22:00 / 17.09.2020
1 651

Olimlar uyquga to‘ymaslik yana qanday oqibatlarga olib kelishini aniqlashdi

Olimlar uyquga to‘ymaslik yana qanday oqibatlarga olib kelishini aniqlashdi
Foto: «Inspiritpsychology.com.au»
Haddan tashqari kam uxlaydigan odamlar kundalik voqealardan zavq olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishadi. Britaniya Kolumbiyasi universiteti psixologlari 33 yoshdan 48 yoshgacha bo‘lgan ikki mingdan ziyod ko‘ngillida so‘rovnoma o‘tkazgach, shunday xulosa kelishgan, deya xabar berdi «Health Psychology».

Ishtirokchilardan har kuni qancha uxlashi, keyingi kuni o‘zini qanday his qilishi, aniqrog‘i, birorta voqea ularda qanday his-tuyg‘ularni uyg‘otgani so‘raldi.

Tungi uyqu yetti soatdan kam davom etganda keyingi kuni ishtirokchi avval quvonch bag‘ishlagan voqea-hodisalardan kamroq zavq olishi oydinlashdi. Biroq odam to‘yib uxlagan zahoti o‘sha voqealardan yana xursand bo‘la boshlagan.

«Odamlar birorta ijobiy tuyg‘uni his qilganda, masalan, quchoqlaganda yoki vaqtini tabiat qo‘ynida o‘tkazganda odatda o‘zlarini baxtiyor his qilishadi. Biroq odatdagidan kamroq uxlagan odamlarga hatto yoqimli voqealar ham zavq bag‘ishlamay qo‘yadi», — dedi psixologiya kafedrasi dotsenti Nensi Sin.

Olimlarning ta’kidlashicha, uyquning davomiyligi bilan jizzakilik va tushkunlik kabi salbiy kechinmalar o‘rtasida bog‘liqlikni topa olishmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)