StablR platformasidagi 2,8 mln dollarlik xakerlik hujumi oqibatida stabilkoinlar depeg boʻldi

StablR platformasidagi davom etayotgan xakerlik hujumi natijasida uning Euro va USD stabilkoinlari oʻz qiymatini yoʻqotdi (depeg). Blockaid blokcheyn xavfsizlik firmasi yakshanba kuni maʻlum qilishicha, tizim issuerga qarshi hujumni aniqlagan va hozirgacha taxminan 2,8 million dollar mablagʻ oʻgʻirlangan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Hujumning taxminiy sababi sifatida koʻp imzoli (multisignature) hisob raqamidagi egalardan birining shaxsiy kaliti (private key) buzib kirilgani koʻrsatilmoqda. Blockaid maʻlumotlariga koʻra, tizimda 1-of-3 koʻrinishidagi zaif boshqaruv oʻrnatilgan boʻlgan. Xaker oʻzini egalar roʻyxatiga qoʻshib, boshqa egalarni chetlatgan va 8,35 million USDR hamda 4,5 million EURR zarb qilgan.
Hujumchi zarb qilingan 10,4 million dollarlik tokenlarni markazlashmagan birjalarda (DEX) likvidlik pastligi sababli bor-yoʻgʻi 1 115 ETH (taxminan 2,8 million dollar) evaziga almashtirgan. Blockaid mutaxassislari bu holatni smart-kontrakt xatosi emas, balki kalitlarni boshqarish va boshqaruv tizimidagi muvaffaqiyatsizlik deb baholamoqda.
CoinGecko maʻlumotlariga koʻra, StablR ning EURR stabilkoini oʻz qiymatining 23 foizini yoʻqotib, 1,15 dollardan 0,88 dollargacha tushib ketgan. Shu bilan birga, USDR stabilkoini 30 foizga arzonlashib, 0,70 dollargacha tushgan. May oyi kripto va DeFi loyihalari uchun ogʻir kelmoqda, DeFiLlama maʻlumotlariga koʻra, oy boshidan beri oʻndan ortiq yirik xakerlik hujumlari qayd etilgan.
StablR kompaniyasi Euro va USD valyutalariga bogʻlangan, tartibga solinadigan stabilkoinlarni chiqaradi va ularning zaxiralari Ethereum hamda Solana tarmoqlarida saqlanadi. Shunisi eʻtiborliki, dunyodagi eng yirik stabilkoin issueri boʻlgan Tether kompaniyasi 2024-yil dekabr oyida StablR loyihasiga investitsiya kiritgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!