00:20 / 31.10.2020
870

Atrofimizda koronavirus izg‘ib yurganda bu biz uchun juda muhim

Atrofimizda koronavirus izg‘ib yurganda bu biz uchun juda muhim
Foto: «Yandex»
Sog‘liq bevosita immun tizimi faoliyatiga bog‘liq. Ayniqsa, atrofimizda turli infeksiya va viruslar, jumladan, koronavirus izg‘ib yurgan paytda bu juda muhim. Immunitet tananing uchinchi, ehtimol, asosiy tartibga soluvchi tizimi ham bo‘lishi mumkin. Qolgan ikkitasi – nerv va endokrin tizimlar. Ular birgalikda ishlaydi. Birida muammo yuzaga kelsa, butun tanada nosozliklar kuzatilishi muqarrar.

Inson immuniteti nihoyatda mo‘rt: ekologiya, stress va noto‘g‘ri ovqatlanish uni har kuni yemirib boradi. Shamollash mavsumida organizmga ko‘maklashish uchun mutaxassislar taomnomani yaxshilashni maslahat berishadi.


Immunitetni tushiruvchi omillar
Yomon ekologiya: suv, havo, insektitsidlar, gerbitsidlar, radionuklidlar. Ota-bobolarimiz bizga nisbatan yaxshiroq ekologik sharoitlarda yashashgan, shu sababli yelvizakda shamollab qolishmagan va bir qultum suvdan anginani orttirib olishmagan.

Ovqatlanish. Tarkibida qariyb 1000 dan ortiq konservantu stabilizator, bo‘yoq va yumshatkichlar bo‘lgan sifatsiz, sun’iy, zaharlangan, marinadlangan taomlar hamda qand miqdori mo‘l mahsulotlar immunitetni, ya’ni himoya tizimlarining tashqi omillarga qarshi kurashuvchanligini zaiflashtiradi. Gomeostazimizni izdan chiqaruvchi, qand o‘rnini bosuvchi moddalar bilan nordon, shirin, vishillaydigan ichimliklar hujayra va hujayralararo suv muhitini zaharlab, immunitetni ishdan chiqaradi.

Ayollar immunitetiga och qolish va doimiy parhezlar qaqshatqich zarba beradi. Immunitetga ortiqcha vazn ham, uning yetishmasligi ham halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, ham och qolmaslik, ham ko‘p ovqat yeb qo‘ymaslik kerak.

Vitamin va mikroelementlar tanqisligi. Rux va selen singari fermentlar almashinuvida qatnashuvchi hayotiy zarur mikroelementlar yetishmovchiligi. A vitamini tanqisligi yot oqsil kirib kelishiga tananing immun ta’sirini susaytiradi. V guruhidagi vitaminlar jismoniy stress chog‘ida va kuch-quvvatdan qolganda immun faollikni rag‘batlantiradi. V vitamini birdan kamayib ketganda organizmning infeksiyalarni nobud qiluvchi antitanachalar ishlab chiqarishi sezilarli kamayadi. S vitamini tanqisligi immunitetga turlicha salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin: himoya kuchlarining patologik holatlar haqidagi signallarga ta’sirini zaiflashtiradi, infeksiyalarga qarshi kurashuvchi antitanachalar ajralish tezligini qisqartiradi.

Antibiotiklar. Nemis shifokorlari tadqiqotiga ko‘ra, har qanday antibiotik (hatto ko‘rsatmaga binoan qabul qilinganlari ham) immunitetni 50 – 75% qisqartirar ekan. Shu tufayli maslahatimiz: zinhor o‘z bilganingizcha davolanmang va dorixonalardan «tanish» antibiotiklar xarid qilmang. Hatto ular retseptsiz sotilayotgan bo‘lsa ham! Shifokor buyurgan antibiotiklar qabulini cheklash nihoyatda muhim, biroq tarkibida antibiotiklar bo‘lgan go‘sht iste’molini cheklash yanada muhim.

Faqat o‘zingiz ishonadigan do‘konlardan tabiiy mol va parranda go‘shtlarini xarid qiling. Ayrim ishlab chiqaruvchilar parrandasi tezroq kattalashishi uchun ularni antibiotiklar bilan boqishadi. Ba’zi mutaxassislar fikricha, antibiotiklar qushlarni kasalliklardan himoya qilar ekan. Biroq tibbiyot xodimlari so‘zlariga ko‘ra, bunday antibiotiklarning ortiqchasi immunitetni pasaytirishi va antibiotiklarga bardoshli bakteriyalar paydo bo‘lishiga olib keladi.

Stresslar. Doimiy stresslar... Stresslardan qochib qutulib bo‘lmaydi – ularga qarshi tura bilish kerak. Stress bilan saraton kasalliklari o‘rtasida bog‘liqlik borligini ehtimol bilmassiz.

Virusli infeksiyalar, mikroblar, bakteriyalar. Tajovuzkor bakteriya, virus, zamburug‘ va boshqa parazitlar. Oxirgi paytlarda parallel olamning tajovuzkorligi ortgan. Hatto avvallari shartli patogen hisoblangan bakteriyalar ham o‘z tajovuzkorligini namoyon eta boshlagan. Mikrobiologlar hisob-kitobiga ko‘ra, oddiy oshxona gubkasida taxminan 320 millionta kasallik qo‘zg‘ovchi bakteriya bo‘lib, ulardan chamasi 3000 tasi avval qo‘l, keyin esa og‘izga tushadi. Buncha miqdordagi mikroorganizm har qanday kasallikni rivojlantirish uchun kifoya qiladi.

Surunkali uyquga to‘ymaslik. Yana bir xavfli omillardan biri sanaladi.


Immunitetni ko‘tarishga xizmat qiluvchi 7 talab
Sog‘lom bo‘lishni istaysizmi – turmush tarzingizni o‘zgartiring. «Divanda yotish yo‘q, jismoniy mashqlarni bajarish va toza havoga chiqish!» shioringiz bo‘lsin. Stress – immunitetning asosiy dushmani, uni iloji boricha o‘zingizdan uzoqlashtiring va bo‘lar-bo‘lmasga asabiylashmang. Imkon qadar ijobiy fikrlang. Biroq immunitetni mustahkamlashni albatta oziq-ovqatdan boshlang.

Vitamin va minerallar
Immun tizim uchun eng muhim vitaminlar: A, B5, C, D, F, PP;

O‘simlik ozuqalarining deyarli hammasi, ayniqsa, sariq va qizil ranglilari (sabzi, qizil bulg‘ori, qovun, pomidor, qovoq) tarkibida tanada A vitaminiga aylanuvchi beta-karotin mavjud. A vitamini va karotinlar immun kuchining antigenlar hujumi reaksiyasiga javob beradi; yana ular qaysidir darajada saraton kasalliklaridan himoyalaydi.

S vitaminining asosiy manbalari barchaga ma’lum: qora smorodina, na’matak, sitruslar, chakanda, petrushka, nordon karam, limon. Mazkur vitamin tanqisligi antitanachalar ishlab chiqarish tezligini qisqartiradi, uning taom bilan yetarlicha tushishi esa to‘laqonli immun hujayralar ajralishi kafolatidir.

V guruhidagi vitaminlar pista, qora non, yong‘oq, grechixa, dukkaklilar, undirilgan bug‘doy, qo‘ziqorin, pishloq tarkibida bor. Ye vitamini yong‘oq, pista va undirilgan bug‘doyda bisyor – hujayralardan himoya qiluvchi antioksidantlar. Ye vitaminining boshqa manbai – rafinadlanmagan o‘simlik yog‘i.

Minerallar. Selen, rux, magniy, kalsiy, temir, yod, marganets. O‘simlik mahsulotlaridan tarkibida mineral moddalar ko‘pligi bo‘yicha yetakchilari: yong‘oq, dukkaklilar, pista, yormalar, kakao va achchiq shokoladdir.

Ovqatlanish
To‘laqonli oqsil: go‘sht, baliq, dukkaklilar. Go‘sht yoki baliqni har kuni, loviya, no‘xat yoki yasmiqni haftasiga 1-2 bor iste’mol qilish kerak;

Sabzavotlar, mevalar va rezavorlar. Sabzi, lavlagi, karam, loviya, turp, qizil bulg‘ori, anor, mayiz, olxo‘ri, bargak, olma, qizil uzum, yong‘oq, yelqalampir, sarimsoq, piyoz, shuningdek, quyuq sharbatlar (uzum, lavlagi, pomidor, anor).

Dengiz mahsulotlari. Baliq va dengiz mahsulotlari tarkibidagi to‘yinmagan yog‘ kislotalari tana himoya kuchlarini oshiradi. Ammo uzoq vaqt issiq bilan ishlov berilganda foydali moddalar parchalanib ketadi. Ayniqsa, kalmar va dengiz karami ayni muddao.

Tarkibida kaliy mavjud mahsulotlar. U po‘sti bilan pishirilgan kartoshka, o‘rik, yong‘oq, grechixa va suli yormalarida mo‘lroq.

Sut-qatiq mahsulotlari. Tarkibida tirik bakteriyalar borlarida ko‘p. Xilma-xil biokefirlar va bioyogurtlar interferon ajralishini kuchaytiradi. Shunday ekan, ularni qo‘rqmasdan ichish va hatto salat va yaxna sho‘rvalarga qo‘shish mumkin. Ular tarkibidagi metionin tanadan radionuklidlarni chiqarib yuborishga ko‘maklashadi.

Ko‘k choy. Organizmdan radionuklidlarni chiqarib yuboradigan eng yaxshi vosita.

O‘ta foydali. Taomnomaga brokkoli, sabzi, bioqo‘shimchali sut mahsulotlari, qulupnay, kivi, qovoq, losos, kedr yong‘og‘i, zaytun yog‘i, kurka go‘shti, sitrus mevalarni ko‘proq kiriting. Taomga ko‘katlardan mo‘lroq qo‘shing: petrushka, shivit, selderey... Qovoq, qovoqcha, patissonni muntazam iste’mol qilish ajoyib samara beradi.

Probiotiklar
Tanada foydali bakteriyalar sonini oshiruvchi mahsulotlardan ko‘proq iste’mol qilish lozim. Ular probiotik mahsulotlar sifatida ommalashgan va bu ro‘yxatga piyoz, ko‘kpiyoz, sarimsoq, artishok, banan kiradi.

Tabiat ne’matlari
Quyidagilar immunitetni ko‘taruvchi tabiiy vositalar sanaladi: exinatseya, odamgiyoh, qizilmiya, eleuterokokk, limono‘t... Dorivor giyohlar damlamasini ham davolash, ham profilaktika maqsadida ichish mumkin.

Chiniqish
Suzish, chayinish va kontrast dush chiniqishga yordam beradi. Yuqori va past haroratni galma-gal almashtirish – immun tizimi uchun ajoyib mashg‘ulot. Hammom va saunalar ham ajoyib toblash xususiyatiga ega. Mabodo u yerga borishga imkoningiz bo‘lmasa, oddiy kontrast dush qabul qiling. Dushdan keyin nam mochalka yoki dag‘al sochiq bilan badanni ishqalashni unutmang.

Faol turmush tarzi
Foydali jismoniy mashqlar: gimnastika, aerobika, fitnes, yugurish, suzish, ko‘p piyoda sayr qilish, sheyping, trenajyorlar... Bunday xilma-xillikdan, shubhasiz, ta’b, kayfiyat va cho‘ntakka qarab foydalansa bo‘ladi. Lekin me’yorni unutmang! Haddan tashqari zo‘riqishning immunitet uchun zararligi isbotlangan.

Tinchlanish
Ishdan uyga qaytgach, divanga cho‘ziling, ko‘zlarni yuming va yoqimli narsalar haqida o‘ylang, chuqur, bir tekis nafas oling. Mayin musiqa tinglasangiz ham bo‘ladi. Bu kun davomida yig‘ilib qolgan charchoqni tarqatadi va stressning immunitetni yengishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Shohida Isroilova tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)