09:43 / 18.05.2019
5 334

Toshkentda oilaviy tadbirkorlik uchun 60 mln. so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi rostmi?

Toshkentda oilaviy tadbirkorlik uchun 60 mln. so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi rostmi?
Foto: Davlat soliq qo‘mitasi
«Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida Toshkent shahrida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun garovsiz ajratilayotgan mikrokreditlar miqdorini eng kam ish haqining 150 barobari (30 409 500 so‘m)dan 300 barobari (60 819 000 so‘m)gacha oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasida yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda qo‘mita raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev ma’lum qildi.

«Daryo» nashrining rais o‘rinbosari taqdim etgan ma’lumotga tayanib xabar berishicha, Toshkent shahrida garovsiz ajratiladigan kredit miqdorini oshirish bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyevga iltimosnoma kiritilgan.

«Bugungi real iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqilsa, 30 million so‘m Toshkent shahrida tadbirokrlik qilish uchun kam. Masalan, poytaxtdagi imkoniyat bilan viloyatlardagi imkoniyat o‘rtasida katta farq bor. Mo‘ynoq tumanida 30 million so‘mga juda ko‘p ish qilish mumkin. Lekin Toshkentdagi ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatida 10 ta tovuq boqib bo‘lmaydi yoki issiqxona qurish imkonsiz», — dedi Fayziboyev.

Rais o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, Toshkent shahrida «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida yaqin ikki oy ichida aholiga 347 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratiladi.

«Bu mablag‘ni o‘zlashtirish juda oson. Masalan, 10 nafar tadbirkorni chaqirib, mana sizlarga 350 milliard so‘m, deb bersangiz, ular talab yuqori bo‘lib turgan mehmonxonani qurishi mumkin. Bu bilan 500 ta yangi ish o‘rni yaratilsa, yaratilar, undan ortiq emas. Lekin maqsad boshqa. Bu 7—8 foizli kreditlardan ijtimoiy masalalardan kelib chiqib, maqsadli foydalanish kerak. Ya’ni, bu mablag‘ har bir oilani tadbirkorlikka jalb qilgan holda o‘zlashtiriladi», — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Hozirda Toshkentning 506 ta mahalla idorasida soliq va bank xodimidan iborat shtab tuzilgan. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lganlar «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida kredit olish shartlari va soliq to‘lovlari haqida mahallalardagi ushbu shtablardan ma’lumot olishlari mumkin.

Ma’lumot uchun, nizomi 2018 yil iyunida tasdiqlangan «Har bir oila — tadbirkor» dasturiga muvofiq, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 150 baravarigacha (17 may holatiga ko‘ra — 30 409 500 so‘m), qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga eng kam ish haqining 1000 baravarigacha miqdorda (202 730 000 so‘m) imtiyozli mikrokreditlar ajratiladi.

Olti oygacha imtiyozli davr bilan uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratiladigan ushbu mikroreditlarning foiz stavkasi yillik 8 foiz miqdorida belgilangan. Eng kam ish haqining 150 baravari (30 409 500 so‘m)gacha bo‘lgan mikrokreditlar uchun garovga narsa qo‘yish talab etilmaydi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Toshkentda oilaviy tadbirkorlik uchun 60 mln. so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi rostmi?