09:00 / 09.09.2021
2 440

Somatik asab tizimining avtonom disfunksiyasi: kelib chiqishi, belgilari, davolash usullari

Somatik asab tizimining avtonom disfunksiyasi: kelib chiqishi, belgilari, davolash usullari
Foto: Pinterest
Avtonom asab tizimi organizmning bir qismi bo‘lib, u ichki organlar faoliyatini va organizmdagi metabolizmni boshqaradi.

Kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar
- Psixogen — o‘tkir va surunkali stress holatlari;
- Jismoniy — og‘ir mehnat, quyosh urishi, nurlanish, yuqori haroratda ishlash, jismoniy omillarning ta’siri (ko‘pincha kasbiy majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq);
- Kimyoviy — surunkali intoksikatsiya, spirtli ichimliklar, nikotin va boshqa psixoaktiv moddalarni iste’mol qilish;
- Gormonlar disbalansi davrida, balog‘at yoshi, menopauza, homiladorlik, kontratseptivlarni qabul qilish;
- Infeksion kasalliklar (surunkali yoki o‘tkir), meningit, ensefalit, koronavirus;
- Jarohatlar — bosh miya chayqalishi;
- Somatik kasalliklar — gastrit, kolit, surunkali gepatit, qandli diabet, bo‘qoq kasalliklari;
- Prenatal, tug‘ishdan oldingi davr — infeksiya, intoksikatsiya, gipoksiya, homiladorlik davri gestozi.

Belgilari
Yurak tez urib ketishi, yurak sohasida sanchiq, qizib yoki sovib ketish, ko‘p terlash, uyquning buzilishi, jizzakilik, bosh og‘rig‘i va aylanishi kabi belgilar. Bunday bemorlarning qon bosimi ko‘pincha past yuradi, to‘yib nafas ololmaydi, xuddi havo yetmagandek tuyiladi, tez-tez peshob chiqadi, jinsiy sovuqqonlik paydo bo‘ladi. Qorinning pastki qismi og‘rib turishi, ichak faoliyatining buzilishi, ovqatning qiyin hazm bo‘lishi ham kuzatilib turadi.

Aksariyat bemorlarda chuqur xo‘rsinishlar paydo bo‘ladi. Odamlar gavjum va havosi dimiqqan joylar yomon ta’sir qiladi, sovuqqa chidamsizlik paydo bo‘ladi. Tunda ikkala oyoq bezovta bo‘lib, uxlamay chiqish ham mumkin. Tong yorishi bilan oyoqlardagi bezovtalik o‘tib ketadi. Bunday bemorlar ertalab uyg‘onganda yuz-ko‘zlari biroz shishgan va ko‘z tagi salqigan bo‘ladi.

Bu kasallikda bemorning kayfiyati tez-tez buzilib turadi va arzimagan narsaga jahli chiqadi, hissiy portlashlar, atrofdagi voqealardan doimo norozilik kuzatiladi. Ba’zida depressiyaga tushib, hech kim bilan gaplashmay qo‘yish, hech narsadan qoniqmaslik paydo bo‘ladi. Asossiz qo‘rquv va xavotir, aqliy va jismoniy ishlarga xohish yo‘qligi, parishonxotirlik va xotiraning pand berib yurishi vegetativ distoniyaning doimiy hamrohidir.

Davolash
Davolash kompleks yondashuvni talab qiladi:
- shifokor tavsiyasi asosida dori-darmonlarni qabul qilish;
- turmush tarzini normallashtirish;
- sanatoriy va kurortlarda dam olish;
- psixoterapiya.

Shuningdek, turmush tarzini o‘zgartirish, ish va dam olishni normallashtirish, kontrastli dushlar qabul qilish, ochiq havoda sayr, jismoniy faollikni kuchaytirish tavsiya etiladi.

To‘g‘ri oziqlanishga e’tibor berish lozim. Kuniga kamida 1,5 litr toza suv ichish, yog‘siz go‘sht va baliq mahsulotlarini iste’mol qilish, sho‘r oziq-ovqatlarni kamaytirish, vitamin va antioksidantlarga boy mevalarni, ayniqsa, sitrus mevalarni ko‘proq tanovul qilish tavsiya etiladi.

Yilda bir yoki ikki marta sanatoriy va kurortlarda dam olish, ayniqsa, umurtqa kasalliklarini davolash mehnat qobiliyatini yaxshilashga yordam beradi. Orqa miyada avtonom asab tizimi markazlari osteoxondroz, disk churrasi, skolioz, spandilez mavjud, bu kasallikni kuchaytiradi.

Samarali davolanishga va kasallikning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga psixoterapevt kurslari yaxshi yordam beradi.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Somatik asab tizimining avtonom disfunksiyasi: kelib chiqishi, belgilari, davolash usullari