21:47 / 30.09.2018
4 902

Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi yakunida 3 mlrd dollarlik shartnomalar imzolanadi

Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi yakunida 3 mlrd dollarlik shartnomalar imzolanadi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi yakunida ikki tomon oʻrtasida jami 3 milliard dollarlik shartnomalar imzolanadi. Bu haqda prezidentning Hindistonga davlat tashrifi munosabati bilan oʻtkazilgan brifing chogʻida maʼlum qilindi.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Suxrob Xolmurodovning bugun prezidentga bergan hisobotida tashrif yakunida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo qator hujjatlar, shuningdek 3 milliard dollardan ziyod hajmdagi shartnomalar imzolanishi haqida aytilgan.

Oʻzbekiston prezidenti bugun Hindistonning Agra shahrida boʻlib, Toj Mahal meʼmoriy obidasini ziyorat qildi.

Shavkat Mirziyoyev shu kunning oʻzida Nyu-Dehliga keldi. Oʻzbekiston prezidenti bugun Hindiston poytaxtida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning amaliy jihatlarini, jumladan, Oʻzbekiston–Hindiston ishbilarmonlar kengashini taʼsis etish taklifini muhokama qilish uchun Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazadi.

Davlat tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar ertaga, 1 oktyabr kuni Nyu-Dehli shahrida boʻlib oʻtadi.

Prezident Ram Nath Kovind, Bosh vazir Narendra Modi va Hindistonning boshqa rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralarda davlatlararo hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq yoʻllarini koʻrib chiqish, mintaqaviy va xalqaro siyosatning muhim masalalari yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Tashrif yakunida Oʻzbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vazirining qoʻshma bayonoti qabul qilinishi, Oʻzbekiston–Hindiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish uchun huquqiy asoslarni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan salmoqli hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar, mamlakatlar hududlari va muassasalari oʻrtasida hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi yakunida 3 mlrd dollarlik shartnomalar imzolanadi