17:00 / 13.09.2018
3 874

Lukashenko paxtani qayta ishlash masalasida Sobiq ittifoq davridagi amaliyotga qaytishni taklif qildi

Lukashenko paxtani qayta ishlash masalasida Sobiq ittifoq davridagi amaliyotga qaytishni taklif qildi
Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi kelgusida 1 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan. “Kun.uz” nashri xabar berishicha, bu haqda Koʻksaroyda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Belarus prezidentlarining keng doiradagi muzokaralari davomida aytib oʻtilgan.

“Iqtisodiyot bugungi aloqalarimizning poydevori. Bugun Oʻzbekiston dunyo uchun ochilmoqda, barcha bu imkoniyatlardan foydalanib, aloqalarni rivojlantirish kerak. Ayniqsa, iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bizning asosiy maqsadimiz”, degan Belarus prezidenti.

Oʻzbekiston prezidenti esa 2017 yil yakunlariga koʻra ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli ravishda oʻsganini qayd etgan.

“Belarus - bizning yaqin doʻstimiz va umidli hamkorimizdir. Keyingi ikki yilda barcha sohadagi aloqalar kutilganidan ham koʻproq oʻsdi. Lekin mahsulot ayirboshlashdagi hozirgi holat bizning mavjud imkoniyatlarimiz darajasidan past. Yaqin kelajakda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga koʻtarishimiz uchun barcha imkoniyatlar bor”, degan Oʻzbekiston prezidenti.

Belarus prezidenti Oʻzbekistonga mamlakatdagi belarus diasporasiga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligi uchun minnatdorchilik bildirgan. Oʻzbekistonda ayni vaqtda 19 mingga yaqin belarus istiqomat qilmoqda.

«Siz bu yerda yashayotgan belaruslarni va ularning madaniyatini qoʻllab-quvvatlab kelmoqdasiz. Ishonamanki, ular bu yerda hech qanday muammoga duch kelishmaydi.

Men Belarusga va belaruslarga boʻlgan munosabat uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bizning xalqlarimiz mehnatsevarligi bilan bir-biriga juda oʻxshash. Agar biz ham ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni oʻzbeklar kabi savdo qilishni oʻrganganimizda, hozirgidan ikki barobar boyroq boʻlar edik. Oʻylaymanki, sizlar bizga oʻz tajribangizni oʻrgatasiz.

Oʻzbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish zarur. Oʻzbekiston taqdim etayotgan sharoitlardan foydalanib qolish kerak. Biz sizning hududingizda qoʻshma korxonalar tashkil etishga tayyormiz. Biz bu yerda paxta yetishtirib, Belarusda qayta ishlashimiz va mahsulotlarni paxta yetishtirilmaydigan hududlarda sotishimiz mumkin. Bizda texnologiya, mutaxassislar va oʻz maktabimiz bor. Xomashyo bering, kelishamiz. Buni birgalikda amalga oshiramiz. Men bizning korxonalarga kapital kiritishingizga qarshi boʻlmayman. Bu sizning ham korxonangiz boʻladi. Eng yaxshi toʻqimachilik mahsulotlarimizni Yevropa bozorlarida sotamiz. Sobiq Ittifoq davrida Oʻzbekistonda yetishtirilgan paxta xomashyosi Belarusda qayta ishlanardi. Bu amaliyotga qaytish kerak. Biz tayyormiz.

24 yillik tanaffusdan soʻng ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqich boshlanmoqda», deya Belarus prezidenti soʻzlarini keltirgan BelTA agentligi.

Shavkat Mirziyoyev esa Belarus prezidenti tashrifini “tarixiy va natijador” tashrif deya baholagan.

Maʼlum qilinishicha, 12 sentyabr kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Belarus mintaqalararo biznes-forumida qariyb 230 million dollarlik shartnomalar imzolangan, shundan 167 million dollarlik qismi eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ulushiga toʻgʻri keladi.

Qayd etilishicha, 2017 yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshgan, 2018 yilning 6 oyida esa bu koʻrsatkich 4 baravar oʻsgan.

12 sentyabr kuni oʻtkazilgan yigʻilishda prezident kelgusida Oʻzbekistondagi paxta yetishtiruvchi 133ta tumandan 70tasi toʻliq klaster tizimiga oʻtishi, klasterlar tomonidan 41ta korxona tashkil etilishini maʼlum qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Lukashenko paxtani qayta ishlash masalasida Sobiq ittifoq davridagi amaliyotga qaytishni taklif qildi