16:56 / 10.05.2021
2 775

Germaniyadagi o‘zbek muhojiri hikoyasi


Foto: Facebook / Anvar Shermatov
Tarixchi, o‘qituvchi va tadbirkor Anvar Shermatov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti Ishtixondan Berlinga ketishgacha bo‘lgan sarguzashtlari, Suriya qochqinlariga, bolalarga nemis tilini o‘rgatishi, o‘zi ochgan turizm firmasi faoliyati, Germaniyadagi diniy ta’lim, muhojirlarga o‘rganish majbur qilingan nemis tili, olmon yurtidagi masjidlar faoliyati, shuningdek, vatan sog‘inchi haqida hikoya qildi.

Ishtixon – Samarqand – Berlin. Ilm izlab
Samarqand viloyati Ishtixon tumani Bahrin qishlog‘ida o‘sib ulg‘ayganman. Bizning tumandagi maktablarda chet tili sifatida nemis tili o‘qitilgani mening taqdirimda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Chunki maktab davrlaridayoq fan olimpiadalarida qatnashib kelganman.
Maktabni bitirishimiz mustaqillikning ilk yillariga to‘g‘ri kelgan. O‘sha vaqtlarda o‘qishga qiziqish juda past hisoblanardi. Buning o‘rniga hamma o‘zini savdoga, olibsotarlikka urardi. Tengdoshlarim orasida ko‘pchiligi o‘zini tirikchilikka urdi.

Menda esa vaziyat boshqacha edi. Biznes bilan shug‘ullanaman desam, yoniga oladigan tanishim yo‘q, lekin oliy ta’limda o‘qish uchun bilimimga ishonardim. Samarqand davlat universiteti nemis filologiyasi yo‘nalishiga o‘qishga kirdim, keyinchalik chet tillar fakulteti alohida institut sifatida tashkil topdi.

O‘qishni tamomlab turli davlat tashkilotlarida: o‘sha vaqtdagi viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazida oddiy xodim, qisqa vaqt «Kamolot» jamg‘armasida viloyat yetakchisiga o‘rinbosar, Samarqand davlat Tibbiyot instituti chet tillar kafedrasida va Samarqand davlat Qishloq xo‘jalik institutining chet tillar kafedrasida nemis tili o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Lekin hadeganda ishim yurishmadi, o‘sha vaqtda oylik maoshga yashash qiyin, kunim hamin qadar o‘tar, hatto yo‘lkiraga pul topolmagan vaqtlarim bo‘lardi.

2000 yil yoz oylari edi, Samarqand davlat Chet tillar institutida birga o‘qigan do‘stlarim nemis filologiyasini bitirganlar Germaniya texnika universiteti nemis tili chet tili sifatida yo‘nalishlariga til imtihonlarisiz qabul qilinadi deb aytib qolishdi. Germaniyaga ketish hazil gap emas, viza olish uchun iqtisodiy kafillik kerak bo‘ladi.

«Kamolot» jamg‘armasining dasturida ham chet elda o‘qiydigan yoshlarni moliyalashtirish degan yo‘nalish borligini bilardim. Hokimiyatda ishlayman deb tentirab yurgan vaqtlarim tanish orttirganim shu yerda qo‘l keldi va tashkilotning kafilligini olishga erishdim. Keyingi bosqich Germaniya elchixonasiga bu kafillik qabul qilinishini tushuntirish bo‘ldi. Ular o‘sha vaqtda faqat «Umid» jamg‘armasinigina tan olardi. «Kamolot» respublika boshqarmasidan ham tasdiqlashgandan keyin rozi bo‘lishgan va shunday qilib Germaniyadagi sarguzashtlarim boshlandi desam ham bo‘ladi.

Menga ikkinchi marta nemis tili mutaxassisligi shart bo‘lmagani uchun o‘qishni keyinroq tarix fakultetiga o‘tkazdim. Talabalik yillari o‘qish bilan birga turli joylarda ishladim. Chunki bu vaqtga kelib uylangan ham edim. Bu uylanish tarixi ham qiziq bo‘lgan. Samarqandda talabalik davrlarim bizdan bir kurs balandda o‘qiydigan chelaklik bir qiz talabalar yotoqxonasida singlisi bilan bir xonada yashardi (singlisi SamDUning matematika fakultetida o‘qiyotgan bo‘lsa-da yashirincha SamDCHTI yotoqxonasida yashab yurardi).

Qish kunlari, «Bulvar»da ketayotgan edim, shahar maktabining katta sinf o‘quvchilari bir qizni qorbo‘ron qilib, yotib qolgan joyida yuziga qor ishqayapti. Yugurib borib bolalarni uyoq-buyoqqa uloqtirib qizni qutqardim. Qarasam, tanish qiz, o‘zimcha turib rahmat aytadi, deb kutib turdim. Qiz tura solib rahmatniyam nasiya qilib haligi bolalarni quvib ketdi, juda ajoyib ekan-ku bu qiz deb qo‘yganman xayolimda. Berlinga kelganimda u ham opasi bilan Berlinga kelgan ekan, taqdirni qarangki, keyin o‘sha qizga uylandim.

O‘qituvchilik, qochqinlar bilan ishlash va turizm

Berlinda dunyodagi eng katta turizm yarmarkalari bo‘lib o‘tadi. Turizm sohasiga qiziqishim bo‘lgani uchun har yili bu yarmarkalarga kirib o‘rganib yurardim. 

2008 yilda Samarqandda turizm firmasi ochib 2013 yilgacha Germaniyadan sayyohlarni yurtimizga sayohatga olib borish bilan shug‘ullandim. Keyin iqtisodiy inqiroz boshlandi, shu sabab bo‘lib, turizm susaydi va bir muddat o‘qituvchilik – o‘zga tilli millat insonlariga nemis tilini o‘rgatish bilan shug‘ullana boshladim.

Ma’lumki, Germaniya qonuniga ko‘ra, mamlakatga kelganda har bir migrant nemis tilini bilishi majburiy. Bu davlatdan ijtimoiy yordamlarni olishi uchun ham kerak. Biz boshqa millat odamlariga nemis tilini o‘rgatish bilan shug‘ullandik.

Shu orada Suriya voqealari boshlandi va Yevropaga, jumladan, Germaniyaga ham qochqinlar kela boshladi. Dastlabki partiyada bir million qochqin keldi. O‘sha vaqti tezlikda zarur choralar ko‘rildi, shu jumladan, qochqin bolalar ta’limi masalasi ham. Nemis tili o‘qituvchilariga ham talab kuchli edi, maoshlarni oshirib to‘lash haqida takliflar berildi va men ishlab ko‘rishga rozi bo‘ldim.

5 yil davomida to 2019 yilgacha qochqin bolalarga dars bergan bo‘lsam, ishonasizmi, shu davr ichida jismonan emas, ruhan va ma’nan toliqib bo‘ldim. Sababi, birinchidan, bolalar anchadan buyon ta’lim olmagani uchun anchagina vaqt ularga dars o‘tish emas, avvalo tartib va tarbiya berishga to‘g‘ri keldi. Oddiy misol maktab sinfxonasiga faqat eshikdan kirish kerakligi, partada o‘tirishgacha o‘rgatdik, ayb ularda ham emasdi, ba’zilari yo‘lda tug‘ilgan, ba’zilari maktab yoshiga yetmasdan yo‘lga chiqqan, 2-3 yillab umri yo‘lda o‘tgan, umuman maktab haqida tasavvurlari yo‘q edi. Ba’zilari esa urush dahshatini ko‘zi bilan ko‘rgan, ruhan ezilgan bolalar edi.

Ikkinchidan, ular boshdan kechirgan voqealarni garchi bu menga qiziq bo‘lmasa-da eshitishga majbur bo‘ldim, faqatgina bolalar emas, ota-onalar ham kelib dardini aytardi. Ular orasida turli taqdir egalari bo‘lib, maktabiga bomba tushib partaning tagida jon saqlab qolib, u yerdan zo‘rg‘a chiqqani, o‘ziga to‘q va hashamdor yashab kelgan odam bir zumda ham molidan ayrilib, ham yurtidan quvg‘inga uchrab begona joylarda tentirab yurganini hikoya qilib berishi eshituvchiga ham ta’sir etmay qolmaydi.

Shu sababli u yerdan ketdim va yana turizmga qaytib hozirgacha shu bilan shug‘ullanib kelyapman. Samarqanddagi firmamizni ukalarim yuritadi. Pandemiya barcha sohalar kabi turizmga katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Lekin shu holatda ham iqtisodiy rivojlangan davlatning saviyasi ko‘rinar ekan, masalan, firmalarning ijara xarajatlari, xodimlarning vaqtincha ishsizlik nafaqasi va boshqa to‘lovlarni to‘lab berdi. O‘zbekiston sharoitida bunday narsani ko‘rganim yo‘q, albatta, to‘g‘ri tushunish kerak, davlatimiz iqtisodiy tarafdan hozircha rivojlanayotgan davlatlar qatorida.

Turizm bilan shug‘ullangan odam xuddi usta savdogardek bo‘lib ketar ekan, odamlarni qiziqtirish uchun o‘zingiz taklif qilayotgan davlatlarni ta’riflab berishingiz kerak-da. Sayyohlar, ko‘pincha, ayollar xavfsizlik haqida so‘rashadi, ya’ni kunning istalgan vaqti va istalgan joyda o‘zini qanchalik xavfsiz his etishini so‘raydi. Avvalgi prezident davrida O‘zbekiston politsiya mamlakati, hamma joyda politsiya bo‘ladi deb tushuntirardik, hozir esa turizm politsiyasi sayyohlarga hamma joyda yordamga shay deb tushuntiramiz, mamlakatimiz 2018 yilda eng xavfsiz mamlakatlarning yuqori o‘rinlaridan joy olganini aytishimiz ham ko‘pchilik sayyohlarning mamlakatimizga sayohat qilishlariga dalda bo‘ladi.

Qolaversa, odamlarimizning halolligi, biz bilan borgan sayyohlarda noxush holatlar bo‘lmagani, hatto bir joyda unutib qoldirgan pul to‘la hamyonini o‘sha joyga izlab qaytib borganimizda uni olib qo‘yib, turistning kelishini kutib turgan yurtdoshlarimizni ko‘rdik. Bu ham keyingi safarlar uchun ishonch vazifasini bajaradi.

Germaniyaliklarni tarixiy shaharlarimizdan tashqari oddiy qishloq hayoti, to‘ylari va boshqa marosimlari juda qiziqtiradi. O‘rni kelganda aytib o‘tish kerak, bu yerda qishloq va shahar o‘rtasida tafovut deyarli yo‘q, ya’ni imkoniyat, infratuzilma, yo‘llar, svet, gaz, internet va shu kabi boshqa ehtiyojlar shaharda ham, qishloqda ham bir xilda yetarli ta’minlangan. Farqi qishloq odamlari bir-birini taniydi, ular nisbatan sodda va ochiqko‘ngil.

Shaharga kelgan biror chekka hududlik odamni bir ko‘rishda, bir suhbatda ajrata olishmaydi, faqat shevasi boshqa joyniki ekan deyishi mumkin xolos, lekin bizdagi holat shahar va qishloq orasida ulkan tafovutni mutlaqo ko‘rmaysiz.

O‘zbekistondagi qishloqlar va u yerdagi hayot esa ular uchun ekzotika desa ham bo‘ladi. Ba’zi vaqtlari sayyohlarni to‘y bo‘lishi kutilayotgan kunlarga olib boramiz, masalan, Nurota qir-adirlarida bo‘ladigan to‘ylarni nemislar tugul men ham kam ko‘rganman, bu juda qiziq.

Germaniyadagi o‘zbek migrantlari hayotiga nazar

O‘zbekiston bilan doimiy aloqalarim shundan iborat. Yilda bir yoki ikki marta o‘zim tug‘ilib o‘sgan joylarga borib yaqinlarim davrasida vaqt o‘tkazib qaytaman. Vatandoshlar bilan birgalikda 2013 yili Germaniyadagi elchixonamiz bilan maslahatlashgan holda o‘zimizning «Davra» o‘zbek-olmon jamiyatini tashkil qilib Germaniya qonunlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazganmiz, unga a’zo bo‘lish uchun yo o‘zbekistonlik bo‘lishi, yoki o‘zbek tilini bilishini shart qilib qo‘yganmiz. Vaqti-vaqti bilan yig‘ilib musobaqalar uyushtiramiz, bir dasturxon atrofida suhbatlar qilamiz.

Germaniyada yurgan vatandoshlarda juda katta muammolar bor deb o‘ylamayman. Chunki bu yerga asosan akademik qatlam yig‘ilgan. Lekin shu bilan birga, Germaniyada tug‘ilgan farzandlarning o‘zbek tili o‘rganishi biroz oqsaydi, chunki nemis tilida tili chiqadi, shu yerda o‘qishi va keyingi yashashi uchun bu muhim, bog‘cha va maktabda ham nemis tili. Ko‘pchiligi yoshlar bo‘lgani uchun farzandlari hali yosh, o‘zbek tilini keyinchalik o‘rganib oladi deyishadi, o‘zimning farzandlarim ham kitobiy uslubni bilmasa-da, oddiy o‘zbekchada juda yaxshi so‘zlashadilar.

O‘zimizning hukumatga Germaniyaning poytaxti Berlinda «O‘zbek uyi» (Usbek Haus) degan nom bilan kichikroq bo‘lsa-da bir markaz ochish taklifini berganmiz, hozircha hukumat tarafidan amaliy ishlar yo‘q. Bunday markazning millatimiz uchun muhim jihati shundan iboratki, o‘sib kelayotgan generatsiya uchun onlayn bo‘lsa-da o‘zbek tili darslari tashkillashtirish, o‘sha yerning o‘zida yoki onlayn tarzda har xil qiziqarli savol-javoblar uyushtirish, qisqa qilib aytganda, Germaniyada o‘sib ulg‘ayayotgan farzandlarimizning vatandan uzilib ketmasligi va vatanga bo‘lgan mehrini kuchaytirish, qolaversa, O‘zbekiston madaniyati va turizmini targ‘ib qilishda juda foydali bir markaz bo‘la olardi.

Germaniyada har bir dinga munosabat, e’tibor yaxshi. Shu jumladan, musulmonlar ham anchaginani tashkil qiladi, musulmonlar ko‘proq yashaydigan har bir mahallada kichikroq bo‘lsa-da, masjidlar qurilgan. Ba’zi joylarda ko‘p qavatli bino olinib, ijarasi to‘lanadi, xonalari birlashtirilib katta-katta zallar hosil qilinadi va masjid sifatida foydalaniladi.

Hozirgi pandemiya sharoitida kechki 22:00dan boshlab tongga qadar shahar ko‘chalarida yurish taqiqlanadi. Lekin Ramazon oyi bo‘lgani uchun namozxonlarga masjiddan tarovihga qatnayotgani to‘g‘risida ma’lumotnoma berishdi, ko‘chada politsiya to‘xtatganda o‘sha qog‘ozni ko‘rsatamiz.
Germaniya maktablarida ham boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi din darsi o‘tiladi. Qonun bo‘yicha xristian dini o‘tilishi kerak. Lekin har bir maktab ehtiyojiga va qaysi din vakillari ko‘pligiga qarab o‘zi uchun o‘zgartirish kiritish huquqi bor, katta qizim birinchi sinfga borganida sinf o‘quvchilari musulmon bo‘lgani sababli din darsida islom dini o‘tilishi to‘g‘risida maktab ma’muriyati qaror chiqargan. Mana 9 yildirki, maktabda islom dinini o‘rganib keladi. Bundan tashqari, masjidga haftada ikki kun qo‘shimcha ta’lim olish uchun boradi va hozirgi paytda Qur’oni karimni o‘qishni o‘rgandi.

Kelajak rejalar...
Ko‘pchilik so‘raydi, kelajagingni qayerda ko‘rasan deb. Bilmadim, bu juda mavhum men uchun. Xorijga kelishim sabablari nima edi: o‘qish, yaxshi oylik-maosh, erkin yashash.

Yuqorida ham aytdim, davlat tashkilotlarida bir muddat ishlaganman va hozir ham kuzatib kelamanki, ahvol judayam o‘zgarib ketmagan, men o‘zimning bugungi dunyoqarashim bilan kimnidir tanqid qilib qo‘yib o‘zimga ortiqcha dushmanlar orttirishni xohlamayman. Lekin Germaniyada qolmasligim ham aniq, doimo Allohdan so‘raymanki, o‘ligim bu yerda qolmasin, vatanimda qardoshlarim orasida bo‘lsin. Yillar o‘tgan sayin ketish vaqti yaqinlashaveradi.

Hozir bir vaqtlardagidek mablag‘ yo‘qligidan qiynalmasligim mumkin, lekin jamiyat hayotida ro‘y berib turgan haqsizliklarga chiday olmayman, boshqalar kabi xo‘p-xo‘p bilan yashashni qabul qilolmayman. Qishlog‘imga borganimda odamlarga bu qishloqda masjid yo‘q, masjid qurish kerak desam, ular «E, qo‘y, nima qilasan, g‘alvali ish», deydi. Viloyat hokimigacha yozdim, men ketgandan keyin hokimiyatdan vakil kelib, otamga nimalarnidir gapiribdi, go‘yoki nimalarnidir «tushuntirgan». Shu uchun kelajagim noaniqday ko‘rinadi, ammo Allohdan so‘raydiganim va qattiq ishonganim, bir kun kelib xalqimiz korrupsiya degan balodan xalos bo‘ladi va mening ham tanqidchi bo‘lishimga hojat qolmaydi, Alloh bergan umrimning qolgan qismini vatanda, yaqinlarim va do‘stlarim bilan o‘tkazaman!

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Germaniyadagi o‘zbek muhojiri hikoyasi