08:13 / 09.04.2020
2 597

Banklar «yashirin iqtisodiyot»ga barham berish uchun mijozlarning hisobvaraqlari haqida soliq idoralariga axborot beradi

Banklar «yashirin iqtisodiyot»ga barham berish uchun mijozlarning hisobvaraqlari haqida soliq idoralariga axborot beradi
Foto: Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy banki boshqaruvining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qo‘shma qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Bu qaror loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama va tanqid qilinib, yashirin iqtisodiyotning «gullab-yashnashi»ga olib kelishi mumkinligi aytildi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu masala yuzasidan o‘z munosabatini bildiradi.

Aksariyat xorijiy mamlakatlar tijorat banklarida AML («Anti-Money Laundering» – «Pul yuvishga qarshi kurash) va KYC («Know Your Customer» – «O‘z mijozingni bil») tizimlari ishlaydi. Tijorat banklari ulardan foydalanish jarayonida shubhali operatsiyalarni tahlil qiladi va noqonuniy pul oqimlari belgilari aniqlansa, bu haqda soliq idoralariga va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash organlariga xabar beradi.

O‘zbekistonda soliq organlari tijorat banklaridan bunday ma’lumotlarni olmaydi. Bu borada nazorat yo‘qligi «yashirin iqtisodiyot»ning paydo bo‘lishi va rivojlanishining asosiy omillaridan biridir.

2020 yil yanvar oyining o‘zida sotuvdan tushgan daromadlari kamaygan 185ta korxona tahlil qilinganda, jismoniy shaxslarning to‘lov kartalari orqali 6,3 mlrd. so‘m miqdorida tovar aylanmasi borligi aniqlandi. Shuncha vaqt davomida ular 27519ta tranzaksiyani amalga oshirgan. Bunda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash faktlari mavjud bo‘lib, ushbu summa hech qanday rasmiy hujjatlarda aks ettirilmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvarda parlamentga qilgan murojaatida «Islohotlarimizga jiddiy to‘sqinlik qilayotgan «yashirin iqtisodiyot»ga barham berilmas ekan, sog‘lom raqobat ham, qulay investitsiya muhiti ham shakllanmaydi» deb ta’kidlagan edi. Buni inobatga olgan holda «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi DSQ va MBning qo‘shma qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu hujjat nima uchun ishlab chiqildi?
Asosiy maqsad - tadbirkorlar soliqlarni to‘lashdan bosh tortmasdan qonuniy faoliyat olib borishini ta’minlashdir. R2R ( jismoniy shaxs kartasidan boshqa kartaga) yordamida pul operatsiyalarini amalga oshiradigan va o‘z faoliyatini qonuniylashtirmagan «ishbilarmonlar»ning nazoratsiz ishtiroki ularga raqobatchilaridan ustunliklarni beradi, shuningdek tayyor mahsulot narxiga ham ta’sir qiladi. Bu o‘z navbatida, soliq majburiyatlarini muntazam ravishda bajaradigan halol soliq to‘lovchilarning huquqlarini buzadi.

Hujjatga ko‘ra, soliq idoralari so‘rov bo‘yicha Markaziy bank va tijorat banklaridan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hisobvaraqlari va R2R (jismoniy shaxslar kartasiga boshqa jismoniy shaxs kartasidan) pul o‘tkazmalarini amalga oshirish to‘g‘risida ma’lumot oladi. Bu ma’lumotlar inson omili aralashuvisiz soliq to‘lovchilarni xavf mezonlari bo‘yicha segmentlashda foydalaniladi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarning savdo aylanmalari aniqlanadi. Bunda mazkur ma’lumotlar hamma soliq xizmati xodimlari uchun ochiq bo‘lmaydi – ma’lumotni tahlil qilish faqat Davlat soliq qo‘mitasida avtomatlashtirilgan tizimda amalga oshiriladi.

Bu haqida Soliq kodeksi nima deydi?
Ta’kidlash joizki, banklar tomonidan mijozlar (yuridik va jismoniy shaxslar) hisobvaraqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning taqdim etilishi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 134-moddasida mustahkamlangan.

Bu moddaga muvofiq, bank har qanday yuridik yoki jismoniy shaxsning hisobvarag‘i ochilganligi (yopilganligi), hisobvarag‘i rekvizitlarining o‘zgartirilganligi to‘g‘risidagi axborotni tegishli hodisa ro‘y bergan vaqtdan e’tiboran uch kun ichida elektron shaklda soliq organiga ma’lum qilishi shart.

Bank tomonidan axborotni ma’lum qilish tartibi va shakllari Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Soliq organining bank mijoziga nisbatan axborot taqdim etish to‘g‘risidagi so‘roviga binoan bank yozma so‘rov olingan kundan e’tiboran uch kun ichida soliq organlariga quyidagilarni berishi shart:
1) mijozning bankda hisobvaraqlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
2) mijozning hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larining qoldiqlari haqidagi ma’lumotlarni;
3) mijozning hisobvaraqlaridagi operatsiyalarga doir ko‘chirmalarni;
4) soliq to‘lovchining soliq majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni.

Ushbu me’yorlarning «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunga muvofiqligi masalasiga kelsak, ushbu qonunning 11-moddasida quyidagilar nazarda tutilgan:
«Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar davlat soliq xizmati organlariga bank mijoziga (vakiliga) soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etiladi».

Mazkur ma’lumotlar bevosita soliqqa tortish bilan bog‘liq, shuning uchun qaror yuqoridagi qonunga zid emas.
Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu hujjatni tayyorlashda xorijiy tajriba o‘rganildi. Masalan, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Polsha, Latviya, Litva kabi mamlakatlarda banklar va soliq idoralari o‘rtasida ma’lumot almashish tizimi yaratilgan.

Raqamlashtirish va «yashirin iqtisodiyot»
Bugungi kunda mamlakatimizda raqamlashtirishning keng joriy etilayotgani natijasida elektron tijorat rivojlandi. Telegram kanallari, Instagram, Facebook orqali uydan chiqmasdan tovarlar va xizmatlarni sotish amalga oshirilmoqda.

Bunday onlayn-do‘konlarning assortimenti ko‘pincha tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan o‘rtacha do‘konlardan farq qilmaydi. Mahsulot yoki xizmat haqini to‘lashda, bunday «sotuvchi»lar aksariyat hollarda pulni jismoniy shaxslar kartasiga (R2R) o‘tkazishni so‘rashadi.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur «tadbirkorlar»ning aksariyati davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Ular daromadlarini deklaratsiya qilmaydi va shu sababli soliqqa tortilmaydi, bu «yashirin iqtisodiyot» o‘sishiga olib keladi.

Hujjatga muvofiq, bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln. so‘mdan va tranzaksiyalar soni 10 tadan oshgan P2P operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni DSQ so‘roviga ko‘ra uch ish kunida taqdim etadi.

Ma’lumotlar maxsus xavfsiz aloqa kanallari orqali uzatiladi.
Soliq organlari aniqlangan holat bo‘yicha ma’lumot olgandan so‘ng har bir alohida sub’ektni tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish borasida o‘rganish olib boradi.

Bunda, jismoniy shaxslarning plastik kartasiga katta miqdordagi mablag‘ kelib tushishi shubhali bo‘lmaganda umuman soliq hisoblanishi uchun sabab bo‘lmaydi. Soliq organlari tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan tadbirkorlik faoliyati mavjudligi bo‘yicha har bir holatni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqadi.

Ta’kidlash joizki, DSQ tijorat banklaridan mijozlar depozitlari, dividendlar va ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni so‘ramaydi.
Agar noqonuniy biznes faktlari aniqlansa, ushbu sub’ektlar faoliyatini qonuniylashtirish uchun zarur choralar ko‘riladi.
Shunday qilib, taklif etilayotgan tartib DSQ, Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasida elektron axborot almashish mexanizmini o‘rnatadi.

Bu quyidagilarni ta’minlashga xizmat qiladi:
- tadbirkorlik sub’ekti sifatida o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tish orqali elektron tijoratni qonuniylashtirish;
- ishonchli soliq bazasini yaratish;
- soliq xavfini tizimli boshqarish;
- «yashirin iqtisodiyot»ni yo‘q qilish va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish.

Ushbu hujjat daromad oladigan barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratishni nazarda tutadi. Soliqlarni to‘lash – bu har bir kishining Konstitutsiyada mustahkamlangan burchi va har qanday halol soliq to‘lovchi soliq to‘lashda tanlangan prinsip yo‘qligi to‘g‘risida, agar kimdir to‘lashi kerak bo‘lsa, kimdir esa to‘lamasa, asosli ravishda hisoblash huquqiga ega, deyiladi DSQ bayonotida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Banklar «yashirin iqtisodiyot»ga barham berish uchun mijozlarning hisobvaraqlari haqida soliq idoralariga axborot beradi