09:52 / 02.10.2018
4 293

Ekspert elektr energiyasi, gaz va benzin narxlarining rejalashtirilayotgan oshirilishi haqida

Ekspert elektr energiyasi, gaz va benzin narxlarining rejalashtirilayotgan oshirilishi haqida
Oʻzbekistonda elektr energiyasi, tabiiy gaz va avtomobil yoqilgʻisi tariflarining oshirilishi rejalashtirilmoqda. Energiya resurslarini yetkazib beruvchilar mavjud tariflar ustidan xarajatlarning oshib ketishi zaruriyati bilan tushuntirishmoqda. Aftidan, chindan ham tariflar pasaytirib qoʻyilgandek. Lekin ular qanday boʻlishi kerakligini hech kim bilmaydi. Repost.uz taniqli iqtisod boʻyicha ekspert Yuliy Yusupovning bu boradagi fikrlarini keltirdi.

Gap shundaki, uchala sektor ham monopollashtirilgan, u yerda erkin raqobat yoʻq, narxlarni davlat belgilaydi. Bunday vaziyatda yetkazib beruvchi korxonalar doimo oʻz xarajatlarini oshirishga harakat qilishadi. Birinchidan, narxlarning oshirilishini asoslash uchun. Ikkinchidan, kompaniyalar oʻz sarflari orqali korrupsion daromadlarni chiqarib olishadi, masalan, baland narxlarda resurslar xarid qilishadi va bunday xaridlar uchun “otkat” olishadi. Nihoyat, yuqori xarajatlar — samarasiz menejmentning pirovard natijasidir, bunga paydo boʻlishiga sabab: a) raqobat, b) xususiy mulkdorning yoʻqligidir.

Mazkur sektorlar iqtisodiyotimizning davlat tomonidan nazorat qilinadigan koʻplab boshqa sohalari singari radikal islohotlarga muhtoj va u quyidagilarni qamrab olishi kerak:

1. Davlat tomonidan tartibga solish usullarining radikal oʻzgartirilishi, bu holatda siyosat ishlab chiqish funksiyasi (bu bilan vazirliklar shugʻullanishi kerak), standartlar oʻrnatilishi (davlat agentliklari funksiyasi), nazorat va tekshiruv (davlat inspeksiyalari funksiyasi), soha korxonalarining manfaatlarini himoya qilish (koʻngilli assotsiatsiyalar), xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish (tijorat korxonalari) ham isloh qilinishi kerak.

Ayni paytda davlat tomonidan nazorat qilinuvchi sohalarda bu funksiyalarning barchasi bitta tuzilmada — sovet davridagi soha vazirligining merosxoʻri (yoki maʼlum shaxslarning oʻzi tomonidan nazorat qilinuvchi bir necha tuzilmalar)da jamlangan. Bu manfaatlar toʻqnashuvi va boshqaruvning samarasizligini keltirib chiqaradi.

2. Sohani monopoliyadan xalos etish va raqobat muhitini yaratish. Sohalarning aksariyatida monopolizm sunʼiy xarakterga ega va u yerlarda sogʻlom raqobat uchun yetarli sharoitlar hozirlash mumkin.

Avtosanoat va avtomobil yoqilgʻisi bilan savdo qilish kabi sohalarda bozorga yangi oʻyinchilarni qoʻyib yuborish kifoya va raqobat kompaniyalarni oʻzlarining shishirilgan xarajatlarini qisqartirishiga, sifatni yaxshilashga va mahsulot assortimentini koʻpaytirishga majburlay boshlaydi. Masalan, avtomobil ishlab chiqarishda bojxona toʻlovlarini “taqiqlovchi” darajadan “oqilona” darajaga tushirilsa bas.

Boshqa sohalarda raqobat yaratish uchun murakkabroq “oʻyin qoidalari”ni joriy etishga toʻgʻri keladi. Masalan elektroenergetikada quyidagi funksiyalarni ajratish kerak:

a) ishlab chiqarish;

b) tarmoq orqali tarqatish;

v) elektr energiyasini chakana sotish.

Agar elektr energiyasini tarmoq orqali tarqatish (davlat tomonidan nazorat qilinadigan) tabiiy monopoliya sifatida qolsa, ishlab chiqarish va chakana savdo raqobat boʻlishi shart boʻlgan sohalar hisoblanadi.

Yoki, aytaylik, gaz qazib chiqarishda bir necha mustaqil kompaniyalar oʻrtasida geologiya-qidiruv, quduq qazish va gaz qazib olish funksiyalarini ajratish muhim. Ular hanuzgacha bizda bir qoʻlda jamlangan. Balkim shuning uchun bizda yildan yilga gaz qazib olish hajmi kamayib, qazib olish xarajatlari oshib borayotgandir?

3. Soha kompaniyalari ustidan boshqaruv usullarini takomillashtirish, ularning faoliyatini tijoriylashtirish, korporativ boshqaruv prinsiplarini joriy etish. Hozircha kompaniyalarni boshqarish juda past darajada boʻlib turibdi, bu esa ulkan xarajatlar va ular tomonidan taqdim etilayotgan tovar va xizmatlar sifatining pastligiga sabab boʻlmoqda.

4. Davlat egalik qilishi davlat funksiyalarini bajarish bilan shartlanmagan korxonalarning xususiylashtirilishi. Bunday korxonalar biz koʻrib chiqayotgan sohalarda juda koʻp. Bu degani ularni bir kundayoq xususiylashtirish kerak, degani emas, biroq xususiylashtirishga allaqachonlar tayyorgarlik koʻrilishi kerak edi.

Biroq, paradoks. Ikkinchi yildirki mamlakatimizda faol islohotlar ketmoqda. Lekin negadir davlat tomonidan nazorat etiluvchi sohalarda (tabiiy va sunʼiy monopoliyalar sohalarida) hanuzgacha islohotlar nafaqat boshlanmagan, hattoki rejalashtirilmagan ham. Boz ustiga, tabiiy monopoliyalarga yaqin ham kela olmaydigan sohalarning rahbarlari (masalan, avtosanoat, elektrotexnika sanoati, aviatashuvlar) nafaqat oʻz sohalarining davlatdan xoli boʻlishi va monopoliyadan xalos boʻlishini istashadi, aksincha, mavjud holatning saqlanib qolishi, hattoki monopolizmning yanada kuchaytirilishini xohlashmoqda.

Biz bunday sohalarning rahbarlaridan olishimiz mumkin boʻlgan maksimum narsa — vaqti-vaqti bilan narxlarning koʻtarilishi haqidagi xabarlardir. Narxlar, balkim, qayerdadir oshirilishi kerak hamdir. Biroq mazkur sektorlarning ish samaradorligi yoʻq boʻlgan sharoitlarda ularga bot-bot qoʻshimcha moliyaviy koʻmak berilishi teshik chelakka suv quyish bilan barobar. Bu pullar nafaqat soha muammolarini hal qila olmaydi, shunchaki mavjud holatning yanada choʻzilishiga xizmat qiladi, aholi daromadlarida salbiy aks-sado beradi va inflyatsiyani kuchaytiradi.

Tariflarning oshirilishi bilan bogʻliq axborot bilan birga “Oʻzbekenergo” kompaniyasining ahvoli ayanchli ekanligi haqida qiziqarli raqamlar ham eʼlon qilindi. Kompaniya qarzlari 2 milliard dollardan oshgan. “Oʻzbekenergo” tasarrufidagi issiqlik elektr stansiyalarining 84 foizi yarim asr muqaddam foydalanishga topshirilgan. Bunday elektr stansiyalarida yoqilgʻi sarfi zamonaviy uskunalardagidan koʻra ikki barobar koʻproq — bu esa elektr energiyasi ishlab chiqarishda xarajatlarning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Bundan tashqari, elektr energiyasi umumiy hajmining 20 foizdan ortiqroq qismi taqsimlovchi tarmoqlarning eskirganligi tufayli yoʻqoladi. 62,4 foiz elektr stansiyalarining xizmat koʻrsatish muddati 30 yil avval tugagan.

Endi bizga sektorni isloh qilish rejasi oʻrniga bu samarasiz “yuho”ning umrini choʻzish uchun hamyon kavlashni taklif etishmoqda. “Bizga pul beringlar, hammasini toʻgʻirlaymiz!” — bu aholi va davlat gardanida oʻtirgan barcha monopolistlarning sevimli shioridir. Faqat ular hech narsani oʻzgartira olishmaydi, chunki prinsip jihatidan samarasizdirlar.

Biz, Oʻzbekiston fuqarolari hukumat va soha rahbarlaridan manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etuvchi va samarali raqobat muhitini hosil qiluvchi tushunarli va aniq islohotlarni talab qilishimiz kerak, deb oʻylayman. Faqat shundan soʻnggina narxlarning ehtimoliy oshirilishi haqida gap ochilsa yarashadi.

Rejalashtirish va islohotlarni amalga oshirish uchun vaqt yetarli edi. Toki bu hanuzgacha qilinmagan ekan, islohotlar oʻrniga bizga narxlarning oshirilishini taklif etishmoqdami, bu islohotlar strategiyasi yoʻqligi va nomunosiblikdan darak beradi. Hozir narxlarning oshirilishiga rozi boʻlish — oʻzining achinarli holatidan chiqib ketish uchun hech qanday real rejasi boʻlmagan ziyonkor kompaniyaga pul tikish demakdir. Hech bir aqlli investor bu ishga qoʻl urmagan boʻlar edi. Biz ham unday qilmasligimiz kerak.

Soʻzim yakunida

Soʻnggi bir yarim yil ichida mamlakatimizda oʻta muhim makroiqtisodiy islohotlar oʻtkazildi: valyuta bozorining erkinlashtirilishi, tashqi savdo va biznes yuritish yoʻlidagi koʻplab maʼmuriy toʻsiqlarning bartaraf etilishi, bank sohasining erkinlashtirilishi. Radikal soliq va bojxona islohotlari belgilangan. Biroq soha darajasida, ayniqsa tabiiy va sunʼiy monopoliyalar sohalarida islohotlarning butunlay yoʻqligi jamiyatimizdagi oʻzgarishlar strategiyasini toʻliq tahdid ostida qoldiradi.

Toki maʼmuriy islohot, davlat sektori islohotini oʻtkazmas ekanmiz, soʻnggi yigirma besh yil ichida qoʻziqorindek koʻpaytirib tashlaganimiz sunʼiy monopoliyalarni buzmas ekanmiz, sogʻlom raqobat muhitini shakllantirmas ekanmiz, muvaffaqiyatli rivojlanish uchun zarracha imkonimiz boʻlmaydi. Investorlarning yurtimizga hanuzgacha qadam bosmayotganiga bosh sabab ham shu — bu yoʻnalishda biror bir siljishni koʻra olishmayapti. Va eng asosiysi — soha islohotlarisiz eski iqtisodiy modelning yana qayta tiklanish uchun yuqori risk saqlanib qolaveradi.

Shu sababli yuqorida koʻrsatib oʻtilgan islohotlar — nazarimda, “hayot-mamot” masalasi. Va bu masala bugun Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanish istiqbollarida markaziy oʻrin tutadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Ekspert elektr energiyasi, gaz va benzin narxlarining rejalashtirilayotgan oshirilishi haqida