21:00 / 26.09.2018
4 410

Valyuta zahirasini qayerda va qanday saqlash kerak?

Valyuta zahirasini qayerda va qanday saqlash kerak?
Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida joylashgan Pimco investitsiyalarni boshqarish kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti, oʻzbekistonlik Berdibek Axmedov xalqaro obligatsiya va valyuta portfellari boʻyicha oʻz bilimlarini Kun.uz bilan oʻrtoqlashib, valyuta zaxiralarini saqlash va boshqarishning turli uslublari haqida maʼlumot berdi.

“Jahondagi yetakchi, rivojlangan va rivojlanib kelayotgan davlatlarda valyuta zaxiralarini saqlash va boshqarishning turli uslublari haqida oʻz fikrimizni bildirmoqchimiz. Zaxiralarni boshqarishda ularning qiymatini saqlash va likvidligini taʼminlash eng ustuvor talab ekanligini ham nazarda tutamiz. Umid qilamizki, bizning oʻz tajriba va bilimlarimizga asoslangan fikrlarimiz vatanimizning valyuta zaxiralarini saqlash va boshqarishda uchun foydali boʻladi. Avvaldan taʼkidlash muhimki, bu maqola orqali biz oʻzimiz faoliyat yuritayotgan tashkilotlarni tamsil etmaymiz”, deb yozadi Axmedov.

Berdibek Axmedov
1) Valyuta zaxiralarini chet el tijorat banklarida muddatli omonat tarzida saqlash;

Bu uslub eng oddiy, eng kam harakat talab qiladigan omonat saqlash turi hisoblanadi. Uning asosiy afzalliklari - chet el tijorat banklarida hisob raqami ochishning osonligi va istalgan vaqtda mablagʻlarni foydalanishga tayyorligida, yaʼni likvidligidir. Ammo, bu uslub dunyoda valyuta zaxiralarini saqlash va boshqarishning eng kam ishlatiladigan yoʻli hisoblanadi. Buning ikkita asosiy sababi bor.

Birinchidan, omonatlar muayyan tijorat bankning yoki banklarning kredit riskidan xoli emasligi.

Bu risk 2008-2009 yillarda yuz bergan jahon moliyaviy inqirozi va 2011-2012 yillardagi Yevropa Ittifoqida moliyaviy va suveren inqirozi paytida yaqqol namoyon boʻldi. Banklarning moliyaviy sogʻligiga putur yetishi (bank aktivlarining narxi pasayib ketib, muassasa mijozlari oldida qarzlarini yopa olmaganliklari va banklarning kapitali bozorlaridan mablagʻ olish stavkalari keskin oshishi) oqibatida ularning baʼzilari bankrotlik darajasiga yaqin kelib qoldi.

Buning oqibatida, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotiga koʻra, 2006 yildan 2018 yilgacha butun dunyo boʻyicha markaziy bank umumiy valyuta zaxiralarini tijorat banklaridagi omonati ulushi 15 foizdan 3 foizga tushdi. Yaʼni, hozirgi kunda, umumiy zaxiralarning faqat 3 foizi tijorat banklarida muddatli omonatlarda saqlanadi.

Foto: Shutterstock
Yana taʼkidlab oʻtishimiz shartki, yevro valyutasi zonasi mamlakatlarida birorta tijorat bank bankrotga uchrasa, bunda omonat mablagʻlari ham bankning kreditorlari oldidagi qarzlarini toʻlashga ishlatishi mumkin. Bunday qoida 2012-2013 yilda Kiprda roʻy bergan moliyaviy inqiroz va bank bankrotliklaridan keyin yoʻlga qoʻyildi. Buning ortidan Yevropa banklarida omonatlarning kredit riski yanada oshdi.

Ikkinchidan, bank omonatining boshqa boshqarish turlariga nisbatan sezilarli darajada pastroq daromadli ekani ham risk hisoblanadi.

Masalan, hozirgi kunda AQSH markaziy bankining asosiy foiz stavkasi 2 foiz atrofida boʻlsa (bir yillik muddatga), tijorat banklarida katta summadagi omonatlarga bor yoʻgʻi 0,5-0,7 foiz darajasida (bir yil muddatga) daromad beriladi. Buning sababi - 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozidan keyin chiqarilgan yangi qoidalarga koʻra, tijorat banklari omonat mablagʻlarini faqat yuqori kredit reytingdagi suveren qarz yoki obligatsiya instrumentlariga yoʻnaltirishi mumkin. Bunday suveren instrumentlar hozirgi kunda 2-2,5 foiz atrofida daromadga ega, ammo bundan banklar oʻzlariga ham ulush olib qoladi va mijozlariga ancha past foiz taklif qiladi.

2) Mablagʻlarni kredit-risk jihatdan yuqori sifatli (yuqori kredit reytingli suveren yoki suverenga yaqin emitent tarafidan chiqargan) va qisqa muddatli (1 yilgacha) pul bozori instrumentlari yoki obligatsiyalar portfelida boshqarish;

Bu eng koʻp tarqalgan boshqarish uslubi hisoblanadi. Buning afzalliklaridan biri shuki, bank omonatlariga qaraganda kredit riskning pastligi va sezilarli darajada daromadning yuqoriligidadir. Bundan tashqari, bunday instrumentlarni sotib olish va sotish narxlari orasida farq juda kam va ularni tezlik bilan (bir kun ichida) katta summada sotib olish va sotish mumkin.

Masalan, AQSH dollarida saqlanadigan rezervlar uchun, AQSH davlat xazinasi (US Treasury) emissiya qilgan 3, 6 va 12 oy muddatli qarz instrumentlaridan portfel tuzish mumkin. Bu qarz instrumentlarini ingliz tilida “US Treasury bills” deb atashadi. 2 yil muddatga chiqarilgan obligatsiya esa “US Treasury bond” deb ataladi. Bu instrumentlarning qiymati AQSH hukumati tomonidan kafolatlanadi. Shuning uchun, bu instrumentlar AQSH dollaridagi zaxiralarni saqlashda kredit xatari jihatidan “xavfdan xoli” yoki “risk free” hisoblanadi. Aynan shuning uchun bu instrumentlar jahon boʻyicha AQSH dollaridagi zaxiralarni saqlashning eng koʻp ishlatiladigan yoʻli hisoblanadi.

Foto: Wikipedia
Hozirgi kunda bunday instrumentlar daromad qiymatlari foizi quyidagicha:

3 oylik muddatga (“3 month t-bill”): 2.09%
6 oylik muddatga (“6 month t-bil”): 2.25%
12 oylik muddatga (“12 month t-bill”): 2.44%.
2 yillik muddatga (“2 year treasury bond”): 2.67%

Koʻrib turganingizdek, hozirgi kunda bu foiz stavkalari tijorat banklaridagi omonat stavkalaridan ancha baland qiymatda.

Taʼkidlar aytishimiz lozim, bu instrumentlarning foiz stavkalari har doim bir xil darajada turmaydi. Ular AQSH Markaziy bankining (“Federal Reserve” bankining) monetar siyosati va uning asosiy foiz stavkasiga bogʻliq holda oʻzgarib turadi. Keyingi bir necha oy mobaynida AQSHda ushbu foiz stavkalar 3 foizgacha koʻtarilishi kutilmoqda. Eslatib oʻtamiz, toʻrt yil oldin u bank foiz stavkasini 0.25 foizda ushlab turganida, obligatsiyalarning ham foiz stavkasi juda pasayib ketgan edi.

AQSH yana boshqa muddatli obligatsiyalar ham chiqaradi, masalan 3, 5 va 10 yillik muddatdagi obligatsiyalar ham mavjud, ammo bularning foiz stavkalariga boʻlgan katta xavfi bor. Yaʼni, foiz stavkalari oshsa, ularning narxi keskin tushib ketishi mumkin. Shu sababli koʻpchilik markaziy banklar 3 oydan 2 yilgacha boʻlgan muddatdagi instrumentlarni ishlatishadi. Bu qisqa muddatli obligatsiyalarda foiz stavkalarining oshishiga boʻlgan xavfi ancha past.

Boshqa valyutadagi zaxiralar uchun, masalan evro uchun ham Germaniya, Fransiya yoki yevro zonasi davlatlari chiqargan obligatsiyalardan portfel qurish mumkin.

3) Zaxiralarni boshqarishning boshqa uslublari;

Deyarli barcha yetakchi va rivojlanayotgan davlatlar oʻz valyuta zaxiralarida oltin metallni ham ushlab turishadi. Buning sababi shundaki, ming yillardan beri oltin butun dunyo boʻyicha oʻz qadrini yoʻqotmagan holda turibdi va u hamon qadrlanadi. Hatto AQSH dollari, Yaponiya iyenasi inflyatsiyaga uchraganda, valyutalar oltinga nisbatan oʻz qiymatini yoʻqotadi, lekin oltin uzoq muddatda oʻz qadrini ushlab turadi. Oltin deyarli hamma tarafdan zaxiralar portfelida strategik ravishda ishlatiladi.

Foto: DPA
Baʼzi bir markaziy banklari oʻz zaxiralari oʻsishi ortidan, oʻz portfellarini faqat yuqori kredit reytingli va qisqa muddatli obligatsiyalarga emas, balki daromadini koʻpaytirish uchun nodavlat korporatsiyalar tarafidan chiqarilgan obligatsiyalardan ham portfel qurishadi. Baʼzilari esa aksiya portfellari ham qurishadi. Bunday uslublarning bozor xatarli juda katta boʻladi. Bunday uslublarni keyinchalik keng va chuqur ravishda oʻrganib chiqib, kerak boʻlsa shularni ham joriy qilsa boʻladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Valyuta zahirasini qayerda va qanday saqlash kerak?