08:01 / 02.10.2018
4 125

Oʻzbekistonda soʻnggi 9 oy davomida kuzatilgan inflyatsiya darajasi maʼlum boʻldi

Oʻzbekistonda soʻnggi 9 oy davomida kuzatilgan inflyatsiya darajasi maʼlum boʻldi
Joriy yilning sentyabr oyida isteʼmol bozorida tovarlar va xizmatlar narxi oʻrtacha 1,8 foizga koʻtarildi. Umumiy hisobda 9 oy davomida isteʼmol sektorida inflyatsiya darajasi 8,1 foizni tashkil etdi. Oy davomida umumiy narxlar darajasining oʻsishiga tovarlar 1,9 foiz, xizmatlar esa 1,2 foizga taʼsir koʻrsatdi. 2017 yil oxiriga nisbatan tovarlar narxi oʻrtacha 7,4 foizga, xizmatlar 10,1 foizga qimmatlashdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi hisobotida aytiladi.

2018 yilning 9 oyi mobaynida inflyatsiya darajasiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillar orasida ayrim tovarlar narxlarining tartibga solinishi, kreditlash hajmining ortishi natijasida iqtisodiy jabhalarda investitsion va isteʼmol talablarining kengayishi, inflyatsion taxminlarning oʻzgarishi, narxning mavsumiy oʻzgarishi, shuningdek, milliy valyuta qiymatidagi oʻzgarishlarni sanab oʻtish mumkin.

Joriy yilning sentyabr oyida aholiga pullik xizmat koʻrsatish sohasida narxlarning oʻsishida asosiy omil – oliy taʼlim muassasalarida oʻqish boʻyicha toʻlov-kontraktlarining oshirilganligidir.

2018/2019 yildan Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida oʻqish uchun toʻlov shartnomalari miqdori eng kam oylik ish haqi (EKOIH) miqdoridan kelib chiqib hisoblana boshladi. Respublika boʻyicha kuzatilayotgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha toʻlov-kontraktlari miqdori oʻrtacha 20,3 foizga oshgani (EKOIH joriy yilning 15 iyulidan 7 foizga koʻtarilgan) oy davomidagi inflyatsiyaning 0,2 foiz darajada ortishiga olib keldi.

Kommunal sohadagi narxlari tartibga solinuvchi tariflarning oʻsishi (oʻrtacha 13,8 foiz), yoʻlovchi tashish transportida yoʻl haqining oshirilishi (9,1 foiz), dam olish xizmatlari (18,2 foiz), xorijiy til oʻrgatishni hisobga olgan holda taʼlim xizmatlari va haydovchilikka oʻqitish (15,7 foiz) va maishiy turdagi xizmatlarning (8,1 foiz) qimmatlashishi taʼsirida joriy yilning yanvar sentyabr oylarida umumiy xizmatlar isteʼmol narxlari indeksi shakllandi.

2017 yilning oxiriga nisbatan temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish xizmatlari oʻrtacha 19,1 foizga, avtomobil transportida 9,8 foiz va havo transportida yoʻlovchi tashish xizmatlari oʻrtacha 1,5 foizga qimmatlashdi.

Fevral oyida temir yoʻl orqali qatnov narxining sezilarli darajada qimmatlashishi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ oʻz hisob-kitoblarida avvalgi qayd etilgan Shveysariya franki qiymatidan Markaziy bankning rasmiy qiymati boʻyicha hisoblash tartibiga oʻtilganligi bilan bevosita bogʻliq. Ushbu oʻtishning oqibatlarini yumshatish maqsadida kompaniya tomonidan plaskart qiymatlarini arzonlashtirish yuzasidan hisob-kitoblarda qator pasaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllanilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Oʻzbekistonda soʻnggi 9 oy davomida kuzatilgan inflyatsiya darajasi maʼlum boʻldi