21:05 / 22.09.2020
1 791

Shakardan voz kechilsa organizmda qanday o‘zgarishlar yuz beradi?

Shakardan voz kechilsa organizmda qanday o‘zgarishlar yuz beradi?
Foto: «Domashniy Ochag»
Psixoterapevt shifokor, AQSHning funksional tibbiyot instituti (IFM) a’zosi Mixail Gavrilov, shakar iste’mol qilinmasa organizmda qanday o‘zgarishlar yuz berishiga to‘xtalib o‘tadi.

Vazn tashlanadi
Shakarning me’yoridan ortiq iste’mol qilinishi, yog‘li taomlardan ham ko‘proq semirishga sabab bo‘ladi. Yog‘ murakkab molekula, organizm uni hazm qilishi uchun vaqt kerak. Glyukoza esa parchalanmaydi. Shu sabab ham glyukoza yog‘ga qaraganda zaxirada ko‘proq to‘planadi.

Taomga qaram bo‘lmaslik
Shirinlikka odam kokaindan ko‘ra 8 marta tez qaram bo‘lishi mumkin. Shirinlik iste’molidan keyin ta’m bilish bilan bog‘liq asab hujayralari opioid va endorfin ishlab chiqarilishiga signal beradi va bu og‘riq va stressni kamayishiga olib keladi. Kayfiyatni ko‘tarilib, inson o‘zini yaxshi his qilishiga sabab bo‘lgani uchun shirinliklarga qaramlik rivojlana boshlaydi. Bu esa ishtaha ochilishi, me’yoridan ko‘proq ovqatlanishga olib keladi.

Qandli diabetga chalinish xavfi kamayadi
Shakar iste’mol qilinganda qonda glyukoza ko‘payib, insulin ishlab chiqarilishi tezlashadi. Bu esa hujayralarning insulinga bo‘lgan ta’sirchanligi yo‘qolishiga olib keladi, qondagi glyukoza esa kamaymaydi. Giperglikemiya — qonda glyukozaning me’yordan ko‘payishi esa ikkinchi turdagi qandli diabet rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Aterosklerozga chalinish xavfi kamayadi
Shirinlik iste’mol qilishni yaxshi ko‘rish oqibatida ateroskleroz kuzatiladi. Glyukoza ta’sirida qon-tomir devorlari yallig‘lanadi. Yallig‘langan qismda «yomon xolesterin» to‘plana boshlaydi va bu tromb paydo bo‘lishiga olib keladi.

Ko‘rinishingiz yaxshilanadi
Shakar muntazam ravishda iste’mol qilinganda, hujayralardagi oqsillar bilan reaksiyaga kirishadi va oqsil glikatsiyasi kuzatiladi. Bu esa to‘qimalarni zararlab, a’zolar funksiyasi buzilishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, teriga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi va oqibatda terida erta qarish alomatlari sezila boshlaydi. Yuzga erta ajin tushishini oldini olish va yosh ko‘rinish uchun ratsiondan shakarni qisqartirish tavsiya qilinadi.

Ko‘p shamollash kuzatilmaydi
Shakarning me’yordan ortiq iste’mol qilinishi, organizmni virus va turli bakteriyalardan himoyalaydigan immun sistemasiga ham ta’sir ko‘rsatadi va sustlashishiga olib keladi. Kamaytirilganda esa immunitet past bo‘lmagani uchun avvalgidek tez-tez shamollash kuzatilmaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)