09:17 / 22.10.2021
1 809

Mashhurlik va yuqori daromadga qanday erishish mumkin? Kim Kardashyandan 9 tavsiya

Mashhurlik va yuqori daromadga qanday erishish mumkin? Kim Kardashyandan 9 tavsiya
Kim Kardashyan teleyulduz, model va farzand tarbiyasi bilan birga biznesdagi muvaffaqiyatni umumlashtira olgan ayol sifatida yaxshi ma’lum. 1980 yil tavallud topgan Kardashyan xonim 21 oktabr kuni 41 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan uning mashhurlikka erishish borasidagi qoidalari haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Birinchi qoida: o‘rnak olish
Ushbu tavsiya ko‘plab biznes-treninglarda beriladi. Tan olish kerak o‘z yo‘lini topishdan ko‘ra kimgadir ergashish osonroq. Ammo oshirib yubormaslik, masalan, Merilin Monro singari shon-shuhratni orzu qilmaslik kerak. Muvaffaqiyatga erishgan qarindoshingiz eng yaxshi o‘rnak bo‘lishi mumkin. U sizga maslahat bilan yordam berishi va to‘g‘ri yo‘naltirishi mumkin. Kim Kardashyanning bu borada omadi chopgan. Onasi Kris Jenner uning bolalikdagi kumiri bo‘lgan.

«Men hamisha onamdan ilhomlanganman, uning kiyinish uslubi va o‘zini tutishiga taqlid qilganman va buning uddasidan chiqdim, deb o‘ylayman», — degan Kim intervyularidan birida.

Ma’lumot uchun, Kris Jenner 6 nafar farzandning onasi. U birinchi sobiq turmush o‘rtog‘i, Amerikadagi mashhur advokatlardan sanalgan Robert Kardashyan soyasida moda olamidagi kazo-kazolar davrasida o‘rnini topgan. U hali hamon podium va kechki ziyofatlarning eng aziz mehmonlaridan biri sanaladi. Kimga ustozidan o‘zib ketgan shogird deb ta’rif bersa ham yanglish bo‘lmaydi. U mashhurlik va muvaffaqiyat borasida bir vaqtlar o‘xshashni xohlagan onasini ortda qoldirgan.

Ikkinchi qoida: maqsad qo‘yish
Kim Kardashyan bolaligidanoq bir kun kelib mashhur bo‘lishini yaxshi bilgan. Nufuzli Beverli-Xillz maktabida o‘qiganiga qaramay, kollejda o‘qish va dissertatsiya yoqlashni xayoliga ham keltirmagan. Uning barcha o‘y-xayoli televideniyeda ko‘rinish bilan band bo‘lgan. Sinfdoshlarining aytishicha, u o‘z istaklaridan uyalmagan, aksincha, atrofdagilarga o‘zining bo‘lajak yulduz ekanini uqtirishga harakat qilgan.

Uchinchi qoida: maqsadga erishish usullarini topish
Televideniyeda ko‘rinish berishdan avval Kim turli ziyofatlarda ishtirok etgan. Undan oldinroq esa Peris Xilton, Nikol Richi va Lindsi Loxan bilan apoq-chapoq bo‘lib yurgan. Asta-sekinlik bilan u aks etgan suratlar deyarli barcha jurnal muqovalarida chop etila boshlagan. Ammo bu bo‘lajak yulduz uchun yetarli bo‘lmagan. U o‘zining kiyim, atir brendiga asos solgan, internet-do‘konini ham ochishga ulgurgan. Tobora mashhurlikka erishishiga esa oilasi ham hissa qo‘shgan. 2007 yilda Amerika kanallaridan birida «Kardashyanlar oilasi» nomli realiti-shou efirga uzatilgan. Unda Kardashyan-Jennerlar oilasining barcha vakillari ishtirok etgan. Muxlislar shouni tomosha qilar ekan, Kimni undagi eng yorqin, faol va iste’dodli ishtirokchi deb e’tirof etgan.

«Bolaligimdan aktrisa bo‘lishni orzu qilganman va hamisha meni yashirin kameralar suratga olayotganini tasavvur qilganman. Shu sabab ham realiti-shou qahramoni bo‘lish men uchun oson kechdi», — degan Kardashyan.

To‘rtinchi qoida: o‘z xatolarini tan olish
Xato va kamchiliklar har doim bo‘ladi. Bu ayniqsa biron ishga qo‘l urganda kuzatilishi sir emas. Shunday onlarda orzulardan voz kechmaslik, qo‘l siltamaslik muhim sanaladi. Kim yoqimsiz vaziyatlarda shunday yo‘l tutishga harakat qiladi.

Beshinchi qoida: o‘zini xafa qildirib qo‘ymaslik
Tanqidlardan qochib bo‘lmaydi, ayniqsa mashhurlar qattiq tanbehlarga hamisha tayyor bo‘lishi kerak. Ammo kezi kelganda o‘zini xafa qildirib qo‘ymaslik kerak. Toki hech kimning sizni haqorat qilishga haddi sig‘masin. Kim Kardashyan mana shunday qoidaga amal qiladi. 2013 yil The Tonight Show’ga bergan intervyusi bunga yaqqol isbot bo‘la oladi. U farzandli bo‘lganidan keyin qomatiga bildirilgan izohlarga quyidagicha javob bergan: «Tug‘uruqdan keyin boshqa ayollar singari vazn to‘pladim. Ammo meni semiz deydigan har kimga juda ham qo‘pol javob beraman».

Oltinchi qoida: kamchiliklarni afzallikka aylantirish
Kim bo‘yining pastligini baland poshna bilan yashirishning uddasidan chiqadi. Kiyinish uslubi va aksessuarlar bilan esa qomatiga urg‘u berishni afzal biladi.

Yettinchi qoida: raqobatlashish
Usullar turli bo‘lishi mumkin, ammo ularni hammaga birdek qo‘llash kerak. Hatto bu tug‘ishganing bo‘lsa ham. Sal avvalroq Kardashyanning singlisi Xloi foydalanuvchilar tomonidan yozilgan izoh soni bo‘yicha Kimdan o‘zib ketgan. Bunga uning suratlar ostiga omadsiz sevgi haqidagi falsafiy fikrlarni yozib qoldirgani sabab bo‘lgan. Kim bunga shunday qarab turmagan. «Ko‘p iqtibos yozib qoldiradiganlarning muammosi bisyor bo‘ladi. Twitter’da bu normal, ammo Instagram suratlar uchun kerak», — deb yozib qoldirgan u.

Sakkizinchi qoida: har kuni o‘zini boshqalarga eslatib turish
Kim Instagram’dagi eng mashhur yulduzlardan sanaladi. Uning sahifasini 259 million foydalanuvchi kuzatadi. U bir kun ichida bir necha marta yangi suratlar joylashni afzal biladi. Suratlari millionlab layk yig‘ishi ham hech kimga sir emas.

To‘qqizinchi qoida: kelajakka oid rejalar bilan bo‘lishish
Hatto boshqalar uchun norealdek tuyilgan taqdirda ham o‘z rejalari haqida gapirishdan cho‘chimaslik kerak. Bir vaqtlar Kim selfi kitobini taqdim etmoqchiligini aytganida, ko‘pchilik uzoq vaqt davomida uning ustidan kulgan. Ammo nima bo‘lganda ham u rejasini amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan va buning ortidan yaxshigina gonorar hamda mashhurlikka ega bo‘lgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mashhurlik va yuqori daromadga qanday erishish mumkin? Kim Kardashyandan 9 tavsiya