10:35 / 29.05.2021
2 404

Nonushta qilmaganda organizmda qanday o‘zgarishlar kuzatiladi?


Foto: Freepik
Nonushta kunlik energiya manbai, metabolizm va miya faoliyatida muhim rol o‘ynaydi. Nonushta qilmaslik nafaqat salomatlik balki ruhiy holatga ham ta’sir qilmay qolmaydi.

Yurak kasalliklari kelib chiqish xavfi yuqori bo‘ladi
Garvard olimlari o‘tkazgan tadqiqotda muntazam ravishda nonushta qilmaydigan kishilarda yurak-qon tomir kasalliklarining kelib chiqish xavfi yuqori bo‘lishi aniqlangan. Mutaxassislar hamma gap organizmga energiya yetishmagani sabab yuzaga keladigan stressda deb o‘ylaydi. Buning hisobiga metabolizm va gormonal balans o‘zgaradi hamda yurak kasalliklariga olib keladigan ortiqcha vazn yig‘ish kuzatiladi.

Ikkinchi darajadagi qandli diabet
Doimiy ravishda nonushta qilmaslikni afzal biladigan kishilarda ikkinchi darajadagi qandli diabetning kelib chiqish xavfi yuqori bo‘ladi. Garvard universitetida o‘tkazilgan tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, organizmda qandli diabetning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan insulinga bog‘liq muammolarning paydo bo‘lishiga olib keladi.

Keskin vaznning ortishi
Aksariyat kishilar qancha kam yeyilsa, ortiqcha kilolardan shuncha tez qutilish mumkin, deb yanglish fikrlaydi. Bir necha tadqiqotlar nonushta qilmaslik va sekin vazn tashlash o‘rtasida bog‘liqlik borligini aniqlagan. Gap shundaki, ertalab hech nima iste’mol qilinmagani hisobiga tushlik vaqti ko‘proq tanovul qilinishi mumkin.

Metabolizm yomonlashadi
Doimiy ravishda nonushta qilinmasa, bor energiyani tejash va zarur bo‘lgunicha ushlab turish uchun metabolizm sekinlashadi, qabul qilingan kaloriya energiyaga aylantirilmasdan «qora kun»larga olib qo‘yiladi.

Kognitiv qobiliyatlar
Ish, o‘qish yoki imtihondan avval nonushta tanovul qilinmaganda miya sustroq ishlaydi, diqqat qilish va xotira bilan bog‘liq muammolar kuzatiladi. Nonushta qilinmaganda miyaning asosiy «yonilg‘isi» hisoblangan glyukozaning qondagi miqdori kamayadi. Kunning birinchi qismi samarali o‘tishi uchun uglevod va oqsilga boy mahsulotlar bilan nonushta qilish kerak.

Energiya miqdori kamayadi
Sport bilan shug‘ullanuvchilar, ayniqsa, energiyasi tugab qolmasligi uchun ham nonushta qilishi zarur. Viskonsin universitetida o‘tkazilgan tadqiqotlarda nonushta 25 foiz kunlik energiya bilan ta’minlashi aniqlangan.

Og‘izdan badbo‘y hid anqiydi
Tonggi ovqatlanish til, tishlar va milkni badbo‘y hid keltirib chiqaradigan bakteriyadan tozalaydigan so‘lak ajralib chiqishini rag‘batlantiradi.

Kortizol miqdori ko‘payadi
Stress gormoni kortizol miqdorining doimiy ravishda yuqori bo‘lishi endokrin, hazm va yurak-qon tomir tizimining ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Kaliforniya universiteti olimlarining 2014 yilda o‘tkazgan tadqiqotlarida doimiy ravishda nonushta qilmaydigan ayollarda boshqalarga nisbatan kortizol miqdori yuqori ekani aniqlangan.

Menstrual siklda muammolar
2009 yil Yaponiyada o‘tkazilgan tadqiqotlarda nonushta qilmagan talabalarda menstrual sikl bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani aniqlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nonushta qilmaganda organizmda qanday o‘zgarishlar kuzatiladi?