07:00 / 08.02.2020
3 633

Banklarimiz islom moliyasiga tayyormi?

Banklarimiz islom moliyasiga tayyormi?
Yurtimiz banklaridan biri Saudiya Arabistonida Islom taraqqiyot banki guruhiga kiruvchi Islom xususiy sektorni rivojlantirish korporatsiyasi bilan kelishuvlar imzolagan.
Kelishuvlarga muvofiq, bank keng qamrovli bank mahsulotlarini taqdim etuvchi «Islomiy darcha» faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi.

Agar shariat ahkomlariga muvofiq keluvchi mahsulotlar va xizmatlar yo‘lga qo‘yilsa, aholining aksar qismi – musulmonlarning bank xizmatlaridan yanada ko‘proq foydalanishi mumkin bo‘lar edi. Rostdan ham banklarimizda shar’iy hukmlar asosida xizmat yo‘lga qo‘yiladimi?

Shu savolni biz islom moliyasi bilan shug‘ulanuvchi mutaxassislarga berganimizda, ular bizda hali islom moliyasi uchun huquqiy asos yaratilmagan, degan javobni berishdi. Hozir amalda bo‘lgan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi Qonun”da ham islomiy banklar faoliyati uchun zarur bo‘lgan yo‘nalishlar taqiqlangan. Xususan, yangi tahriridagi ushbu qonunning 7-moddasida "Banklar bevosita ishlab chiqarish, savdo ... faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli emas" deyiladi. Islom talablariga mos moliyalashtirish asosida esa savdo amaliyoti yotadi.

«Islomiy darcha» faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan ASIA ALLIANCE BANK mutaxassislariga qo‘ng‘iroq qilganimizda, ular 2020 yilning oxirigacha yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgani, shartlar to‘liq tuzilmagani, hozir muzokaralar jarayoni ketayotganini aytishdi.

2019 yilning 11 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev: “Islom moliyasi bu butun dunyoda taraqqiy topayotgan va yuqori sur’atlarda rivojlanib kelayotgan moliya sohalaridan biri. Lekin biz shuni tan olishimiz kerakki, O‘zbekistonda bu borada amaliy qadamlar tashlangani yo‘q. Bundagi asosiy masala – hozirda mavjud banklarda islom moliyasi darchalari yoki alohida islom banklarini ta’sis etish huquqiy-normativ hujjatlar bazasini takomillashtirishni taqozo etadi”, degan edi.

Umid qilamizki, qonun chiqaruvchi organlar bank faoliyati sohasidagi huquqiy normativlarni qayta ko‘rib chiqib, respublikamiz aholisining xohish-istaklarini hisobga oladi va qonunlarda islom moliyasi qoidalariga to‘g‘ri keladigan o‘zgartirishlarni amalga oshiradi.

Yoqub Umar

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Banklarimiz islom moliyasiga tayyormi?