17:25 / 26.09.2021
3 212

“Stavka ortidan kiberjinoyat olamiga kirib qolaman deb o‘ylamagandim” — Rossiyada hakerlik qilgan o‘zbek yigit

“Stavka ortidan kiberjinoyat olamiga kirib qolaman deb o‘ylamagandim” — Rossiyada hakerlik qilgan o‘zbek yigit
Futbol bo‘yicha 2018 yilgi Jahon chempionati final bahsining ikkinchi bo‘limida maydonga politsiya kiyimidagi 4 nafar yigit-qizlar yugurib chiqishadi. O‘yinning mana shu epizodi o‘zbekistonlik haker ishtirok etgan kiberjinoyatchilar tomonidan “stavka”ni yutish uchun atayin uyushtirilganiga ishonasizmi?

Shunday davrda yashayapmizki, shubhali havolaga bir marta bosib kirishimiz bizga juda qimmatga tushishi mumkin. Albatta, bunda kartasida ko‘p pul bo‘lmagan kishi mablag‘ yo‘qotmasligi mumkin, ammo bu tuzoqqa bank xodimi tushsa nima bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi?

2015 yilda dunyoning 30dan ortiq davlatlarida joylashgan 100ga yaqin bank Carbanak deb nomlangan virus qurboniga aylangan. Virus quyidagi mexanizmda ishlaydi. Dastlab bank xodimining pochtasiga uni qiziqtirib oladigan xabar jo‘natiladi. Xabar ichida word, excel yoki pdf fayl bo‘ladi. Xodim faylni ochishi bilan virus tizimga o‘rnashib olib, hakerga eshik ochadi. Buni back door deyishadi. Agar xodimning kompyuteri serverga ulangan bo‘lsa, haker nafaqat uning kompyuteriga, balki butun bank tizimiga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi va turli yo‘llar bilan bankdan pul o‘marish operatsiyasini boshlaydi.

Carbanak orqali banklarga hujum qilgan uyushgan kiberjinoiy guruh xuddi shu usulda masofadan turib, 1 milliard dollar o‘margan. Bu voqea xuddi Hollivud filmi ssenariysiga o‘xshaydi va qaysidir uzoq mamlakatda bo‘lgandek tuyiladi.

Hozir sizga tanishtirmoqchi bo‘layotgan hamyurtimiz ham bundan qolishmaydigan voqeani boshidan o‘tkazgan.

O‘zim asli vodiylikman, 10 yil Rossiyada yashadim. Ishdan bo‘sh vaqtlarimda bukmekerlik kontorasida futbol ko‘rardim va ora-orada stavka qilib turardim. Stavkaning orqasidan kiberjinoyat olamiga kirib qolaman, deb o‘ylamagandim. Bolalar bilan futbol ko‘rardik. U yerda yonida doim puli bo‘ladigan va yaxshi mashinada yuradigan bir yigit bilan tanishib qoldim. Keyin u bilan qiziqib, qayerdan pul ishlab olishini surishtira boshladim. Aytishicha, u telegramda stavka sotish bilan shug‘ullangan. O‘zingiz futbolni tushunmasangiz, ularning telegram kanalidan taxmin sotib olasiz, ya’ni ular sizga futbol o‘ynayotgan jamoalarning qaysi biri bugungi o‘yinda yutishini taxmin qilib beradi. U bloger Xizaning loyihasini yuritadigan bola bo‘lib, uning vazifasi Xizaning auditoriyasini ushlab turish bo‘lgan. U pul tikish orqali qancha pul topayotganini videoda ko‘rsatib odamlarni ishontiradi. Odamlar pul tikkach, xizachilar bundan yaxshi pul topishadi.

U menga bu tizim qanday ishlashini, qanaqa pul aylanishini tushuntirib berdi. Shundan keyin menda ham shunaqa loyiha qilish uchun ishtaha ochildi. Menga loyihada ishimni reklama qilib beradigan yuz kerak edi. Buning uchun bloger qidirishni boshladim. Ruslan degan bolani topdim. U menga auditoriyani saqlab berishi, ya’ni o‘zining instagramdagi obunachilarini telegramda yig‘ib berishi, men esa telegram kanalga keladigan trafikni ushlab qolishim kerak edi. Daromad ikkimizga teng taqsimlanishiga kelishdik.

Boshida 100-150 ming rubl atrofida pul tushdi. Instagram va telegramda odam ko‘paydi, daromadimiz 25 ming dollarga chiqib ketdi. Keyin o‘rtamizda kelishmovchilik chiqdi va bu loyihani boshqa blogerga 43 750 dollarga sotdim. Bu pulni esa karding sohasiga tikishga qaror qildim. Ishni qanday yuritish yo‘l-yo‘riqlari bilan tanishish uchun karding orqasidan 10 yil o‘tirib chiqqan bola bilan uchrashdim. U menga karding juda xavfli ekanligi uchun o‘rniga pullarimni kazinoni aldash yo‘li bilan pul ishlab olishga tikishni maslahat berdi. Kazino yo‘nalishiga kirish uchun Dark web’dan kerakli narsalarni sotib oldim.

Oddiy odamlar internetning 4 foizidan foydalanadi. Qolgani-chi?
Internet olamidagi narsalarni aysbergga qiyoslasak, siz bilan biz foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlar, gugl orqali qidirib topish mumkin bo‘lgan barcha narsalar clear web deyiladi va bu shu aysbergning atigi 4 foizini tashkil qiladi. Qolgan 96 foiz oddiy foydalanuvchi ko‘zidan berkitilgan. Aysbergning 90 foizi Deep web deyiladi va qismda turli arxivlar, ma’ruzalar, kitoblar, davlatlarning maxfiy sirlari saqlanadi.

Aysbergning eng tubida, ya’ni qolgan 6 foizida esa Dark web joylashgan va bu yashirin tarmoq hisoblanadi. Bu yerdagi ma’lumotlar shifrlangan holda uzatiladi va shu sababli bu yerda hech qaysi foydalanuvchini kuzatish imkoni yo‘q. Shuning uchun ham bu qismda dunyodagi eng jirkanch ishlar: narkotik oldi-sotdisi, odam savdosi, terroristik guruhlar muloqoti, qurol-yarog‘ oldi-sotdisi, yollanma qotillik, soxta hujjat, soxta pul, shaxsiy karta yoki elektron hisob ma’lumotlarini kriptovalyuta orqali sotib olsa bo‘ladi va bu hali Dark web’ning 1/10 qismi.

Bundan tashqari, hakerlar o‘g‘irlagan ma’lumotlarini aynan Dark web orqali sotadi. Shu sabab bu tarmoq kiberjinoyatchi va internet firibgarlik makoniga aylangan.

Karding – card so‘zidan olingan, kiberjinoyatning bir turi. Masalan, supermarketda minglab mijozlarning karta ma’lumotlari saqlanadi. Agar supermarketning kiberxavfsizligi kuchsiz bo‘lsa, haker uni buzib kiradi va barcha karta ma’lumotlarini o‘g‘irlab oladi. Keyinchalik haker bu ma’lumotlarni Dark web orqali maydalab sotishni boshlaydi. Uni o‘rtakashlar yana maydalab sotib oladi, oxirgi 1000 yoki 100talikni karder yoki karding bilan shug‘ullanadigan firibgar sotib oladi.

Karding internet magazin yoki shoplar orqali har xil qimmatbaho buyumlar sotib olishni boshlaydi. Pulni esa o‘g‘irlangan kartalardan to‘laydi. Bunda firibgarlar sotib olingan buyumni o‘zining emas, boshqa bir kishining manziliga buyurtma qiladi. Kiberjinoyat olamida bu buyurtma drop nomiga qilinadi. Bu firibgar xavfsizligini ta’minlab beradi. Drop kelgan buyumni sotib, o‘z ulushini olib qolib, qolganini karderning kriptovalyuta hisob-raqamiga o‘tkazib beradi.

Nega haker o‘g‘irlangan karta ma’lumotlaridan o‘zi foydalanmaydi? Chunki bu uzoq davom etadigan mayda ish va hamma kartaning ichida ham pul bo‘lavermaydi. Shuning uchun hakerga karta ma’lumotlarini ulgurji sotgani qulay.

Qo‘lga tushsak, 5-6 yildan qamalib ketishimiz turgan gap edi
Xullas, kazino sohasidagi ish meni qoniqtirmay, o‘zim bukmekerlik kontorasini ochishni xohladim. Buning uchun nima qilishni ipidan-ignasigacha o‘rgandim. Qidirish jarayonida bir stavkani ko‘rib qoldim. Bunda bollboy maydonga yugurib chiqsa, koeffitsiyenti 11 ekan. Shu usulni men ham sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Boshida bukmekerlik kontorasida tanishganim bollboy esimga tushdi. U bilan bollboyning o‘rtaga yugurib chiqishini sinab ko‘rishni boshladik. O‘shanda Rossiyada «Spartak» va «Krasnodar» o‘yinida o‘rtaga bollboy yugurtirib chiqarib sinab ko‘rdik. Bu ish berdi. Stadionda to‘p qaysi tomonda bo‘lsa, kameralar o‘sha tomonga qaraydi va buni televizorda ko‘rsatishadi. Biz yollagan bollboy burchakdan yugurib chiqdi va sinovimiz muvaffaqiyatli o‘tdi.

Keyin bu g‘oyani jahon chempionati o‘yinida qo‘llamoqchi bo‘ldik. 4 kishi yig‘ildik va qanday qilib maydonga bollboyni yugurtirib chiqarishni maslahat qildik. Kelishib, o‘rtaga militsiya kiyimidagi odamni chiqarishga qaror qildik.

Dark web orqali Pussy Riot degan guruhni topdik va ular 3 million rubl evaziga militsiya kiyimida maydonga yugurib chiqadigan bo‘lishdi. Lekin bu juda qiyin edi. Chunki jahon chempionati finalida ancha qattiq qo‘riqlov bo‘ladi. Birinchi safda gvardiya, keyin politsiya, keyin omonchilar va oxirida bollboylar turadi. Finalga bir kun qolganda droplar orqali pul tikildi. Men o‘z nomimdan 500 ming rubl va yana boshqa bir drop nomidan ham shuncha tikkanman. Sheriklarimdan biri 3 million rubl, yana biri 4 million rubl, boshqasi 3 million rubl pul tikdi. Ya’ni 10 million rubl stavka qilib, 11 koeffitsiyentida 1 million 585 ming dollar yutuq olishimiz kerak edi.

Final kuni keldi, 50-daqiqalardan keyin odamlarimiz maydonga yugurib chiqishdi. Bu – biz pul yutganimizni anglatardi. Keyin Pussy Riot ushlandi, deb xabarlar chiqdi. Boshida ular bizni sotib qo‘yishidan qo‘rqdik, agar shunday bo‘lsa, 5-6 yildan qamalib ketishimiz turgan gap edi. Yaxshiyamki, ular bizni sotmadi. Endi borib, kontoradan yutuqni olishim kerak edi. Jahon chempionati bahslarida o‘yinlarga katta pul tikilgani sabab, biz tikkan mablag‘ darhol Rossiya xavfsizlik xizmati e’tiborini tortmadi.

Kontoraga pulni yechishga borganimda, ular buncha pul yo‘qligi va uch kun ichida tayyorlab berishlarini aytishdi. Uch kun o‘tib bordim, pulni olib ko‘chaga chiqdim. O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lib, aeroportga ketayotganimda qora mashina kelib yo‘limni to‘sdi, ichidan omonchilar kiyimidagi uch kishi tushdi va pulni olib, o‘zimni mashinada olib ketishdi. Ular meni qandaydir binoga olib kelishdi va so‘roq qilishni boshlashdi. Buncha katta pulni qayerdan olganim va nega tikkanimni, sheriklarim kimligini so‘rashdi. Men o‘zim shu ishga qiziqishimni, pulni Dark web’dan olganimni, shuning uchun pul tikkanimni aytdim. Ularni men tikkan mablag‘ emas, aynan shu kontoraga qo‘yilgan pul qiziqtirdi, ya’ni sheriklarimni ham aniqlamoqchi bo‘lishdi.

Yana bo‘sh hamyon bilan vatanga qaytdim
Men avvaliga o‘zim bilan ishlagan guruhdan kimdir meni sotgan deb o‘yladim, chunki ularni yaxshi tanimasdim. Keyin bilsam, menga boshidan stadionga kirish, qayerdan yugurib chiqishni tushuntirgan bollboy bola bizni sotgan ekan. Mening xatom shu bolaga qancha mablag‘ tikilayotgani va koeffitsiyentini aytib, unga ham pul tikishni maslahat berganim bo‘lgan ekan.

Men o‘sha zax xonada 3 oydan ortiq vaqt qolib ketdim va qismatim nima bo‘lishini bilmasdim. Keyin menga 5 ming rubl jarima solinib, Rossiyadan deportatsiya bo‘lishimni aytishdi. Lekin bular rasmiylashtirilmadi, shunda bildimki, mendan olib qo‘yilgan pul davlatga borib tushmagan, pullar bizni ushlagan davlat odamlari ichida taqsimlangan.

Keyin o‘zimning guruhimdan bir bola bilan maxfiy uchrashdim, u menga drop karta berdi. Undan pul yechib, jarimamni to‘lagan va O‘zbekistonga qaytishimga pul bergan ayolga pullarini qaytardim. Keyin O‘zbekistonga chipta olib, vatanga qaytdim. Aeroportdan tushganimda o‘zimga bergan savolim shu bo‘ldi: qo‘limdan juda katta mablag‘lar o‘tdi, lekin yana bo‘sh hamyon bilan vatanga qaytdim, shuni orzu qilganmidim?

Shu bilan bu yo‘ldan chiqib ketdim. Hozir arbitraj trafik bilan shug‘ullanaman, bu – targetga o‘xshagan narsa. Ijtimoiy tarmoqlarda biror mahsulotga mijoz yig‘ib beraman. Tushundimki, Dark web’dan topiladigan pullarni halol ishlab ham topish mumkin ekan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Stavka ortidan kiberjinoyat olamiga kirib qolaman deb o‘ylamagandim” — Rossiyada hakerlik qilgan o‘zbek yigit