07:00 / 25.02.2020
3 559

Koronavirus sababli oltin narxi rekord darajada qimmatlashdi

Koronavirus sababli oltin narxi rekord darajada qimmatlashdi
Oltinning bir unsiyasi narxi 2,74 foizga qimmatlashdi va 1689 dollarga yetdi. Bu 2013 yildan buyon eng yuqori natija hisoblanadi. Narx o‘sishiga koronavirusning Xitoydan tashqarida keng tarqalayotgani sabab bo‘ldi, deb yozmoqda Daryo.

Oltin koronavirus sababli narxi ko‘tarilgan kam sonli mahsulotlardan bo‘ldi. Brent markali neftning narxi 3,5 foizga azonlashib, bir barrel uchun 56,5 dollargacha tushgan. WTI markali neftning narxi esa 3,2 foizga arzonlashib, bir barrel uchun 51,7 dollarni tashkil qilgan.

Bir qator xalqaro birjalarda kotirovkalar pasayishi kuzatilgan. Xalqaro ekspertlarning koronavirusning jahon iqtisodiyotiga ta’siri bilan bog‘liq xavotirlari kasallik Italiya, Janubiy Koreya va Eronda keng tarqala boshlagandan keyin kuchaydi. Bir sutka ichida Xitoydan tashqarida virus bilan kasallanish bo‘yicha 400 dan ortiq holat qayd etilgan.

Oltin O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti hisoblanadi. 2019 yilda mamlakat tomonidan 4,9 milliard dollarlik oltin sotilgan bo‘lib, bu umumiy eksport hajmining 30 foizini tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, eksportda energiya tashuvchilar va neft mahsulotlari ulushi 14,1 foizni, yengil sanoat mahsulotlari ulushi 9,1 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari esa 8,5 foizni tashkil qilgan.

Xitoyda koronavirus infeksiyasidan bir kunda 150 kishi vafot etib, qurbonlarning umumiy soni 2592 kishiga yetdi, deb xabar bermoqda Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi. Xitoyda yana 406 kishi koronavirus yuqtirib olgan (shundan 348 nafari Uxanda), kasallangan fuqarolar soni esa 77 150 kishiga yetgan. Kasallikdan davolanib, shifoxonani tark etganlar soni 24 734 kishini tashkil etib, so‘nggi bir sutkada 1846 kishi davolangani aytilmoqda. Xitoyning Uxan shahrida 24 fevral holatiga ko‘ra, 195 kishi koronavirus bilan qayta kasallangani ma’lum bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Koronavirus sababli oltin narxi rekord darajada qimmatlashdi