20:20 / 18.11.2020
2 632

Oshqozon yarasi o‘z vaqtida davolanmasa, saratonga aylanishi mumkin

Oshqozon yarasi o‘z vaqtida davolanmasa, saratonga aylanishi mumkin
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 14 foizdan ortig‘i oshqozon yarasi xastaligi bilan og‘riydi. Tashvishlanarlisi, asosan 20-40 yosh atrofidagi erkaklarda uchraydigan ushbu xastalik tobora yosharib bormoqda, ya’ni ko‘proq maktab o‘quvchilari, talabalar orasida aniqlanyapti.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu kasallikdan qanday saqlanish, uni aniqlash va davolash usullari haqidagi savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamrabayevadan javob oldi.

— Oshqozon yarasi paydo bo‘lganini qanday aniqlash mumkin?
— Oshqozon yarasi paydo bo‘lganda ko‘pincha qorinning yuqori qismida og‘riq kuzatiladi. Alkogolli ichimliklar va achchiq oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish yoki jismoniy og‘ir ishlarni bajarganda bu og‘riq yanada kuchayadi. Og‘riq kuzatilgan zahoti shifokorga murojat qilish zarur. Shifokorlar esa bemorning boshqa alomatlariga tayangan holda oshqozon yarasi borligi tashxisini qo‘yib, uni aniqlash bo‘yicha zarur tekshiruvlarni o‘tkazadi.

Bundan tashqari, jig‘ildon qaynashi — bemorlar eng ko‘p shikoyat qiladigan belgilardan biri. U odatda ovqatlangandan bir-bir yarim soat keyin sodir bo‘ladi. Shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘ida achchiq yoki nordon ta’m sezilishi, qayt qilish, qorin dam bo‘lishi kabilar ham kasallikning asosiy belgilaridan hisoblanadi.

— Oshqozon yarasini qanday davolash usullari bor?
— Ushbu kasallikni faqat bitta muayyan dori yordamida davolab bo‘lmaydi. Yondashuv kompleksli bo‘lishi, shuningdek, me’da shirasining kislotaliligini kamaytirish talab etiladi, bu juda ko‘p yoqimsiz alomatlarni (ayniqsa, jig‘ildon qaynashi, kekirish va ko‘ngil aynishi) bartaraf etib, asoratlar rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

Ayni kunda mazkur kasallikni davolashning yana bir usuli jarohlik amaliyoti bo‘lib, bu — yaralarning joylashishi, kelib chiqish sababi va holatiga ko‘ra, ushbu a’zoning ma’lum bir qismini operativ yo‘l bilan rezeksiya qilishdan (kesib olib tashlash) iborat.

Operatsiya qilishning ikki yo‘li bor. Ulardan biri Palliativ vaqtinchalik jarrohlik amaliyoti bo‘lib, keksa, nimjon va ahvoli og‘ir bemorlarda o‘tkaziladi. Radikal operatsiya amaliyoti esa yara joylashgan soha sog‘lom to‘qimaga qadar kesib olinib, bemorning bu darddan butkul qutulishiga imkon yaratadi. Hozirgi paytda bunday jarrohlik uslubi yaxshi ishlab chiqilgan.

— Kasallikdan saqlanish uchun nima qilish kerak?
— Oshqozon yarasi paydo bo‘lishiga to‘g‘ri ovqatlanmaslik, uzoq vaqt och yurish, inson salomatligiga zarar yetkazuvchi mahsulotlarni iste’mol qilish hamda kuchli stress holatini boshdan o‘tkazish ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, sog‘liq uchun zararli mahsulotlar, hazm bo‘lishi og‘ir bo‘lgan o‘ta yog‘li, xom pishirilgan taomlardan saqlanish kerak.

Oshqozon yarasi bor insonlar esa, parhez qilishga qat’iy kirishishi talab etiladi. Agar tavsiya etilmagan taomlarni iste’mol qilsa, ularning ahvoli yanada og‘irlashadi. Aksincha davolanish bilan parhezni birdek olib borsa, tezroq sog‘ayishi mumkin. Avvalo, bunday bemorlarga taomlarni o‘ta issiq yoki sovuq holda iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

— Qanday og‘ir oqibatlarga olib keladi?
— Kasallik vaqtida davolanmasa bemorning ahvoli kundan kunga yomonlashib boraveradi. Masalan, yara qonab ketishi mumkin. Bunday holatda hushdan ketish, ba’zan ichakdan qon ketishi yoki qon qusish holatlari yuz beradi. Shuningdek, kerakli tibbiy muolajalar o‘tkazilmasa oshqozon yarasining o‘smaga aylanishi, saratonni yuzaga keltirishi hamda o‘t pufagi kasalliklari, xoletsistit, pankreatit kabi xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun bunday holatlarda bemor o‘z sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor qaratishi lozim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oshqozon yarasi o‘z vaqtida davolanmasa, saratonga aylanishi mumkin