00:16 / 16.03.2021
2 804

Baxtli odamlarning 21 odati

Baxtli odamlarning 21 odati
Hammasi oddiydek tuyuladi. Siz yoki baxtlisiz yoki yo‘q, bu holatga ta’sir ko‘rsatolmaysiz. Biroq ixtiyoriy-majburiy ravishda baxtli bo‘lish mumkin ekan. Shunchaki biroz harakat qilib, bir nechta foydali odatni shakllantirish zarur.

Ma’lum bo‘lishicha, har qanday baxtli odamda 21 xil odat bo‘ladi. Bular qanday odatlar ekanini bilishni istaysizmi? Maqolaning davomini o‘qing.

Ular o‘z atrofiga baxtli odamlarni yig‘ishadi
Quvonch yuqumli. “Framingham Heart Study” tadqiqotchilari yigirma yildan ko‘proq vaqt davomida “baxtning tarqalishi”ni o‘rganib, atrofida baxtiyor kishilar bo‘lgan odamlarning kelajakda baxtli bo‘lish imkoni ko‘proqligini ta’kidlab o‘tishdi. Bu — tund do‘stlarning o‘rniga xushchaqchaq odamlar bilan do‘stlashish uchun asosli sabab bo‘la oladi.

Ular jilmayishadi
O‘zingizni quvnoq his qilmayotgan bo‘lsangiz ham, biron yaxshi narsa haqida o‘ylab, bu fikrga kulib qo‘ya qoling. Bu yordam beradi. Lekin soxtalik qilmaslik lozim. Agar siz jilmayib turib, yomon narsani o‘ylayversangiz, yanayam yomon bo‘ladi.

Ular tiklanish qobiliyatini rivojlantirishadi
Ruhshunoslarning gapiga qaraganda, aynan tiklanish qobiliyati — siqilishning antonimi, baxt emas. Baxtli odamlar ruhiy zarbadan qanday o‘nglanishni bilishadi. Bu har bir inson hayotida sodir bo‘ladigan ko‘ngilsizliklarga qarshi o‘ziga xos quroldir. Yapon maqolida “Yetti marta yiqilsang, sakkiz marta tur”, deyiladi.

Ular baxtli bo‘lishga harakat qilishadi
Bu oddiy: shunchaki baxtli bo‘lishga harakat qilish ichki kayfiyatni ancha yuksakka ko‘taradi.

Ular yaxshi narsalarga e’tiborli bo‘lishadi
Uzoq vaqt mobaynida va mashaqqat bilan erishilgan yutuqlarni nishonlash muhim, lekin baxtli odamlar kichkina g‘alabalarga ham e’tibor berishadi. Qandaydir arzimas mayda narsalarni payqashga vaqt sarflaganimizda, o‘zimizni kun davomida yaxshi his qilishimizga imkon beradigan kayfiyatga ega bo‘lamiz.

Ular oddiy huzur-halovatni ham qadrlashadi
Bog‘dagi o‘rindiqda muzqaymoq yeyish, itning qulog‘ini silab qo‘yish, his qilish, kamalakni ko‘rish: baxtli odamlar judayam oddiy, o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan narsalarni juda qadrlashadi. Kichik narsalardan sevinish va ega bo‘lgan hamma narsasiga shukr qilish quvonish hissi bilan bevosita bog‘liq.

Ular vaqtning bir qismini yaxshilikka sarflashadi
Bir sutkaga 24 soat bo‘lishiga qaramay, baxtli odamlar bu vaqtning bir qismini yaxshilik qilishga sarflashadi, axir bu yaxshilik, albatta, qaytadi va ularning hayotiga ijobiy o‘zgarishlar olib kiradi. Ko‘ngilli bo‘lish yoki shunchaki beg‘araz yaxshi ishlar qilish odamning ruhiy holatigagina emas, jismoniy sog‘lig‘iga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday odamlar kamdan-kam ziqnalik holatiga tushishadi. Psixologiyada “yordam beruvchining huzuri”, degan tushuncha mavjud. Chunki yaxshi ishlar — dofamin ajralishi uchun triggerdir.

Ular vaqtni unutishdan qo‘rqishmaydi
Biron murakkab, ilhombaxsh va muhim ishga berilganingizda, “oqim”, deyish mumkin bo‘lgan bir narsani his qilasiz. Baxtli odamlar ma’lum ko‘nikmani talab qiladigan, ularni yo‘naltirib, aniq bir maqsad sari harakat qilishga undaydigan mashg‘ulotlarni qidirishadi. Bunga sabab o‘sha “oqim” ularni “oqizib” ketishi uchun.

Ular bekorchi gaplardan ma’noli muloqotni afzal ko‘rishadi
Kim bilandir shunchaki bir-ikki og‘iz gaplashish yomon emas, lekin jiddiy mavzularda uzoq suhbatlashish — o‘zini xursand va jo‘shqin sezish uchun ajoyib amaliyot. Bu bekorchi safsatadan ko‘ra ko‘proq zavq bag‘ishlaydi. O‘layotgan odamlar ko‘pincha, “tuyg‘ularim haqida gapirish uchun jur’atliroq bo‘lishni istardim”, deb afsuslanishadi. Buni qarangki, biz ko‘nglimizdagi gaplardan ko‘ra ob-havo haqida ko‘proq gapiramiz.

Ular pulni boshqalarga sarflashadi
Pul baxt keltirishi mumkin. Lekin uni faqat o‘zingizga emas, boshqalarga ham sarflaganingizda. Berish olishdan ko‘ra yaxshiroq.

Ular tinglashni bilishadi
Tinglaganingizda yangi bilimlar uchun “ yo‘l ochasiz”. Gapirganingizda esa bu yo‘lni yopasiz. Bundan tashqari, tinglab, o‘zingizga bo‘lgan ishonchni va ularga bo‘lgan hurmatingizni ko‘rsatasiz. Odamlar bunga befarq qarashmaydi, ular sizga nisbatan ijobiy hislarni his etishadi, sizni yana birozgina baxtiyor qiladi. Tinglashni bilish — bu munosabatlarni mustahkamlaydigan ko‘nikma hamdir.

Ular aloqani uzmaslikka urinishadi
SMS yozish, qo‘ng‘iroq qilish yoki ijtimoiy tarmoqlarda biron nima yozib qo‘yish — bu juda tez bitadigan ish. Ammo mamlakatning boshqa chekkasidan do‘stini ko‘rish uchun uchib borish — ancha yaxshiroq. Har qanday inson boshqa odamlarning xayrixohligiga ehtiyoj sezadi, buning uchun esa do‘stlar bilan aloqa qilish kerak. Faqat onlaynda emas. Ijtimoiy tarmoqlar odamni bag‘riga bosish imkonini bermaydi, bu esa baxt uchun juda muhim. Allaqachon isbotlangan.

Ular yaxshi tomonni ko‘rishadi
Optimizm sog‘liqqa juda yaxshi ta’sir ko‘rsatadi: ruhiy ziqlik kamroq bo‘lsa, yurak bilan bog‘liq muammolar kamayib, og‘riq ham susayadi. Agar siz atay hamma narsaning yaxshi tomonini ko‘rishga harakat qilsangiz, demak, sog‘lik va baxtni tanlagan bo‘lasiz.

Ruhshunoslarning aytishicha, pessimistlar ko‘ngilsizik uzoq davom etishiga, erishgan hamma narsalarini yo‘q qilishiga va bu o‘zlarining aybi bilan bo‘lishiga ishonishadi. Dunyoning xuddi ana shunday qiyinchiliklariga duch kelgan optimistlar omadsizlik haqida butkul boshqacha o‘ylashadi. Ular mag‘lubiyat vaqtinchalik holat ekanligiga, bu ularning aybi bilan bo‘lmaganiga (vaziyat, omadsizlik yoki boshqa odamlar) ishonishadi. Bunday odamlarni mag‘lubiyat tashvishga solmaydi. Ular ko‘ngilsizlikni sinov, deb qabul qilib, ko‘proq harakat qilishadi.

Ular yaxshi musiqani qadrlashadi
Musiqada kuch bor. Uqalash kuchi bilan tenglasha oladigan kuch. Mos musiqani tanlash — muhim omil. Quvnoq yoki mahzun qo‘shiq dunyoni qanday qabul qilishimizga ta’sir ko‘rsatadi. Bir tadqiqotda odamlardan suratlarga qarab ularning baxtli yoki g‘amginligini aniqlashni so‘rashgan. Ko‘p holatlarda javob tajribadagilarning o‘sha vaqtda eshitayotgan musiqasi kayfiyati bilan belgilangan. Demak, quvnoq musiqani ko‘proq eshitishga harakat qilish kerak.

Ular tarmoqdan uzilishadi
Texnologiyalar, yangiliklar, axborotning ko‘pligi ma’lum vaqtga kompyuterdan uzoqlashsangiz, planshetni olib ketmasangiz yoki telefonni vaqtincha o‘chirsangiz, hech qayerga ketib qolmaydi.

Ular e’tiqodli bo‘lishadi
Shukr qilish, shafqatli va mehribon bo‘lish — har qanday dinning muhim qismi. “Katta maqsadlar”ning borligi hayotimizga mazmun bag‘ishlaydi. 2009 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, hayotda maqsadi va oliy vazifasi bor, deb hisoblagan bolalar shunchaki yashayotgan tengdoshlaridan baxtliroq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Muhimi, hayotni tartibga solib, ma’nan yuksaltiradigan, doimiy poygadan biroz to‘xtashimizga undaydigan e’tiqod bo‘lishi zarur.

Ular jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishadi
Jismoniy mashqlar odamga endorfin beradi. Endorfin odamni baxtiyor qiladi. Mashqlar miyadagi kimyoviy reaksiyalar tufayli ruhiy ziqlik, bezovtalik, tushkunlik alomatlarini yengillashtiradi. Bundan tashqari, mashqlar o‘z tanamizni qadrlab, uni yaxshi ko‘rishimizga imkon beradi, bu esa yaxshi kayfiyat uchun juda muhim. Qizig‘i, odamlar jismoniy mashqlardan ozmasa ham va yuksak marralarni zabt etmasa ham, baribir o‘zlarini ko‘proq yaxshi ko‘rishadi.

Ular sayr qilishadi
Tabiat — bu ruh uchun yoqilg‘i. Ochiq havodagi hatto yigirma daqiqalik sayr ham kayfiyatga ijobiy ta’sir qiladi. O‘zimizni lanj sezganimizda, qahva damlaymiz, biroq undan ko‘ra shunchaki sayr qilib, tabiatdan quvvat olgan yaxshiroq.

Ular biroz cho‘zilib yotishadi
“Chap yon bilan turish” — o‘ylab topilgan gap emas. Uyquning ma’qul davrida uyg‘onish — kun davomida yomon kayfiyatda bo‘lishdan qutulish yo‘li hamdir. Shifokorlar o‘rindan darrov sakrab turib, yugurishni tavsiya etishmaydi, uyg‘onishni oyoqqa qalqqandan keyin emas, ko‘rpa va yostiqdan iborat qulay joyda boshlagan ma’qul. Va, albatta, to‘yib uxlash kerak.

Ular qahqah urib kulishadi
Kulgi — eng yaxshi dori ekanligini ko‘p marta eshitgansiz. Kulgi miyada o‘zini baxtiyor his qilishga, og‘riq va ziqlik hissini pasaytirishga imkon berib ijobiy gormonlarning ajralishini kuchaytiradi. Muntazam qahqah urib kulgan ma’qul. Miya muntazam kulgidan ta’sirlanadi deyishadi, xuddi tana muntazam mashqlardan ta’sirlangani kabi.

Ular katta qadam tashlashadi
Bu metafora emas. Baxtli odamlarning qadam tashlashi erkinroq, bemalolroq, qadamlari esa kattaroq bo‘ladi. Bu ham miyaga ta’sir qiladi. Biz qanchalik erkin yursak, o‘zimizni shunchalik baxtli his qilamiz. Mayda qadam tashlab, shapillab yurib ko‘ring-chi, o‘zingizni qanday his qilasiz? Ana shunday. Shunday ekan, erkin qadam tashlang!

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baxtli odamlarning 21 odati