10:16 / 24.07.2021
1 564

Tavallud kuningiz muborak, muhtaram Prezident!

Tavallud kuningiz muborak, muhtaram Prezident!

Foto: Prezident matbuot xizmati
Muammolar haqida ochiq, erkin gapirishga shunchalik tez o‘rgandik-ki, ovozimizni chiqarmay, chekka-chekkada pichirlashib yurgan paytlarimizni eslamay ham qo‘ydik.

Yana ko‘p narsalarni deyarli unutdik. Dinimizga ochiq e’tiqod qilishdan qo‘rqqan paytlarimizni ham. Azon tovushini faqat masjidlarning yonginasida turib eshitish mumkin bo‘lganini ham. Jamoat joylarida «diniy libos»da yurgani uchun ko‘cha-ko‘yda ushlanib, 15 sutkaga oborib tiqilganlarni ham.

«Ko‘cha» kursi, birja kursi, davlat kursi iboralari-chi, esingizdami? Qora qozonini qaynatish uchun bolasi chet eldan yuborgan dollarni «valyutchiklar»dan alishtirgan otaxon-onaxonlar qonunan jinoyatchiga aylangan paytlarni eslaysizmi?

Pensiyasini kartadan yecholmay, super-market kassalarida sarg‘ayib, navbatda turganlarga yalingan qariyalar-chi, yodingizdami? 
Hozir biror chet ellikka «kartadagi pulimizni 20 foizlik stavka – zarari bilan naqd pulga aylantirganmiz», deb gapirib bersak,
ishonmasa kerak.

MXXdagi «kattalar»ga yoqmay qolganlar yo‘q joydan tuhmat bilan qamab yuborilgan davrlar esingizdami?

Adolat qaror topdi. Tuhmat yoki arzimagan aybi tufayli qamoqda o‘tirgan qanchadan qancha yurtdoshimiz bugun ozodlikda. Ular bilan birga oilalariga quvonch, xotirjamlik, baraka qaytdi. Mamlakatimizning har bir chekkasida azon tovushi yangrayapti. Dindoshlarimiz erkin ibodat qilmoqda. Yillab sarson yurgan minglab boshpanasizlar uyli bo‘ldi, yana qanchasi davlat himoyasiga olindi. Konvertatsiya ochildi. Tekshiruvlar to‘xtadi, tadbirkorda halovat paydo bo‘ldi.

Xullas, gapirsa, gap ko‘p.

Asosiysi, bu o‘zgarishlar xalq uchun va xalq dardi bilan yashaydigan bir insonning qaroru irodasi bilan amalga oshdi. Va kechagi kunini unutmaganlar bu inson uchun duoda. Xolis duoda xayr, baraka, yaxshilik bo‘lishi shubhasiz.

Siz uchun juda ko‘pchilik duoda.

Tavallud kuningiz muborak, muhtaram Prezident!

Komil Allamjonov


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Tavallud kuningiz muborak, muhtaram Prezident!
[/banner_pushhouse