgan ba’zi musulmon o‘quvchilar: “Nafsingizga og‘ir keladigan ishlarda shoshilmang, sekin-asta o‘rganib olasiz”, deyishdi. Men esa hayron bo‘ldim: namoz o‘qish shunchalik qiyin ishmi? Shu o‘y bilan bir narsaga qaror qildim – besh vaqt namozni o‘rganib, bugundanoq o‘qishga kirishaman!

O‘sha kuni nim qorong‘i xonamda o‘tirib olib, kitobchadagi suratlarni, duolarni o‘qib chiqdim, namozdagi amallarni o‘zlashtirishga, suralarning arabcha o‘qilishi bilan birga inglizcha ma’nolarini tushunishga harakat qildim. Namozga tayyor ekanimga ishonch hosil qilganimda tun yarimlab qolgandi. Demak, xufton namozidan boshlayman. Tahorat olish uchun yuvinish xonasiga kirdim, kitobga qarab-qarab tartib bo‘yicha shoshilmay tahorat oldim. Keyin xonaga kirdim. Qiblani taxmin qilib, xona o‘rtasiga joynamoz soldim.

Lekin shu payt eshik ochiqmasmikan, degan xavotir xayolimdan o‘tdi. Borib qaradim, yopgan ekanman. Namozga turdim, chuqur nafas oldim. Keyin qo‘llarimni ko‘tardim. “Allohu akbar” deb takbir aytdim-u, ovozimni hech kim eshitmayaptimi, degan xayol bilan derazaga qaradim. Parda ochiq edi. O‘sha zahoti deraza oldiga bordim, meni kuzatishmayaptimikan, deb tashqariga qaradim, hech kim yo‘q. Pardani yaxshilab yopib, namozga qaytdim.

Avval Fotihani, ortidan qisqa suralardan birini o‘qidim (Arabcha o‘qishga juda qiynaldim. Agar o‘shanda biron arab meni eshitsa, hech narsani tushunmasdi). So‘ng past ovoz bilan takbir aytdim, ruku’ qildim, qo‘limni tizzam ustiga qo‘ydim. Shu paytgacha belim hech kimning qarshisida bunchalik qayishmagandi. Uch marta “Subhaana robbiyal aziym”, keyin qaddimni tiklab, “Samiallohu liman hamidah, robbanaa lakal hamd”, dedim. Yuragim urishi tezlashdi, hayajonim ortdi. Endi sajdaga navbat kelgandi.

Bezovta nigohlarim sajdagohga qadaldi: “Nahotki men xojasi huzuridagi qulday qo‘llarimni, tizzamni yerga qo‘ysam?! Nahotki o‘zimni o‘zim xor qilib, burnimni yerga ishqasam?! Yo‘q, bunday qilolmayman!” Shu o‘ylar bilan joyimda mixlangandek o‘tirib qoldim. Turib ketay desam, oyoqlarim qotib qolgandek edi. Vujudim o‘zimga bo‘ysunmadi. Xo‘jayini oldida bosh eggan xizmatkordek peshonamni sajdaga qo‘ya olmasdim.

Chunki bunday qilishni xorlik deb bilardim. Bu holatimni ko‘rsa, yaqinlarim meni masxaralashini o‘yladim, quloqlarim ostida do‘stlarimning qahqahalari eshitilayotgandek bo‘ldi: “San-Fransiskoda arablar ko‘payib, sho‘rlik shu ahvolga tushib qolibdi” deganga o‘xshash so‘zlarni o‘ylab, nochor holatda turardim. Biroz taraddudlangach, parokanda xayollarni bir chetga surib, “Yo‘q!” dedim o‘zimga, “Boshladimmi, ortga qaytmayman! Yordam ber, Alloh!” deya o‘zimni majburlab egildim, boshimni sajdaga qo‘ydim, burnim yerga tegdi. Uch marta “Subhaana robbiyal a’laa” dedim. Sajdadan boshimni ko‘tarib o‘tirdim. Keyin yana sajdaga bordim. “Allohu akbar” deya o‘rnimdan turarkanman, g‘ururim bilan tinmay bahslashardim...

Keyingi rakatlar, sajdalar ancha oson kechdi. Ikki yonimga salom berayotganimda vujudimda qattiq horg‘inlik his etdim. Voajab, namoz o‘qish shunchalik mushkul ishmi? O‘tirgan joyimda nafsim bilan kechgan jangni o‘yladim. O‘zimni go‘ѐ katta bir janggohda g‘olib chiqqan pahlavondek tasavvur qildim. Shu o‘ylar xaѐlimga kelishi bilan borlig‘imni uyat, pushaymonlik hislari qamrab oldi, boshim egildi. Keyin yig‘lay boshladim: “Yo Alloh, johilligimni, manmanligimni avf et. O‘zingga ma’lum, men uzoq yo‘l bosib keldim. Bu yorug‘ yo‘l boshidaman. Oldimda yana bosib o‘tishim zarur uzoq yo‘l turibdi. O‘zing madadkor bo‘l...

Shu tariqa titroq ichida qolgan tanamga yoyilgan rohatbaxsh halovat vijdonimgacha yetib keldi, go‘yo Alloh taoloning rahmati tanamdagi kichik zarralargacha qamrab oldi. Qalb tubidan chiqqan, vasf etish qiyin bir epkin vujudimni egalladi. Seskanib ketdim. Ko‘z o‘ngimda go‘yo cheksiz rahmat ummoni mavj urardi. Shunda o‘zim bilmagan holda ko‘zlarimdan yosh oqa boshladi. Juda totli yig‘i edi bu. Ko‘zyoshlarim oqqani sari ichimga sizib kirayotgan rahmat ummoniga g‘arq bo‘layotgandek sezardim o‘zimni.

Go‘yo baland bir to‘siq ochilib, ichimdagi g‘am-qayg‘u sel kabi oqib ketardi. O‘sha paytdagi hissiyotlarim izohini endi topgandekman: biz chin dildan tavba qilganimizda Alloh azza va jalla gunohlarimizni kechirar, qalbimizga shifo berar ekan... Boshim egik holda uzoq o‘tirdim. Butun tanamda ajib bir tarovat hukm surardi. Shu damda Alloh taologa, namozga juda muhtojligimni, endi ularsiz yashash imkonsizligini tushundim.

O‘rnimdan turarkanman, duoga qo‘l ochdim: “Ey Alloh, agar men Senga yana kufr keltirishga jur’at etsam, jonimni ol, toki huzuringga imonim bilan boray. Xato-kamchiliksiz yashash juda qiyinligini bilaman. Shu daqiqalardan ishondimki, Sening borligingni inkor etadigan bo‘lsam, hayotning menga keragi yo‘q. Sensiz hatto bir kun ham yashay olmayman!

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Jefri Lang: "Mening ilk namozim va unda nafsim bilan kechgan jang..."