12:30 / 07.02.2020
4 233

DSQ: Xarid chekini talab qilmaslik «yashirin iqtisodiyot»ga yo‘l ochadi

DSQ: Xarid chekini talab qilmaslik «yashirin iqtisodiyot»ga yo‘l ochadi
Davlat soliq qo‘mitasi xarid chekini talab qilmaslik “yashirin iqtisodiyot”ga yo‘l ochishi haqida eslatma bilan chiqdi.
Bozor yoki boshqa biron savdo shoxobchasidan mahsulot sotib olinganda ko‘pincha bir xil manzaraga guvoh bo‘lamiz. Xaridor o‘ziga ma’qul bo‘lgan mahsulotni oladi va uning pulini to‘laydi.

Savdo jarayonida ko‘pchilik e’tibor bermaydigan, ammo muhim bo‘lgan bir shart aksariyat hollarda esdan chiqadi yoki umuman e’tiborga olinmaydi. Bu xarid qilingan mahsulot uchun NAZORAT-KASSA MASHINASI (NKM) ChЕKIni olish.

Xarid chekini talab qilish nima beradi?
Xarid cheklarini talab qilib olish naqd pullarning bankdan tashqari noqonuniy aylanishining oldini oladi. Davlat budjetiga soliq tushumi oshishini ta’minlaydi.

Agar sotuvchi tomonidan chek taqdim etilmasa, albatta, talab qilish zarur. Zero, har bir iste’molchi savdo shoxobchalaridan xarid qilgan mahsuloti uchun chek talab qilishga haqli.

Chek bermaslik holatlari onlayn nazoratga olinadi
2019 yil 6 sentabrda “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Prezidenti Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xarid cheki bermaslik holatlarini oldini olish hamda ularni onlayn kuzatish nazarda tutilgan.
Hozirda Farmonga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarini onlayn-NKM bilan jihozlash choralari ko‘rilmoqda.

Onlayn-NKM kim uchun qulay, tadbirkor yoki iste’molchi?
Onlayn-NKMning joriy etilishi xaridorga ham, sotuvchiga ham birday qulaylik yaratadi. Uning cheklarida xarid qilingan mahsulot ro‘yxati, narxi, soni, chek va kassa apparati raqami aks ettiriladi. Bundan tashqari, QR-kod yordamida chekdagi ma’lumotlarni elektron ma’lumotlar bilan solishtirish imkoniyati ham bo‘ladi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ekti uchun tovar aylanmasi haqida aniq ma’lumotlar saqlanib qoladi. Bir so‘z bilan aytganda, ortiqcha qog‘ozbozlik va vaqt safrlanishiga barham beradi.

Xarid cheki yutuqli lotereyaga aylanadi
Onlayn-NKM yoki virtual kassa yuritilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida turli xil o‘yinlar va rag‘batlantirish choralari ham joriy etilgan. Jumladan, onlayn-NKM cheklarini soliq organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar o‘rtasida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi. Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha ma’lumot berganlar esa rag‘batlantirib boriladi.

Iste’molchiga berilmagan chek tadbirkor uchun “qimmatga tushadi”
Soliq xizmati xodimlari amaldagi qonunchilikka ko‘ra, onlayn-NKMdan foydalanish qoidalariga rioya etilishini tekshirib boradi. (Soliq kodeksining 139-moddasi)

Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan belgilangan tartibda nazorat xarid cheki berilmasligi besh millon so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanilishiga asos bo‘ladi. Ushbu holat bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima miqdori o‘n million so‘mga oshiriladi. (Soliq kodeksining 221-moddasi)

Murojaatlar e’tiborsiz qolmaydi
Tan olib aytish kerak, o‘z haq-huquqini yaxshi biladigan fuqarolar ham talaygina. Aynan mana shunday fuqarolarning e’tibori tufayli ayrim tadbirkorlik sub’ektlarining haqiqiy daromadini yashirishga urinayotgani fosh bo‘lmoqda.

Soliq organlari tomonidan olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga qaraymay, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida sotilgan tovar uchun chek bermaslik holatlari yuzasidan murojaatlar kelmoqda.

Bir yilda 1 ming 953 ta murojaat kelib tushdi
2019 yilda jami 1 ming 953 ta murojaat kelib tushgan. Ular asosida joylarda tekshiruvlar o‘tkazilib, aniqlangan holatlar bo‘yicha qonunchilik talablari asosida tadbirkorlik sub’ektlariga ta’sir choralari ko‘rildi. Soliq organlariga tushgan murojaatlarning 1 ming 441 tasi aynan nazorat-kassa mashinasidan foydalanish qoidasini buzish bilan bog‘liq. Yana 512 ta murojaat to‘lov terminalidan foydalanishga oid qoidabuzarlik sabab kelib tushgan.

503 ta tadbirkorlik sub’ekti 3,6 mlrd. so‘m jarima to‘ladi
Ularni o‘rganib chiqish natijasi bo‘yicha qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan 931 ta tadbirkorlik sub’ekti bilan profilaktika suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, 1 ming 22 tasida tekshirish o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga buyurtma kiritildi. Buyurtmalar asosida 2019 yil davomida jami 644 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyatida tekshirishlar o‘tkazildi. Ularning ko‘rib chiqish muddati kelgan 503 tasiga jami 3,6 mlrd. so‘m moliyaviy jarima qo‘llanildi. (Soliq kodeksining 119-moddasi)

Bundan tashqari, soliq organlarida mavjud ma’lumotlar asosida tegishli litsenziyasiz yoki ruxsat beruvchi hujjatsiz ish olib borgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning noqonuniy faoliyatini oldini olish bo‘yicha yil davomida jami 623 ta tadbirkorlik sub’ekitida nazorat o‘tkazildi. Natijada noqonuniy savdoga qo‘yilgan 815,6 mln. so‘mlik tovarlar olib qo‘yildi.

Tashabbuskor tadbirkorlarga imtiyoz beriladi
Farmonda 2020 yilda onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sube’ktlari uchun imtiyozlar ham belgilangan. Xususan, 2021 yil 1 yanvarga qadar onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tilgan taqdirda uni xarid qilish va o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar summalarini keyingi soliq to‘lovi hisobidan kamaytirish huquqi beriladi. Bunda kamaytirish miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmasligi kerak.

Ta’kidlash lozim, 2021 yil 1 yanvardan boshlab onlayn nazorat-kassa mashinalarini xarid qilish va o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun imtiyoz berilmaydi.

Onlayn-NKMdan foydalanish majburiymi?
Prezident farmonida tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyat turi va aylanma mablag‘iga ko‘ra, onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tish muddatlari ham belgilangan.

Unga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tdi.

2019 yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) besh milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlik sub’ektlaridan esa joriy yilning 1 avgustiga qadar ushbu qurilmalarning biridan foydalanishni yo‘lga qo‘yishi talab etiladi.

O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti yuz million so‘mdan oshgan yoki yil davomida ushbu chegaraviy miqdorga yetgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun bu muddat 2021 yil 1 yanvar etib belgilangan.

Qolgan barcha tadbirkorlik sub’ektlari 2022 yil 1 yanvardan onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tishi lozim. Aks hola bu qonunbuzilish holati sifatida qayd etilib tadbirkorlik sub’ektiga qonunda belgilangan tartibda chora ko‘riladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » DSQ: Xarid chekini talab qilmaslik «yashirin iqtisodiyot»ga yo‘l ochadi