20:55 / 04.08.2021
2 427

Jismoniy faollikning salomatlik, ruhiyat va kayfiyat uchun foydasi


Foto: Getty Images
Sport bilan shug‘ullanishni boshlash uchun hech qachon kech emas. Siz vazn tashlash uchun boshlagan mashqlar bir yo‘la organizmingizdagi muammolarni bartaraf qilib, o‘zingizni yaxshi his qilishingizga ham hissa qo‘shishi mumkin.

Vaznni nazorat qilishga yordam beradi
Jismoniy faollikda kaloriyalar eriydi, iste’mol qilingandan ko‘ra ko‘proq kaloriya sarflanishi vazn tashlashga hissa qo‘shadi. Kardio mashg‘ulotlar og‘ir mashqlar bilan umumlashtirilganda esa yog‘lar sezilarli darajada kamayadi. To‘g‘ri ovqatlanishga amal qilgan holda mashqlarni bajarish vaznni nazorat qilish uchun eng sog‘lom usul hisoblanadi.

Kayfiyatni yaxshilaydi
Jismoniy faol bo‘lganda rag‘bat va huzur-halovat gormoni sifatida ma’lum bo‘lgan gormon — dofaminning ishlab chiqarilishi jadallashadi. Qancha ko‘p mashq bajarilsa, dofamin shuncha ko‘p ajraladi va o‘zingizni baxtli his qilaverasiz. Muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanish tana va tashqi ko‘rinish haqida ko‘proq qayg‘urishga yordam beradi. Natijada kishining o‘ziga bo‘lgan ishonchi va bahosi orta boshlaydi.

Tiniqib uxlashga yordam beradi
Tonggi mashqlar nafaqat kunlik energiya bilan ta’minlab metabolizmni yaxshilaydi, balki uyquning yaxshilanishiga ham hissa qo‘shadi.Tiniqib uxlash esa jismoniy faollik singari yaxshi ta’sir qiladi: xavotir va depressiyani kamaytiradi, immunitetni mustahkamlaydi, qandli diabet, ko‘krak saratoni hamda insultning kelib chiqish xavfini kamaytiradi.

Kasallanish ehtimolini kamaytiradi
Tadqiqotlarda sport bilan shug‘ullanadiganlarda shamollash xavfi 50 foizga kam ekani aniqlangan. Shu sabab ham ko‘proq faol bo‘lish, toza havoda piyoda yurishni kanda qilmaslik kerak.

Terining ahvoli yaxshilanadi
Muntazam ravishda mashq bajarish yosh ko‘rinishga yordam beradi. Jismoniy faollik hisobiga yuzning teri to‘qimalari qon bilan a’lo darajada ta’minlanadi, natijada ko‘rinish yaxshilanadi. Ter ajralishi o‘lik hujayralarni yo‘qotib, ularning yangilanishiga yordam beradi.

Tetik va yoshroq ko‘rinishga yordam beradi
Muntazam ravishda jismoniy faol bo‘lish qarish jarayonini sekinlashtiradi. Ontariodagi Makmaster universitetidagi sichqonlarda o‘tkazilgan tadqiqotda mashqlar qarish alomatlarini bartaraf qilishi aniqlangan. Keyingi faol va kam harakat ishtirokchilar qatnashgan tadqiqotlarda esa sport bilan shug‘ullanganlarning terisi 20-30 yoshdagilarnikidek ko‘ringani ma’lum bo‘lgan.

Qomatning tik bo‘lishiga hissa qo‘shadi
Son, oyoqlar, bo‘yin va boshqa mushaklarni mustahkamlaydigan mashqlar qaddi-qomatni tik bo‘lishi bilan birga, og‘riqlarni ham yo‘qolishiga hissa qo‘shadi.

Miya faoliyati va xotirani yaxshilaydi
Yosh o‘tishi miyaga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Garvard universitetida o‘tkazilgan tadqiqotda, muntazam ravishda bajarilgan mashqlar miyadagi xotiraga javob beradigan to‘qimalarning shikastlanishini sekinlashtirishi ba’zida esa bartaraf qilishi mumkinligi ko‘rsatgan. Boshqa bir tadqiqotda esa jismoniy faollik sifatida raqsni tanlagan ishtirokchilarda aqlan zaiflik xavfi 76 foizga kamaygani aniqlangan.

Stressni kamaytiradi
Mashg‘ulotlar, ayniqsa, raqs tushish stressga qarshi yaxshi samara beradi. Masalan, 20 daqiqa davomida tango bilan shug‘ullanish gormon stressini sezilarli darajada kamaytirishi isbotlangan.

Ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi
Sichqonlarda o‘tkazilgan tadqiqotda jismoniy mashqlar vaqt o‘tishi bilan ko‘z pardasi ahvolining yomonlashish jarayonini to‘xtatishi mumkinligi aniqlangan.

Ko‘proq pul topishga turtki bo‘ladi
Finlyandiyaliklar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda sport bilan doimiy ravishda shug‘ullangan ayollar kam harakat tengdoshlariga nisbatan ko‘proq mablag‘ topishi aytilgan. Tonggi mashqlardan keyingi tetiklik ish samaradorligiga ham ta’sir qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Jismoniy faollikning salomatlik, ruhiyat va kayfiyat uchun foydasi