11:42 / 17.11.2020
2 658

Siz dunyoni yaxshilay olasiz. Buning uchun quyidagi oddiy qoidalarga amal qilsangiz bas!

Siz dunyoni yaxshilay olasiz. Buning uchun quyidagi oddiy qoidalarga amal qilsangiz bas!
Biz ko‘pincha qandaydir adolatsizlikka duch kelamiz yoki dunyoni qanday qilib yaxshiroq qilish haqida o‘ylashga majbur qiladigan vaziyatlarga guvoh bo‘lamiz, deb yozmoqda Gulftoday.ae.

Shunday hollarda ko‘pchiligimiz atrofdagi voqelikka sezilarli ta’sir ko‘rsatish uchun yetarli resurslarimiz yo‘q deb hisoblab, o‘z imkoniyatlarimizni past baholaymiz. Aslida har birimiz kichik xayrli (savob) ishlarimiz orqali dunyoni hech bo‘lmaganda biroz yaxshilashga o‘z hissamizni qo‘sha olishga imkonlimiz. Keling, bugun birgalikda ushbu ezgulik uchun har bir inson foydalana olishi mumkin bo‘lgan bir necha oddiy usullarni ko‘rib chiqamiz. Boshladik.

Olamga salbiy ta’siringizni kamaytiring
Hech narsani yo‘qotmasdan buni amalga oshirishning ko‘plab oddiy yo‘llari mavjud: tabiatga jiddiy zarar yetkazadigan plastmassadan voz kechib, qog‘ozli qadoqdagi mahsulotlarni tanlashingiz mumkin. Shuni ham yodda tutingki, ba’zi chiqindilar (masalan, maishiy elektronika uchun ishlatiladigan ishqoriy batareyalar) maxsus qayta ishlashga muhtoj.

Volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullaning
Ko‘ngilli tarzdagi fidokorona yordam ko‘p sohalarda foydalidir. Masalan, siz ommaviy tadbir yoki hududlarni mavsumiy tozalashni tashkil etishda ishtirok etsangiz bo‘ladi. Muayyan muammolarni mustaqil tarzda hal etish uchun mablag‘ va imkoniyatlari yetishmaydigan Bolalar uylari, shifoxona yoki boshqa tashkilotlarga yordam berishingiz mumkin.

Atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qiling
Har qanday odamda ba’zan yo‘lakda yotgan chiqindini olib, chiqindi qutisiga tashlash fikri paydo bo‘ladi. Lekin ko‘pchiligimiz o‘tkinchilardan xijolat bo‘lib, bunday ishlarni qilishdan tortinamiz. Biroq, bunday harakat uchun sizni hech kim ayblamaydi. Balki shu ishni qilishga o‘zida qat’iyat yo‘qligidan afsuslanishadi, xolos.

Yaqinlaringizga yelka tuting
Agar dunyoni yaxshilamoqchi bo‘lsangiz, o‘z yaqinlaringizdan boshlang. Ehtimol, qadrdon insoningiz sizning maslahatingizga yoki uy ishlarida yordamingizga muhtojdir. Odamlar bunday arzimas yoqimli narsalarni ko‘proq qadrlashadi va ularni sovg‘alardan ko‘ra uzoqroq eslab yurishadi.

Sanoat chiqindilari miqdorini kamaytiring
Oziq-ovqat sotib olayotganda qancha chiqindilar paydo bo‘lishi haqida o‘ylashga odatlaning. Chidamli va uzoq muddatli buyumlarni tanlang va keragidan ortiqcha narsalarni sotib olmang.

Keraksiz buyumlarni tarqating
Ehtimol, sizda yaxshi holatda saqlangan, ammo kiyilmaydigan kiyimlar bordir. Ularni muhtojlarga bering, bu bilan siz ham savobga ega bo‘lasiz, ham shkafingizni ortiqcha buyumlardan bo‘shatib olasiz.

Yaxshi inson bo‘ling
Ko‘p odamlar adolatsizlik, qashshoq mintaqalar, ekologik muammolar va boshqa global masalalar haqida falsafiy fikr yuritadilar. Lekin har bir inson uchun makonimizni yaxshi bir joyga aylantirishning yagona yo‘li atrofimizdagi borliqni ziynatlashdir. Kundalik tafsilotlarni kuzatib borishni boshlang, har bir xatti-harakatingizni yaxshi inson nuqtai nazaridan baholang. Sovg‘alar bering, odamlarga yoqimli so‘zlar ayting, ularga yordam qo‘lini cho‘zing va ular bilan qanday sharoitda muloqot qilishingizdan qat’i nazar, barchaga hurmat bilan munosabatda bo‘ling. Odamlar bir-birini tushunganida va o‘zaro hamkorlik qilganida dunyo yaxshiroq bo‘ladi.

Xayriya ishlarida qatnashing
Dunyoda muhtojlarga yordam ko‘rsatadigan ko‘plab xayriya tashkilotlari mavjud. Albatta, sizning hududingizda ham bunday tashkilot bo‘lishi tabiiy. Faqat ularga qo‘ng‘iroq qiling va qanday yordam kerakligini so‘rang. Bu kichik xayr-ehson yoki ko‘ngillilik bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha ular keyingi mablag‘ yig‘ish uchun jamoatchilik e’tiborini jalb qilishga ehtiyoj sezadi. Hatto ijtimoiy tarmoqdagi oddiy repost ham xayriya loyihasi uchun katta ahamiyatga ega.

Iltifotli bo‘ling
Ko‘pchilik, garchi ular o‘zlariga atalgan maqtovni eshitish naqadar yoqimli ekanligini yaxshi bilishsa-da, boshqalarga xushomad qilishga odatlanishmagan. Bir-biringizni deyarli bilmasangiz ham, suhbatdoshingizga iltifot qilish uchun barcha imkoniyatlardan foydalaning. Asosiysi – samimiylik. Soxta va ehtirosli xushomadning hojati yo‘q. Ammo o‘zingiz bilgan sotuvchi ayolning yangi soch turmagini sezsangiz, uni maqtay olishingizga avval albatta ishonch hosil qiling.

Hammaga va har doim yordam bering
Yaxshi ish qilish imkoniyati doimo bo‘ladi. Biz tez-tez bunday imkoniyatni e’tiborsiz qoldiramiz, chunki shoshqaloqmiz, qo‘rqamiz, uyalamiz, uni uddalay olishimizga ishonchimiz komil emas yoki boshqa biror sabab topamiz. Sabablarning aksariyati uzoqqa cho‘ziladi, chunki biz qo‘rqamiz va noqulay vaziyatlardan qochamiz. Lekin biror odamga sochilgan narsalarini yig‘ishga yordam berish yoki favqulodda qo‘ng‘iroq qilishdan uyalmaslik kerak.

Aziz insoningizga mehringizni eslatib turing
Qadrli insonlaringiz uchun kutilmagan yoqimli syurprizlar qilish orqali ham siz dunyo obodligiga ozgina bo‘lsa-da hissa qo‘sha olasiz. Yaqinlaringiz bilan kichik yozuvlardan foydalangan holda muloqot qilishga urinib ko‘ring. «Men sizni yaxshi ko‘raman» degan oddiy ibora yozilgan xabarchani yostig‘i ostida qoldirsangiz, ko‘zguga yopishtirsangiz yoki ishga borganida ochadigan sumkasiga solib qo‘ysangiz, hayratga tushadi va bu ajoyib samara beradi. Zero, dunyo obodligi ko‘ngil obodligidan boshlanadi.

Har kuni yaxshilik qiling
Hatto kichik bir xayrli ish ham dunyoni yaxshi holatga keltirishi mumkin, chunki bu ijobiy zanjir reaksiyasini keltirib chiqaradi. Kutilmagan va tushunib bo‘lmas mehrga duch kelgan odamning o‘zi ham yanada mehribon va fidoyi bo‘lishga intiladi. Balki bugun bir ezgu ish qilib, bir yilda ming kishi qiladigan mingta yaxshilik zanjirini boshlab berarsiz.

Ijobiy bo‘ling
Ko‘chada yurganda, jamoat transportida ishga ketayotganda yoki navbatda turganingizda, qovog‘i soliq va norozi odamlardan ko‘ra ijobiy odamlar yonida bo‘lish yoqimli ekanligini payqagansiz ehtimol. Har doim ikkinchi guruhda bo‘lishga harakat qiling. Tushkunlikka tushmang, yuzingizda xushmuomalik va deyarli sezilar-sezilmas tabassumni saqlang. Bu nafaqat kayfiyatingizni ko‘taradi, balki atrofingizdagilarga ham ijobiy ta’sir qiladi.

Mavqeidan qat’i nazar odamlarni hurmat qiling
O‘z muvaffaqiyatlari bilan maqtanadigan takabbur odamlar ko‘pincha salbiylik manbaiga aylanadi, chunki ular atrofidagi omadsiz va boshqa kamchiliklarga ega odamlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki pinhona ayblashni yoqtirishadi. Bu esa jamiyatdagi murosasizlik darajasini oshirib, o‘zaro tushunish va hurmat darajasini pasaytiradi. Agar siz dunyoni yaxshiroq holatga keltirishni istasangiz, ijtimoiy mavqei, kasbi yoki daromadidan qat’i nazar, har bir inson hurmatga loyiqligini unutmang.

Daydi hayvonlarni himoyangizga oling
Aksariyat odamlar uy hayvonlarini – mushuk va itlarni ixtisoslashgan do‘konlardan yoki zotli hayvonlarni ko‘paytirish orqali pul topadigan odamlardan sotib olishadi. Ammo ko‘chada qolib ketgan jaydari mushukcha yoki kuchukcha ham ulardan hech yomon emas. Eng asosiysi – uni veterinariya klinikasida tekshirtirib va emlatib olishni unutmang.

Qushlarni oziqlantiring
Derazadan qushlarni tomosha qilar ekansiz, havoda hasharotlar bo‘lmagan va yerni qor qoplangan paytda ular nima bilan oziqlanishi haqida o‘ylagandirsiz ehtimol. Va ular uchun bu haqiqatan ham jiddiy muammo. Issiq o‘lkalarga uchib ketmaydigan qushlarning 70 foizigacha aynan qish paytida nobud bo‘lishi isbotlangan. Siz qushlarni oziqlantiruvchi vositalar o‘rnatish va boshqalarga yaxshi o‘rnak ko‘rsatish orqali bu ko‘rsatkichni kamaytirishingiz mumkin.

Yolg‘iz keksalarga e’tiborli bo‘ling
Albatta, qo‘shnilaringiz orasida pensiyasiga zo‘rga kun kechiradigan qariyalar bor. Ular yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin. Siz shunchaki ular bilan suhbat qilishingiz, ularga nima kerakligi bilan qiziqishingiz yoki sovga olib kelishingiz mumkin.

Do‘stlaringizni hasharga taklif qiling
Birgalikda chiqindilarni tozalash, gulzorlarni tartibga solish, butalarga shakl berish, panjaralarni bo‘yash va shu kabi ko‘p kuch talab qilmaydigan, ammo uyingiz hovlisini toza va sarishta qiladigan yumushlarni bajarish mumkin. Bu esa qo‘shnilar uchun ajoyib namuna, o‘rnak bo‘lishi shubhasiz.

Daraxt eking, bog‘ yarating
Bu oddiy va qisqa muddatli ish bo‘lib, hatto yetti yoshli bola ham qila oladi. Yillar o‘tib, siz ekkan kichik bir nihol ulkan daraxtga aylanadi va yillar davomida havoga minglab kub metr tozalangan kislorod chiqaradi. Demak, shu birgina kichik harakatingiz orqali butun sayyoramiz ekologiyasiga katta hissa qo‘shgan bo‘lasiz.

Xulosa
Yuqorida tavsiya etilgan maslahatlarning hatto ayrimlaridan foydalangan holda ham siz bashariyat uyi – dunyoni yanada yaxshiroq qila olishingiz mumkin. Faqat o‘zingizdan boshlashni unutmang. Global miqyosdagi adolatsizliklarni baland ovozda muhokama qiladigan odamlar ko‘pincha umuman hech qanday foyda keltirmaydi. Aksincha, ulkan ezguliklar oddiy odamlar har kuni qiladigan kichik yaxshiliklardan boshlanadi. Faqat to‘g‘ri qaror qabul qiling va atrofingizdagi dunyoni go‘zallashtirishni hozirdan boshlash. Omad sizga, do‘stim!

Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Siz dunyoni yaxshilay olasiz. Buning uchun quyidagi oddiy qoidalarga amal qilsangiz bas!