15:00 / 07.02.2021
3 193

Erimning begona ayol bilan yozishgan xatini ko‘rib qoldim…

Erimning begona ayol bilan yozishgan xatini ko‘rib qoldim…
Savol: Turmush qurganimga 7 yil bo‘ldi, ikki nafar farzandim bor. Bir hafta oldin erimning “odnoklassnik” da bir ajrashgan ayol bilan yozishgan sevgi smslarini o‘qib qoldim. Erimga bu haqida aytsam u kishi avvaliga buni hazilga yo‘ydilar, uni shunchaki “o‘ynatayotganini” aytdilar. Mening jiddiy turib olganimni ko‘rgach bu haqiqat ekanini, unga qiziqishi borligini tan oldilar.

Men rosa yig‘ladim, u kishi meni ovutdilar. Erim endi u ayol bilan gaplashmaslikka va’da berdilar. Men esa haligacha o‘zimga kela olmayapman, unutolmayapman va o‘zimni qanday tutishni ham bilmayapman. Dugonalarimning aytishicha erkak kishini darhol kechirmaslik kerak emish. Men esa u kishini o‘sha kuniyoq kechirdim. Va hozir u kishini sevishimni, u kishisiz yasholmasligimni tinimsiy aytyapman. Balki, men noto‘g‘ri qilayotgandirman. Iltimos, bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini o‘rgatsangiz.

Javob: Afsuslar bo‘lsinki, bu kabi vaziyatlar juda ko‘p oilalarda uchrab turibdi. Erkaklarning nega bunday qilayotganining sabablari juda ham ko‘p. Ko‘pincha bunga erkakning xotiniga o‘zini to‘liq namoyon eta olmaganligi va buning o‘rnini ijtimoiy tarmoqlarda to‘ldirishga harakat qilishi sabab bo‘lmoqda. Aksariyat erkaklar o‘ziga ishonchni oshirish va o‘zini ahamiyatli his qilish uchun ham shu yo‘lni tutadilar. Erkaklarda ham xuddi ayollar kabi qarshi jins vakilining u haqidagi ijobiy fikri, o‘zini jozibali ekanini anglash juda muhim. Bu shaxsning ichki nuqsonlari mavjudligi va oiladagi munosabatlarning o‘ta zo‘r emasligidan kelib chiqadi.

Menimcha, siz eringizni kechirib (ayniqsa u kechirim so‘rabdi, vaziyatni to‘g‘rilashga va’da beribdi) juda to‘g‘ri ish qilgansiz, chunki uzoq davom etadigan urush-janjallar sizlarni bir-biringizdan ancha uzoqlashtirib yuborardi. Shundoq ham uning boshqa ayoldan sevgi-muhabbat axtarishi sizlarning o‘rtangizda qandaydir bo‘shliq borligini anglatadi. Uni kattalashtirish shartmi?

Sizning o‘zingizga kela olmayotganingiz va bo‘lib o‘tgan ishni miyangizdan ketkaza olmayotganingiz bu tabiiy. Axir u sizning sevimli eringiz va siz uni yo‘qotishdan qo‘rqayapsiz. Asosiysi, qo‘rquvingiz o‘zingizning ziyoningizga ishlamasin. Eringizga o‘zingizni unga qaram ekaningizni ko‘rsatmang va unga o‘ta bog‘lanib qolmang.

Dugonalaringizga kelsak, er-xotin o‘rtasidagi bunday gaplarni ularga aytmaganingiz ma’qul. Chunki ular buni sizdan eshitib boshqa odamlarga ham aytishlari, natijada eringizning obro‘si va sha’niga futur yetishi mumkin. Axir siz uni sevasiz-ku, uning obro‘si to‘kilishini xohlamaysiz albatta.

Sizga eringizni har bir harakatini nazorat ostiga olishdan saqlanishni tavsiya beraman. Eringizni doim kuzatib yurishingiz va uni bosgan qadami haqida savol-javobga tutishingizning keragi yo‘q. Bu eringizga aslo yoqmaydi va kerak bo‘lmagan joyda ham o‘zini oqlashga majbur qiladi, oqibatda esa sizdan bezdiradi.

Asosiysi, eringizni yo‘qotishdan qo‘rqishingiz va rashkingiz o‘zingizning ziyoningizga ishlamasin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Erimning begona ayol bilan yozishgan xatini ko‘rib qoldim…