09:30 / 12.10.2021
1 586

“Gripp – beozor kasallik emas” – mutaxassis gripp asoratlaridan ogohlantiradi

“Gripp – beozor kasallik emas” – mutaxassis gripp asoratlaridan ogohlantiradi
Ma’lumki, gripp va o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiy ko‘tarilish davri kuz-qish mavsumiga to‘g‘ri keladi. Bu paytda, ayniqsa, immuniteti sust bolalar, keksa yoshdagi kishilar, homiladorlik hamda surunkali xastaliklari bo‘lgan insonlarning kasallikni yuqtirib olish ehtimoli yanada ortadi.

SSV Matbuot xizmatining gripp turlari, asoratlari hamda tarqalish ko‘rsatkichlari haqidagi savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat NORBOYEV javob berdi.

— Gripp qanday kasallik? Dastlab shu haqida ma’lumot bersangiz.
— Ma’lumki, gripp o‘tkir va tez yuquvchi kasallik bo‘lib, uni keltirib chiqaruvchi viruslarning A, V, S turlari ma’lum. Xastalikning asosiy manbai gripp bilan og‘rigan bemor hisoblanadi. Uning A va V turlari chaqiruvchi mavsumiy gripp kuz-qish mavsumida epidemiya tarzda kechib, katta yoshdagilar o‘rtasida 5 foizdan 10 foizgacha, bolalar orasida esa 20 foizdan 30 foizgacha kasallik keltirib chiqaradi.

Gripp xavf guruhiga 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar va 65 yoshdan oshgan keksalar hamda homilador ayollar kiradi. Ushbu kasallik burun, tomoq, bronxlar va ayrim hollarda o‘pkani zararlovchi yuqumli xastalik hisoblanadi.

— Bemorda qanday belgilar kuzatiladi?
— Grippning belgilari kasallik yashirin davrining 1-4 kunlari paydo bo‘lib, mavsumiy gripp tana haroratining to‘satdan ko‘tarilishi (38 C – 40 C), yo‘tal (odatda quruq, zarbli, ko‘krak sohasida og‘riq bilan kechadi), bosh, mushak, tomoq va bo‘g‘imlarda og‘riq hamda holsizlik kabi belgilar bilan boshlanadi. Ba’zi hollarda esa qorin og‘rig‘i va ich ketishi kuzatiladi.

Shuningdek, grippga chalingan bemorda yuqori tana harorati bir necha kungacha davom etishi va aksariyat hollarda isitma tana haroratini pasaytiruvchi dorilar ta’sirida tushmasligi mumkin.

Kasallikning bolalarda og‘ir kechishida nafas olishning tezlashishi va og‘irlashishi, ishtahaning yo‘qolishi, degidratatsiya va e’tiborning kamayishi kabi belgilar kuzatiladi. Ko‘pgina bemorlar to‘g‘ri davolansa, 5-6 kun ichida sog‘ayib ketadi. Lekin xavf guruhiga kiruvchilarda gripp asoratlari rivojlanishi yoki o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin.

— Aksariyat bemorlar ushbu kasallikni ko‘pincha oyoqda o‘tkazib yuboradi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
— Darhaqiqat, ko‘pgina insonlar grippni “beozor” kasallik deb o‘ylaydi. Biroq bu xastalik ular o‘ylaganchalik “sodda” emas. Chunki gripp keltirib chiqaradigan asoratlar uning o‘zidan-da xavfli hisoblanadi.

Agar bemor davolanishga yetarli darajada e’tibor bermasa, kasallik o‘pkada bakterial zotiljam, gemorragik zotiljam, o‘pka abssessi va o‘tkir repiratorli distress sindromiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, gripp bakterial rinitlar, sinusitlar, otitlar, traxeobronxitlar, virusli ensefalit, meningit, nevrit, radikulonevrit, jigarning zararlanishi, tosiko-allergik shok kabi salbiy asoratlar qoldirishi mumkin.

Shu bilan birga, bu kasallik homilador ayollarga ham jiddiy xavf tug‘dirib, homilaning chala yoki vaqtidan erta tug‘ilishi, neonatal o‘lim va go‘dakning kam vazn bilan tug‘ilishiga olib keladi.

— Joriy mavsum yurtimizda grippning tarqalish ko‘rsatkichi qanday?
— Gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar (O‘RI) yuqumli kasalliklarning 76,2 foizini tashkil etib, oxirgi yillarda ushbu kasalliklar sog‘liqni saqlash tizimining eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Yurtimizda joriy yilning 9 oyi davomida rasmiy ravishda 1483 ta grippga chalinish holati ro‘yxatga olindi. Gripp bilan kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi 0-2 yoshdagi bolalar o‘rtasida ro‘yxatga olinib, intensiv ko‘rsatkich shu yoshdagi 100 ming nafar bola soniga nisbatan 26,3 tani tashkil etmoqda.

Shuningdek, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimizda 323 ming 593 ta holatda o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Gripp – beozor kasallik emas” – mutaxassis gripp asoratlaridan ogohlantiradi