20:00 / 15.11.2020
3 821

O‘zbek mahsulotlarini dunyoga olib chiqayotgan tadbirkor qiz hikoyasi

O‘zbek mahsulotlarini dunyoga olib chiqayotgan tadbirkor qiz hikoyasi
2017 yilgacha Malayziyada yashagan Dildora Otajonova o‘zining ta’biri bilan aytganda, «O‘zbekistonda rivojlana olishiga ko‘zi yetmaydigan o‘smirlardan biri» edi. U vizasini almashtirish uchun qaytib kelgach, vaqtincha agrofirmaga ishga kirdi va bu uning fikri, rejalarini o‘zgartirib yubordi.

Avvallari nafaqat O‘zbekistonda, balki g‘arbda ham ayol kishi qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik qilishini tasavvur qilish qiyin edi. Lekin hozir dunyo bo‘ylab agrar sohada o‘z muvaffaqiyatli biznesini boshlab, yutuqlarga erishayotgan ayollar ko‘paymoqda.

Yurtimizda ham shunday ishbilarmon ayol-tadbirkorlar yo‘q emas. Ulardan biri – bugungi suhbatdoshimiz Dildora Otajonova yosh bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga eksport qilish bo‘yicha biznes loyihaga asos solgan.

Hozirda uning boshqaruvidagi «Teodora Goods» kompaniyasi mahalliy dehqon va fermerlar hamda xorijlik xaridorlar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishda ko‘prik vazifasini bajarmoqda.

Tadbirkorlik tomon ilk qadam
— «Teodora Goods» kompaniyasi 2018 yilda ochilgan, biroq mening dastlabki tadbirkorlik faoliyatim 16 yoshimda boshlangan. Internetda e’lon berib, o‘zimning «Erudit» nomli maktabimga beshta o‘quvchini qabul qilganman. Darslarni kunora uyimiz mehmonxonasida o‘tar edim. O‘sha vaqtda birinchi maoshimni ishlab topganman.

Darvoqe, undan ham oldinroq uylarni yig‘ishtirib, pul topganimni ham hisoblamasa... (kuladi) Onam ba’zan uyni tozalaganim uchun pul to‘lar edilar. Kim bilsin, balki aynan shu kabi kichik tajribalar yoshligimizdanoq o‘zimiz mustaqil mehnat qila olishimiz mumkinligiga katta ishonch bergandir.

«O‘zbekistonga qaytish umuman rejamda yo‘q edi»
— 2017 yilgacha Malayziyada yashadim va O‘zbekistonga qaytishni mutlaqo istamaganman. Men o‘zimizning mamlakatimizda rivojlana olishiga ko‘zi yetmaydigan o‘smir yoshlardan biri edim, desam adashmayman. Biroq kunlarning birida vizamni yangilash uchun O‘zbekistonga qaytdim.

Uyda vaqtimni bekor o‘tkazishni istamadim va vaqtinchalik bo‘lsa ham, agrofirmaga ishga kirishga qaror qildim. Sababi, Malayziyada aynan shu sohada ishlashni boshlagan edim.

Ishlash davomida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish salohiyati qanchalik boyligini tushunib yetdim. O‘z ishimga shu qadar qiziqib ketdimki, Malayziya haqida ham unutib, ortga qaytmadim.

Bir yil ishlab, agrosanoatda tartib o‘rnatishni xohlashimni tushundim. Mavjud kamchiliklarga ko‘z yumgan holda, shunchaki oqim bo‘ylab suzib ketaverishga tayyor emasdim. Shu sababli qandaydir yangilik qilish kerak edi. Shu tariqa, hech qanday sarmoyasiz o‘z kompaniyamni ochishga muvaffaq bo‘ldim.

Mendan juda ham ko‘p so‘rashadi: «Qanday qilib?»

Birinchi shartnoma uchun men 100 foiz oldindan to‘lov oldim. Menda o‘z majburiyat va vazifalarimni a’lo darajada bajarish uchun zarur tajriba bor edi.

Kompaniyamni ochgan vaqtim, ilk buyurtmani birinchi to‘rt oy davomida olaman, deb o‘z oldimga qat’iy maqsad qo‘ygan edim. Biroq buyurtmani ikki haftadan so‘ng olishga muvaffaq bo‘ldim. Barchasi shu tariqa boshlanib ketdi.

Birinchi buyurtma
— Mening dastlabki buyurtmam 20 tonnali yong‘oq edi. Talab – yong‘oq yarim bo‘lagi 90 foizgacha butun bo‘lishi kerak edi. Yong‘oqning yarmi qanday ko‘rinishda bo‘lishini hamma bilsa kerak. Agar u parchalanca, «chiqindi»ga aylanadi. Bizning vazifamiz esa 90 foiz butun yong‘oq yarmini yig‘ish edi.

Buning uchun bizda kerakli uskunalar yo‘q edi. Barcha 20 tonna mahsulotni biz qadoqlovchilar bilan birga qo‘lda terib chiqqanmiz. Bunga esa roppa-rossa 20 kun vaqtimiz ketgan.

Buyurtma mijozimizning laboratoriya tekshiruvidan 100 foiz o‘tgan. Shu sababli, u muvaffaqiyatli biznes shartnomalarning boshlanishiga katta turtki bo‘lgan. Dildora 2019 yilda «Tadbirkorlik sohasiga qo‘shgan hissasi uchun» yo‘nalishida «Tahsin» mukofotiga sazovor bo‘lgan.

«Eng qiyini – bir qolipda qotib qolgan odamlar bilan ishlash»
— Men paydo bo‘ladigan muammo va qiyinchiliklarga navbatdagi mas’uliyatli vazifadek qarashga odatlanganman. Shu sababli, bugungi kunda oldimdagi murakkab vazifalarni muammolar deb atay olmayman. Biroq ortga nazar tashlaydigan bo‘lsak, eng qiyini insonlar bilan birga ishlash bo‘lgan.

Bilasizmi, ba’zida ish faoliyatim davomida doimo bir xil taktikada ishlab, muvaffaqiyatsizlikka uchraydigan, shunga qaramay, xulosa chiqarmay, hech nimani o‘zgartirishga harakat qilmaydigan juda ko‘p insonlar bilan uchrashdim. Ba’zan shunday fermerlar bilan ishlashimga to‘g‘ri keladiki, ular bilan ish tarkibiga yangi texnologik jarayonlarni olib kirish juda ham qiyin bo‘ladi.

Baxtimizga, bunday insonlar bilan ishlash zaruriyati kundan kunga kamayib bormoqda.

Nima uchun aynan qishloq xo‘jaligi sohasi

— Men – formula yozuvchi va muammolarni hal etuvchi insonman. Qishloq xo‘jaligi sohasi – bu murakkab va ko‘p darajali vazifa. Uning ustida faqat ishlash va hal etish kerak. Men esa bunda zerikmayman!

Yaqin kelajakdagi rejalar
— Yaqin kelajakdagi rejalarimdan biri – qishloq xo‘jaligi sanoatining barcha ishtirokchilari uchun agroplatformani yaratishni boshlaydigan jamoaning bir qismiga aylanish edi. Bunda yangi ish standartlari yaratilib, barcha jarayonlar avtomatlashtiriladi.

Quvonarlisi, ushbu kelajakdagi «rejalar» allaqachon bizning «bugun»imizga aylandi. Mazkur loyiha ustida hamkorlar bilan birgalikda mehnat qilayotganimizga ham bir oy bo‘ldi. Buning uchun eksportdagi faoliyatimning 90 foizini to‘xtatib turishga to‘g‘ri keldi. Biroq bu loyiha bunga arziydi.

Feruza Avazova suhbatlashdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘zbek mahsulotlarini dunyoga olib chiqayotgan tadbirkor qiz hikoyasi