06:30 / 24.12.2018
4 492

Majburiy obuna va GM-Uzbekistan avtozavodi mashinalarining qanday o‘xshashligi bor?

Majburiy obuna va GM-Uzbekistan avtozavodi mashinalarining qanday o‘xshashligi bor?
Iqtisodchi, AQShning Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti, «Buyuk kelajak» ekspertlik kengashi a’zosi Behzod Hoshimovga o‘quvchilaridan biri «Majburiy obunaning iqtisodiyotga qanchalik ta’siri bor?» deb savol bergan. Iqtisodchi, ekspert o‘zining Telegram kanalida mazkur savolga batafsil javob bergan.

* * *

Majburiy obunani makro iqtisodiyotga ta’siri albatta yomon. Lekin statistik ma’noda ko‘zga tashlanarli emas. Ya’ni, ixtiyoriy «majburlash», iqtisodiyotdagi resurslarning samarali taqsimlanishiga to‘siqdir va ozgina bo‘lsa-da, hammani qashshoqlashtiradi.

Lekin bu raqam shunchalik kichkinaki, hech kim ahamiyat bermaydi, iqtisodchilar xohlasa ham statistik ma’nodagi iqtisodiyotga zarar hajmini hisoblay olishmaydi.

Boshqa misolni olaylik: deylik, obunani emas sizga chet eldan kelgan mashinalarga boj qo‘yib, mahalliy zavodlarda chet el detallaridan yasalgan mashinalar sotib olishingizni «majburlashdi». Bojlar ham majburiy obuna ham, ayni teng narsalar— ularning farqi iqtisodiyotga yetkazadigan shikast miqdoridadir.

Nima uchun bojlar bilan majburiy obuna bir xil?

Chunki ikkovida ham sizni pulingizni qayerga ishlatilishini o‘zingiz tanlamayapsiz, sizga buyurishyapti. Siz o‘zingiz ishlab topgan pulingizni birov qayerga va qanday miqdorda ishlatilishini aytishi iqtisodni kichraytiradi, chunki aytayotgan muassasa (kim bo‘lishidan qat’i nazar), sizning xohishu istaklaringizni sizdan ko‘ra yomonroq biladi. Shuning uchun iqtisodiyotdagi pul va resurslar taqsimoti optimal darajadan pastroq bo‘ladi.

Masalan, obuna 10 ming so‘m bo‘lsin, u bo‘lmaganida, siz u pulga taksida bir joyga borar edingiz, obuna bo‘sangiz u joyga bora olmaysiz (obunaning muqobil xarajatlari). Demak, taksi haydovchisi ham pulini olmaydi, u ham sal kamroq go‘sht oladi, qassob esa sal kamroq un oladi, unchi esa sal kamroq shakar oladi va hokazo. Bunday obuna hammani, o‘rtacha sal-pal kambag‘allashtiradi.

Obuna bo‘lsangiz ham kimnidir qozoni qaynaydi, deb o‘ylashingiz mumkin, lekin shu bilan birga iqtisoddagi pul «noto‘g‘ri» taqsimlangan bo‘ladi — ya’ni, o‘zingiz ixtiyoringiz bilan pulingizni ishlatganingizda iqtisod sal-pal kattaroq bo‘lar edi. Obuna majburiy bo‘lmasa, o‘sha hech kim o‘qimaydigan gazetadagi ishchilar muharrirlikdan ko‘ra boshqa kasb qilishlari mumkin edi — bu yerda inson resurslari ham noto‘g‘ri taqsimlanyapti.

Eng muhimi, o‘sha gazeta ishchilari sizdan majburiy ravishda olinayotgan pul evaziga yashayotganliklari uchun, gazeta sifati ustida ishlashga hech qanday istaklari bo‘lmaydi: chunki ularning mehnati sifati va daromadlari bog‘lanmagan. Siz xohish bilan bermadingiz-ku pulni?! Ular, keyingi yil ham sizdan shu tariqa pul olishini biladilar va qattiqroq ishlashga ularda rag‘bat qolmaydi, ya’ni sizning to‘lovingiz samarasiz ishlashni rag‘batlantiriyapti — bu ham kapital, ham mehnat resurslari uvolidir.

Majburiy obuna bekor bo‘lsa, unga bog‘lanib qolgan gazetalarda umuman obunachilari qolmaydi, bankrot bo‘lishadi. Bu — ular iqtisodda hech nima yaratmasdan kelganliklaridan dalolatdir. Iqtisodiyotimiz ularning faoliyatidan zarar ko‘rayotganligining dalolatidir (aytib o‘tish kerak bu masalada kichik detallar bor: masalan, tashqi ta’sirlar, eksternaliyalar, ya’ni har doim ham ayni bu xulosaga kelmasligimiz mumkin lekin ushbu suhbatni ularsiz davom ettirishimiz noto‘g‘ri emas).

Iqtisodiyotga naf qanday o‘lchanadi? Kim naf keltiradi?

Iqtisodga keltiriladigan naf to‘lashga rozilik bilan qabul qilish roziligi orasidagi farqda o‘lchanadi. Masalan, bozorga piyoz olishga tushdingiz, bir kilo piyoz uchun 5.000 so‘mdan ko‘p to‘lashga norozisiz. Demak, piyoz 4.900 so‘m bo‘lsa, bajonidil olasiz. Bozordagi sotuvchi esa 4.000 ming so‘mdan kamroqqa sotishga norozi, demak 4.100 so‘mga bajonidil sotadi. Ikkovingiz 4.000 va 5.000 so‘m orasida bir narxga kelishasizlar, aytaylik, 4.800 so‘m. Shunda siz 200 so‘m yutgan bo‘lasiz, sotuvchi esa — 800 so‘m.

Bu narsada bir go‘zallik bor: qanday narxga kelishishingizdan qat’i nazar, O‘zbekiston iqtisodiyoti 1.000 so‘m foyda ko‘radi. Aynan shu iqtisodiy naf deyiladi.

Endi obuna uchun siz 0 so‘m to‘lashga rozisiz, gazetachilar esa 10.000 so‘m berishingizni xohlashadi. Ixtiyor sizda bo‘lsa bu gazetaga obuna bo‘lmas edingiz, shuning uchun majburlash tufayli iqtisodga zarar 10.000 so‘mga tengdir.

Agar, deylik, siz bu gazeta uchun 2.000 so‘m berishga tayyor bo‘lganingizda unda zarari 8.000 so‘m bo‘lar edi. Agar umuman tekinga bo‘lsa ham o‘qishni istamasangiz, faqat kimdir yana 10.000 so‘m bersagina o‘qishga rozi bo‘lsangiz, unda zarar tegishli ravishda 20.000 so‘mni tashkil qiladi.

Bojlar bilan obuna nima uchun bir xil narsa?

Xuddi shunday bojlar bilan. Birinchidan, siz bojlar tufayli mashina uchun 10 million so‘m oshig‘i bilan to‘lashingiz kerak. Agar boj bo‘lmaganida, chet ellik mashinanii xarid qilib, cho‘ntagingizda yana 10 million so‘m «ortiqcha» qolar edi, lekin bu 10 million ham ortiqcha emas, chunki siz uni boshqa narsalarga ishlatar edingiz (10 million so‘mga boyroqsiz) va shu bilan birga iqtisodiyot rivojlanar edi. Lekin qaysidir aholi qatlami uchun 10 million farq shunchalar kattaki, ular umuman mashina xarid qila olishmaydi, ya’ni agar bojlar bo‘lmaganida kimnidir xonadonida mashina bo‘lar edi.

Bu yerda iqtisod yutqazishi quyidagicha: agar kimdir mashina uchun 50 million so‘m berishga tayyor bo‘lsa-yu, mashina 40 millionga sotilsa, iqtisod 10 million so‘mga oshadi, lekin sun’iy ravishda, bojlar tufayli mashina narxi 50 mlndan oshiq bo‘lsa, qandaydir odam mashinani ololmaydi, demak, iqtisod 10 millionlik potensial foydani yo‘qotadi.

Shunga o‘xshash bo‘lib o‘tmagan savdolarni yig‘indisi iqtisodga bo‘lgan ikkinchi turdagi shikastining hajmidir. Qaytarib o‘taman: ikki xil yutqazish bor, bir turdagi odamlar o‘rtacha 10 million so‘mni boshqa joylarga sarf qilishni o‘rniga bojlarga deb o‘sha «mahalliy» ishlab chiqaruvchiga to‘lashadi, ikkinchi yutqazish esa, sotib ololmagan insonlarning savdosi tufayli iqtisodiyot ololmagan «foydasi» hajmidir. Fanda bu tegishli ravishda daromad ta’siri (income effect) va almashtiruv ta’siri (substitution effect) deyiladi.

Ikkinchidan, agar mashina ishlab chiqaruvchi tadbirkor bojxona to‘siqlari orqali raqobatdan chegaralangan bo‘lmaganida, u pulini boshqa, samaradorliroq narsaga yo‘naltirar edi va iqtisodda resurslar to‘g‘riroq taqsimlanardi. Tadbirkor ishlatayotgan insonlar ham boshqa joylarda faoliyat olib borishar edi: aminmanki ko‘pchilik qiyosiy va mutlaq ustunliklar haqida xabari bor.

Bundan tashqari, bojlar bilan muhofazalanganliklari uchun ishlab chiqaruvchilar samaralik ishlashlariga hech qanday istak va rag‘bat qolmaydi — chunki bozor narxidan qimmatga sota olishlarini biladilar. Ularning xorijdagi raqobatchilarida samaradorlikni kuchaytirish uchun rag‘bat kuchlik bo‘lganligi uchun esa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar vaqt o‘tgani sayin tobora samarasizroq faoliyat olib boradilar.

Shuning uchun ham obunani shikastini kattaroq miqyosda qanday bo‘ladi desangiz, tashqi savdo uchun to‘siqlarga boqishingiz mumkin. Majburiy obuna deyarli ko‘zga ko‘rinmas kichkina zarar bo‘lsa-da, ahamiyatlik emas deb ko‘rinishi mumkin, lekin shunday narsalarning soni ko‘p bo‘lsa, albatta, umumiy shikasti ham katta bo‘ladi.

Axir «toma-toma ko‘l bo‘lur», deb bejizga aytishmaydi-ku...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Majburiy obuna va GM-Uzbekistan avtozavodi mashinalarining qanday o‘xshashligi bor?