19:04 / 20.03.2021
1 413

G‘alati tush yoxud buyuk Xorazm nidosi

G‘alati tush yoxud buyuk Xorazm nidosi
So‘nggi paytlarda yaxshi voqea va hodisalarni asosan tushimda ko‘radigan bo‘lganman. Shunga ham Ollohga shukur deyman. Avvalroq dunyo tibbiyoti va islom diniga tamal toshini qo‘ygan yakkayu-yagona yurt – Buxoroi sharif tushimga kirgani haqida yozgandim. Bu yoqimli tush ijtimoiy tarmoqlarga yashin tezlikda tarqalib ketdi. Mening shaxsiy pochtamga minnatdorchilik xatlari yog‘ildi. Barcha yurtdoshlar bu tushni ham yuksak g‘urur, ham yurakda o‘kinch bilan qayta-qayta o‘qishganini yozishdi.

Buyuk Buxoro tushga kirgandan keyin Xorazm chetda qolarmidi? Tushimda bundan 1000 yil oldin tashkil etilgan Ma’mun akademiyasining xalqaro kengashida qatnashayotgan ekanman. Ma’mun akademiyasi – dunyo miqyosida birinchi bor ta’sis qilingan yakkayu-yagona akademiya! Men ushbu akademiya a’zosi ekanman. Har yili yoz oyida bo‘lib o‘tadigan “Ma’mun mukofoti sovrindori”ni taqdirlash marosimi bo‘layapti. Xalqaro mukofot bilan buyuk kashfiyot qilgan dunyo olimlari taqdirlanarkan. Al Xorazmiyning vasiyatiga ko‘ra 1000 yil oldin ta’sis qilingan ushbu mukofot 5 ta yo‘nalish, ya’ni matematika, fizika, kimyo, tibbiyot va iqtisodiyot bo‘yicha berilarkan.

Kengashga Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Germaniya, Angliya, Fransiya, Ispaniya, Shveysariya, Italiya, AQSH, Kanada, Turkiya, Yaponiya, Misr, Xitoy, Koreya kabi rivojlangan davlatlardan buyuk olimlar tashrif buyurgan. Xorazmshoh taklifiga binoan Angliya va Ispaniya qirollari va qirolichalari ham aziz mehmon sifatida kelishgan. Ular Shohning mo‘’tabar mehmonlari sifatida suvlari marjondek tovlanadigan Shovot kanali bo‘yida joylashgan Shohlar dam oladigan “Shovvotsoy” dam olish maskaniga joylashtirilibdi. Yevropa hanuzgacha vertolyotda uchib yurgan bo‘lsa, bu yurtda yorug‘lik tezligidan tez ucha oladigan “Uchar tarelkalar” uchun mo‘ljallangan maxsus maydonchalar bor ekan.

Iyun oyi. Yoz oyi bo‘lsa-da, iliq shabada esib turibdi. Mehmonlar bir hafta dam olishibdi. So‘ngra yangi kashfiyotlar yaratgan olimlarni taqdirlash marosimi boshlanibdi. Mahobatli Xorazmshoh saroyi. Saroy egallagan territoriya Rim shahridan katta. Shoh saroyining balandligi 30 qavatli binodek. Ostonasidan tortib eshik tutqichi-yu, saroy gumbazlarigacha oltin suvi yurgizilgan va brilliant toshlar bilan bezatilgan qoshinlar ko‘zni quvontiradi. Ulkan saroy to‘rida taxtda Xorazmshoh savlat to‘kib o‘tiribdi, uning o‘ng tomonida ingliz qiroli, chap tomonida ispan qiroli joylashib olgan. Al-jabr sirlarini o‘rganish maqsadida Xorazmshohlar davlatiga Yevropadan tashrif buyurgan Bill Geyts, Ilon Mask, Stiv Jobs, Mark Sukerberg kabi yosh tadqiqotchilar shoh va qirollarga achchiq choy damlab yurishibdi.

Sovrin olish marosimini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun dunyoning turli burchagidan 5000 nafar olimu fuzalo va yosh tadqiqotchilar tashrif buyurishgan. Ularning ko‘z oldida har sohadan 5 ta olim, jami 25 ta olim “Ma’mun mukofoti sovrindori” bo‘libdi va ularni 1 000 000 so‘m pul bilan taqdirlashibdi. Yevropada 1 mln. so‘mning qiymati 1 trln. dollarga teng ekan.

Qadimgi saroy ichida kelajak ufori shundoq ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Zamonaviy ertakning o‘zginasi! Turli tillarda so‘zlayotgan va kuylayotgan raqamlar, kamalak rangida tovlanayotgan gologrammalar. Masalan, inson shaklidagi gologramma yo‘l ko‘rsatkich vazifasini bajaryapti, miyasidagi fikrini shu zahoti o‘zining milliy tilida o‘qib 4D rejimda shakl beradigan gologramma (mening fikrimni boshqa olim bilib qolmasin deb, fikrlamay yurgan olimlar ham bor ekan), o‘zi yurib o‘zi uchadigan raqamlar, inson tiliga kirib so‘zlaydigan tirik qushlar... Ey qay birini aytasiz?

Tantanali taqdirlash marosimi tugagach Xorazmshohlar davlatining qadimiy poytaxti Xiva va boshqa hududlarga sayru sayyohatlar boshlanibdi. Xorazmshohlar yurtida hamma yoq raqamlashib ketgan. Inson tasavvuriga sig‘maydigan bu kashfiyotlarning adog‘i yo‘q.
Hayratdan yoqasini ushlagan yaponiyalik matematik chuqur o‘yga tolibdi: Ha! Xorazmshohlar davlati raqamlashmay, yaponlar raqamlashsinmi? Axir, 0 dan 10 raqamigacha bo‘lgan sonlarni bundan 1000 yil oldin ular kashf qilgan-ku! Raqam! Raqam va yana raqam! Axir bu dunyoni raqamsiz tasavvur qilib bo‘ladimi?

Radio va televizorlarni ham, birinchi kompyuterni ham, internetni ham, android smartfonlarni ham ular kashf qilgan. Axir xorazmliklar o‘ylab topgan Google tizimidan tushadigan pullarga 30 mln. aholini bemalol boqsa bo‘ladi. Kichik ko‘zguga qarab butun dunyo bilan gaplashib o‘tiradigan, dunyoning u chetida nimalar bo‘layotganini ayta oladigan ushbu ixtirolarni xorazmliklar bundan 70 yil oldin aytishganida yevropaliklar buni ertak deb tasavvur qilishgan. Hozir esa bu haqiqat! Xorazmshohlar yurtiga pul oqib kelib yotibdi.

Biz yaponlarchi? Yaponiya imperiyasini kengaytiramiz, deb faqat uzoq sharq davlatlari bilan urishib keldik. Anavi yaramas Xitoy ham tinkamizni quritdi. Baribir hech narsaga erishmadik. Aksincha Xitoy rivojlanib ketdi. Yaxshiyam Horazmshohlar sarhadi Xitoy chegarasigacha cho‘zilgan, deb shivirlabdi yapon. Bo‘lmasa, bu Xitoy barcha yurtlarning boshiga balo bo‘lardi? Ana! Uyg‘uristonni bittayam o‘q uzmay ikki kunda Xorazmshoh o‘z davlatiga qo‘shib oldi. Putin esa Krimni hanuzgacha Ukrainadan tortib ololmayapti.

Dunyoda yo‘q bunday mahobatli davlat. Bu yog‘i Kaspiy dengizi (avval Xorazm dengizi deb atalgan) atroflari, u yog‘i Volga daryosigacha, bu yog‘i Eron, Iroq, Suriya va Turkiyagacha... Mana Afg‘onistonni Xorazmdan tortib olaman deb AQSH, Angliya va Rusiya qancha urindi. Biroq qo‘lidan hech narsa kelmadi. Axir xorazmliklar buyuk Navoiy va Boburshohlar hoki ko‘milgan yurtni g‘ayridinlarga berib qo‘yisharmidi?! Shu bois azal-azaldan Afg‘oniston ham Horazmshohlar davlati tarkibidadur!

Shu payt Shvetsiyadan kelgan olim ham nolib qolibdi. Mana 120 yil oldin Nobelni vasiyatiga ko‘ra “Nobel mukofoti” tavsiya qilingan edi. Biroq 1000 yil oldin ta’sis etilgan “Ma’mun mukofoti” oldida sindi-qo‘ydi. Shu bois Nobel mukofoti obro‘sizlanib Shnobel mukofotiga aylandi qoldi, debdi o‘ksinib shvetsiyalik olim.

Angliyalik Jek Uitson, ispaniyalik Xose Biller va rimlik Berluskoni kabi fizik olimlar dam olishni davom ettirish uchun maxsus uchar tarelkada Orol dengizining qoq o‘rtasida joylashgan “Borsa kelmas” oroliga bir zumda borib qo‘nishibdi. Barcha dengizlar ichida suvining shifobaxshligi, flora va faunasi boyligi, bahavoligi va atrof-muhitning go‘zalligi bo‘yicha dunyoda tengi yo‘q dengiz ekan. Shu bois barcha sayyohlar Orol dengizi bo‘yida dam olishga intilisharkan. Boz ustiga bu yerda yumurta barakni zo‘r qilisharkan. Bu yerga turli davlat rahbarlari ham yumurta yeyishga kelisharkan. Chunki ular Xorazm yumurtasini yeyishni juda xush ko‘risharkan. “Borsa kelmas” insonni o‘ziga rom qiladigan tabiatga egaligi bois, bu yerga borgan sayyoh orqasiga qaytgisi kelmas ekan. Shu bois ham bu orolni “Borsa kelmas” deyisharkan.

Uchchovlon, ya’ni Uiston, Xose Biller va Berluskoni dengizda qayiqda sayr qilib suhbatni davom ettirishibdi. Ingliz shahzodasining Xorazmshoh yonida shumshayib o‘tirganini ko‘rdingmi, debdi ispaniyalik olim Xose Biller ingliz olimi Jek Uitsonga. Ha, to‘g‘ri aytasan deb, xo‘rsinib qo‘yibdi Uitson. Xorazmshohlar birin-ketin o‘z sarhadlarini kengaytirib bordi va bu yurt “Buyuk Xorazm” deb dunyoga taraldi. Angliyachi? Shotlandiya va Irlandiya bilan qolib ketdi. Agar inglizlar ham xorazmliklar kabi aql bilan ish qilishganida hozir bizning yurtimiz “Angliya” emas, “Buyuk Britaniya” deb yuritilardi. Afsuski unday bo‘lmadi, do‘stim...

Ee nimasini aytasan? Biz ispanlarda ham “Ispan qiroli” degan quruq nom qolgan, xolos. Masalan, Amerika qit’asini ispaniyalik Kolumb kashf qilgan deb yurardik. Bundan 30 yil oldin Xorazmga kelganimda “Amerika kashf qilinishi” degan ma’ruza bilan litseyda ma’ruza qildim. Yosh o‘quvchilar kulib yuborishdi. Bular nega kulishadi, deb yonimdagi yigitdan so‘rasam, aslida Amerikani bundan 1000 yil oldin Abu Rayhon Beruniy kashf qilgan ekan. Yer yorilmadi, yerga kirmadim.

Ispaniya qirolligi ham, Angliya qirolligi kabi parchalanib ketdi. Ilm-fan orqada qolib ketdi. Nega?! Masalan, butun dunyo xalqlari xorazmcha gaplashadi. Xorazm tili dunyo tiliga aylandi, ilm-fan tiliga aylandi. Nafaqat raqamlarni Xorazm egalladi, balki so‘zlashuvni ham ular egalladi. Agar inglizlar xorazmliklar kabi aqlli va yakdil bo‘lishganida, hozirda dunyo xalqlarini birlashtirib turuvchi til xorazm tili emas, ingliz tili bo‘lardi.

Tavba, deb gapga qo‘shilibdi rimlik olim Berluskoni. Xorazmshoh saroyi egallagan territoriya bugungi Rim shahridan katta. Rim qanday davlat edi? Parchalanib ketdi-ya. Xorazmliklar bundan 1000 yil oldin yulduzlarni kashf qilishgan bo‘lsa, italiyaliklar XXI-asrda ham katta qozonda spagetti tayyorlab Ginneslar kitobiga kirishni orzu qilib, maqtanib yurishibdi. Mana Xorazmlik Masharip yer sharini qamrab oladigan yuqori tezlikli Wi-fi tizimini yaratyapti. Shuni Ilon Mask yaratsa bo‘lardi-ku! Bizda Rimdagi internet tezligi xuddi toshbaqa tezligidek... Rimda iqtisodiyot nol bo‘lsa-da, o‘tgan yili raqamli iqtisodiyot va gurkirab rivojlanish yili deb e’lon qilindi.

Bu yilni aytmay qo‘ya qolay, uyalaman debdi Berluskoni. Xose Biller qiziqib qolibdi. Ayt! Iltimos qiziqib ketayapman, debdi. Bu iltimosga Uitson ham qo‘shilibdi: Men ham qiziqib ketayapman, aytaqol debdi u. Bu yil “Uchinchi renessans” yili deb e’lon qilindi deb ko‘zini olib qochibdi. Leonardo do Vinchi go‘rida tik turgan bo‘lsa kerak. Italiyada svet yo‘q, gaz yo‘q, internet toshbaqa tezlikda. Axir uchinchi renessansni tushimda ko‘ramanmi? Xorazmliklar hamma yaxshi narsani o‘ngida ko‘rsa, men italiyalik bechora ularni tushimda ko‘raman, tushimda debdi, o‘ksinib.

- Xafa bo‘lma, nafaqat Italiyada, balki butun Yevropa davlatlarida yerosti boyliklari yo‘q. Hammasi privoznoy deb o‘rischa gapirib yuboribdi ingliz. Xorazmning yerosti boyliklari bitmas-tuganmas. Ularning yer usti boyliklari – bular Al Xorazmiy, Beruniy, Najmiddin Kubro, Zamaxshariy va h.k. Axir bizda Galiley, Kopernik va Kolumbdan boshqa hech kim yo‘q-ku! Ular ham Al Xorazmiy va Beruniy ishlaridan ko‘chirishgan. Demak ular plagiat bo‘lgan. Shuning uchun ham biz yevropaliklar haqiqiy ilm o‘rniga plagiatlik bilan shug‘ullanamiz. Plagiatlik bizga Galiley va Kopernikdan qolgan.

Eramizdan 300-400 yil oldin yashab o‘tgan Arastu va Platon aytgan gaplar aslida eramizdan 500-600 yil oldin yozilgan “Avesto” kitobida mavjud. Bu kitob ham Xorazmda bitilgan. Ana ko‘rdingmi? Demak Arastu va Platon ham plagiat bo‘lgan...

Shu payt “Sut sotaman, qatiq sotaman” degan ovozdan uyg‘onib ketdim. Men institutimiz yonginasidagi “dom”da yashayman. Hatto ko‘chaning u tomonidagi institutimiz o‘quv xonalari mening uyimdan ko‘rinib turadi. Shundoq oynadan qarasam, anatomiya ustozimiz, mashhur professor mahallada erta sahardan sut-qatiq sotib yuribdi. Ko‘zlarimni uqalab shundoq ro‘paraga qarasam “Navro‘z muborak” degan katta shiorni institutimiz peshtoqiga osishyapti. Institut hovlisida katta doshqozonda sumalak pishayapti. Ha, tarixdan qolgan yakkayu-yagona boylik – bu sumalak! To‘satdan Xojiboy Tojiboyev so‘zlari xayolimdan o‘tdi: Nobelni o‘ylab topgan bir piyola sumalakka arziydi, xolos. Demak sumalak – bu bizning juda katta kashfiyotimiz!

Zarifboy Ibodullayev,
21 mart 2021 yil
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » G‘alati tush yoxud buyuk Xorazm nidosi