12:36 / 09.04.2020
2 335

Epidemiyadan so‘ng global iqtisodiyotda nimalar o‘zgaradi?

Epidemiyadan so‘ng global iqtisodiyotda nimalar o‘zgaradi?
Foto: Reuters
Koronavirus epidemiyasi global iqtisodiyotni chuqur tahlika ostiga qo‘ymoqda. Bugun u ham tibbiy, ham iqtisodiy nuqtayi nazardan eng ulkan xavfga aylandi. Bu qanday balo ekanki, hanuz nazorat ostiga olib bo‘lmayapti.

Afsuski, xavfli ssenariylar allaqachon haqiqatga aylandi. Virusning dunyo mamlakatlari, ayniqsa, Yevropa va AQSHga tarqalishi dastlabki hisob-kitoblardan ko‘ra ancha yuqori bo‘lgan iqtisodiy xavfni yuzaga keltirdi.

Taqqoslash oson emas, ammo...
Sovid-19 global iqtisodiyotda katta o‘zgarishlarga olib kelishi shubhasiz. Jahon iqtisodiyotining o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda turli xil kesimlarda qanday o‘zgarishlarga yuz tutishi mumkinligi haqida fikr bildirishdan avval bir necha masalani alohida ajratib ko‘rsatish kerak.

Taqqoslash oson bo‘lmasa-da, o‘tmishdagi ulkan bo‘hronlardan so‘ng global iqtisodiyotning qay tarzda tanazzulga yuz tutganini ko‘rib chiqish tarixiy tajriba nuqtayi nazaridan as qotadi. Ammo barcha nazariy bilimlar va tarixiy tajribalar ham muayyan voqelikni baholashda yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu ma’noda tahlildagi ba’zi fikrlar spekulyativ xarakter kasb etishi muqarrar.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng ulkan «tarixiy qulash»

Foto: EPA/Vostock-photo
2020 yilning birinchi yarim yilligida global iqtisodiyot «tarixiy qulash» jarayonini boshdan kechirmoqda. Talab va taklif shoklari bilan bir qatorda moliya bozorlarida qo‘rqinchli tebranishlar mavjud. Bugungiday barcha nomutanosibliklar bir vaqtda yuzaga kelgan va to‘planib qolgan holat ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan edi.

Mazkur inqirozni 1929 yildagi yoki boshqa bo‘hronlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Zotan, global iqtisodiy faoliyatdagi yo‘qotishlarni qoplash uchun 1,5-2 yil kerak bo‘lishi mumkin. Ayni damda iqtisodiyotda ro‘y berayotgan vayronagarchilikka nuqta qo‘yish esa g‘oyat mushkul. Chunki noma’lum parametrlar juda ko‘p. Iqtisodiy tiklanishning qanchalik tez amalga oshirilishi epidemiyaning ikkinchi to‘lqinining qay daraja jiddiyligiga va joriy etilgan qutqaruv paketlarining naqadar samarali bo‘lishiga bog‘liq. Ha, ushbu jarayonda mamlakatlar Sovid-19 inqirozidan imkon darasida tezroq chiqib ketishga harakat qilishlari aniq. Ammo unutmaslik kerakki, har bir mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari global iqtisodiyotning umumiy yo‘nalishiga ham bog‘liq, chunki epidemiya global xarakterga ega.

Global gegemonlik kurashida kim g‘olib bo‘ladi?
Epidemiya, shubhasiz, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi global gegemonlik kurashiga ta’sir o‘tkazadi. Ushbu murakkab davr har ikki mamlakat uchun ham jiddiy sinov davri bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur sinov milliy va global miqyosga ega. Aytish joizki, ikki mamlakatning o‘z hududida epidemiyaga qarshi kurashdagi natijasi ichki siyosat yo‘nalishi nuqtayi nazaridan ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ya’ni mamlakat ichkarisida muvaffaqiyatga erishmay turib, global kurashning asosiy figurasiga aylanishning imkoni yo‘q.

Ayni damda Xitoy ichki siyosat nuqtayi nazaridan ikki ustunlikka ega:

Birinchidan, Xitoy epidemiyani nazorat qilishda sezilarli yutuqlarga erishganini, endilikda mamlakatda kasallikka chalinishning faqat chet el bilan bog‘liq holatlari qayd etilayotganini aytmoqda.

Ikkinchidan, mamlakat ma’muriyatining ajralmas qismi bo‘lgan Xitoy Kommunistik partiyasi ichki nazoratni saqlab qolish osonroq kechadi, degan fikrda. Ammo unutmaslik kerakki, har ikkita afzallikning ham hech qanday kafolati yo‘q.

Xalqaro jamoatchilik Xitoy tomonidan berilayotgan virus bilan bog‘liq ma’lumotlarning shaffofligiga shubha bilan qaramoqda. Agar mutaxassislar taxmin qilganiday, kelgusi oylarda virusning ikkinchi to‘lqini yuzaga kelsa, bu hol Xitoyga siyosiy va ijtimoiy nuqtayi nazardan qay darajada ta’sir ko‘rsatadi – noma’lum.

Ayni damda sog‘liqni saqlash tizimining qamrovi epidemiya markaziga aylangan AQSHning jiddiy muammosidir. Qolaversa, mamlakatdagi ichki siyosiy qutblanish ham epidemiyaga qarshi kurashda konsentratsiyani buzib yubormoqda.

Sinovning ikkinchi miqyosi – globaldir. Xalqaro hamjamiyat AQSH va Xitoyni turli jabhalarda, xususan, davolash jarayonini tezlashtirishdan tortib, vaksina yaratilishi, muhtoj mamlakatlarga yordam berish «poyga»sidagi ishtirokigacha yaqindan kuzatib boradi.

Aytish joizki, yetakchilik borasida ikki mamlakatning ham jiddiy kamchiliklari mavjud. AQSH so‘nggi yillarda ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan xalqaro tizim va institutlarini o‘z qo‘llari bilan zaiflashtirdi. Vashingtonning dardi o‘ziga yetib turibdi hozir. Tabiiyki, uning bunday bir paytda global muammolarning yechimi haqida bosh qotirishga xohish va imkoni yo‘q. O‘z navbatida, Xitoyning diplomatik imkoniyatlari ham yetakchilik uchun hali to‘liq tayyor emas.

Axborot sohasida shaffoflik yetishmayotgani davlatning xalqaro obro‘siga putur yetkazmoqda. Bundan tashqari, virusning inson psixologiyasiga ta’siri tufayli ba’zi jamiyatlarda epidemiyaning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lmish Xitoyga nisbatan salbiy munosabat shakllanib ulgurdi. Bunday vaziyatda esa global maydonda ushbu davlatga oson bo‘lmaydi.

Ta’kidlash joizki, epidemiyaning sog‘liqni saqlash sohasi va iqtisodiyotga ko‘rsatgan ta’sirini yaxshiroq boshqara olgan va virusga qarshi xalqaro kurashning turli yo‘nalishlarida ustunroq bo‘lgan mamlakat global gegemonlik kurashida yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘ladi.

YEIda ishonch eroziyasining oldini olish mumkinmi?
Germaniya ta’siri ostida bo‘lgan Yevropa Ittifoqi (YEI) institutlarining 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozidan keyin Gretsiya, Ispaniya va Italiya kabi Janubiy Yevropa mamlakatlariga nisbatan tejamkorlik siyosati olib borilishi natijasida YEI loyihasiga bo‘lgan ishonch susaydi.

Ko‘plab G‘arb mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi institutlaridan hafsalasi pir bo‘ldi. Natijada Yevropa Ittifoqiga qarshi bo‘lgan populist va millatchi partiyalarning ovoz berish stavkalari sezilarli darajada oshdi.

Agar Yevropa Ittifoqi institutlari virus inqiroziga qarshi kelishilgan holda harakat qilsa, Italiya va Ispaniya kabi qiyin vaziyatlarda bo‘lgan davlatlarga zaruriy yordamni ko‘rsatsa, ishonch eroziyasining oldi olinishi mumkin. Ammo bu imkoniyat allaqachon qo‘ldan chiqqanday, nazarimizda. Agar bu umidsizlikdan tezlik bilan xalos bo‘lish choralari ko‘rilmasa, Yevropa Ittifoqining poydevorlari qo‘porilishi, Yevropa nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham boshi berk ko‘chaga kirib qolishi mumkin.

Xalqaro kompaniyalar investitsiya strategiyalarini ko‘rib chiqadi
Epidemiya sanoat ishlab chiqarishida Sharqiy Osiyoga bo‘lgan haddan tashqari qaramlik global ta’minot tarmoqlari uchun juda jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bundan keyin, tabiiyki, xalqaro kompaniyalar o‘z investitsiya strategiyalarini qaytadan ko‘rib chiqadi.

Xalqaro kompaniyalar ishlab chiqarishlarining bir qismini Xitoydan boshqa mintaqalarga ko‘chirishi mumkin. Ishlab chiqarish sanoatida inson kapitali yuqori darajaga va logistik afzalliklarga ega bo‘lgan boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar uzoq kelajakda xorijiy kapitalni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish orqali global ta’minot zanjiriga bog‘lanishi mumkin.

Biroq rivojlangan G‘arb mamlakatlaridagi ba’zi transmilliy kompaniyalar yangi protektsionizm va globallashuvga qarshi kurashning ifodasi sifatida Amerika va Yevropadagi fabrikalarni o‘z mamlakatlariga qoldirishni tanlashi mumkin. Keng ko‘lamli ishlab chiqarish jarayonini xarajat nuqtayi nazaridan barqaror qilish uchun fabrika ishchilari o‘rnida aqlli robotlarning qo‘llanishi avvalgi taxminlardan ko‘ra ancha tez sur’atlarda amalga tatbiq qilinishi mumkin.

Proteksionizm doirasi kengayishi mumkin
Iqtisodiyotda aholi salmog‘i ortadigan davrga qadam qo‘ymoqdamiz. Bunday davrda mamlakatlar liberal siyosatdan proteksionistik siyosatga o‘tishadi. So‘nggi yillardagi savdo urushlari orqali bu yo‘ldagi dastlabki odimlar tashlandi. Epidemiyadan so‘ng bu jarayon tezlashishi va proteksionizm doirasi kengayishi mumkin. Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar ham kapital va investitsiyalarni saqlash uchun turli tartibga solish mexanizmlarini joriy qilishadi. Biroq Sovid-19 inqirozidan aziyat chekkan ba’zi yirik kompaniyalarni hayotda tutib qolish uchun ekspreparatsiya siyosatini amalga oshirish mumkin.

Masofadan turib ishlash trendda bo‘ladi
Sovid-19 tarqalishi paytida ko‘plab kompaniyalar masofadan turib ishlashning turli usullarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Epidemiyadan keyin masofadan turib ishlash, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasida keng qo‘llanishi mumkin. Ushbu tajriba yirik kompaniyalarga, ayniqsa, ba’zi bo‘limlarga tashqaridan ko‘proq xizmatlarni sotib olish uchun yo‘l ochishi mumkin.

Ishsizlik, qarzlar va daromadlarni taqsimlash

Foto: Reuters
Afsuski, iqtisodiy faollikning keskin pasayishi natijasida ishsizlik kuchayadi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning bashorat qilishicha, eng yomon ssenariy bo‘yicha virus tufayli dunyo bo‘ylab ishsizlar soni 25 millionga ortishi mumkin.

Shuningdek, ba’zilar o‘z ish joylarini yo‘qotmasalar ham daromad darajasi bir muncha vaqt davomida normaldan past bo‘lishi mumkin. Yuqori darajadagi ishsizlik va past daromad qarz darajasining oshirishi va daromad taqsimoti yomonlashishiga olib kelishi mumkin. O‘z navbatida daromadi past insonlarning tobora ortib borayotgan muammolari mamlakat ichki siyosatida jiddiy bo‘hronlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Agar markaziy partiyalar ijtimoiy muammolarning yechimini topa olmasa, tobora kuchayib borayotgan populistik partiyalar siyosiy maydonda hukmronlik qilishi mumkin.

Globallashuvning ijtimoiy jihatlari
Globallashuv nafaqat ishlab chiqarish va savdo nuqtayi nazaridan, balki ijtimoiy jihatdan ham tushkunlik changalida qolishi mumkin. Chet elda dam olishni afzal ko‘rish hajmining qisqarishi, xalqaro yarmarka va konferensiyalardagi ishtirokning kamayishi, tashqi muxolifatning kuchayishi kabi holatlar turizm sohasiga jiddiy zarar yetkazishi kutilmoqda. Bunday ssenariy yuzaga chiqqudek bo‘lsa, mamlakatlar va odamlar o‘rtasidagi bilim va tajriba almashish jarayoni ham ma’lum darajada pasayishi mumkin.

Demografik muammolar
Virus, shubhasiz, qariyalarga ko‘proq ta’sir qildi. Yevropaning ko‘plab mamlakatlari o‘rtacha yosh darajasi yuqori bo‘lgani tufayli sog‘liqni saqlash tizimida boshqarish qiyin bo‘lgan inqirozlar yuzaga kelganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Ustiga ustak, ular bir muncha vaqtdan beri o‘sib borayotgan o‘rtacha yoshning pensiya tizimiga va davlat moliyasiga salbiy ta’sir o‘tkazayotganiga guvoh bo‘lib kelishayotgan edi.

Tabiiyki, ushbu tendensiyani to‘xtatish uchun ba’zi davlatlar farzand ko‘rishni rag‘batlantiruvchi ijtimoiy siyosatni diversifikatsiya qilishi mumkin. Bu Yevropaning iqtisodiy dinamikasini qaytarish uchun so‘nggi imkoniyatlardan biri. Biroq YEIning mavhum kelajagi va yetakchilik muammosi bilan bog‘liq xavflarni hisobga olsak, ko‘hna qit’a mazkur muammoni hal qila oladimi, yo‘qmi degan savol o‘rtaga chiqadi.

Sog‘liqni saqlash xarajatlari
80-yillarga kelib, hayotning deyarli barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatgan neoliberal siyosat ko‘plab mamlakatlarda sog‘liqni saqlash tizimida aholi salmog‘ining sezilarli darajada kamayishiga olib keldi. Rivojlangan G‘arb mamlakatlarida xususiy sug‘urta kompaniyalari sog‘liqni saqlash tizimidagi bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qildi. Biroq bu nuqtada ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Masalan, AQSHda 27,5 million odam tibbiy sug‘urtaga ega emas.

Barak Obama eng muhim saylov va’dalaridan birini – sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirgandi. Biroq Donald Tramp «Obamacare» nomi bilan tanilgan mazkur islohotlarni samarasiz, deb baholadi.

Yevropada sog‘liqni saqlash tizimining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi global moliyaviy inqirozdan keyin kuchga kirgan tejamkorlik siyosati sabab butkul susaydi. Natijada ba’zi G‘arb mamlakatlarining sog‘liqni saqlash tizimi epidemiyaga bardosh bera olmadi.

Endilikda jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan tanqid va tazyiqlarni inobatga oladigan bo‘lsak, ko‘plab mamlakatlarda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish masalasi tezda kun tartibiga chiqishi aniq.

Global iqlim o‘zgarishi
Ushbu epidemiya biz e’tibordan chetda qoldirgan bir qancha xavf-xatarlarni ko‘rsatdi. U tirik mavjudotlarning hayotiga chuqur ta’sir qiluvchi muammolarga, xususan, global iqlim o‘zgarishiga nisbatan sezgirroq munosabatda bo‘lishga undadi. Epidemiya oxir-oqibat ongli ravishda iste’mol qilishni rag‘batlantirish, yangi avlod texnologiyalari yordamida uglerod chiqindilarini kamaytirish, o‘rmonlar yo‘q qilinishining oldini olish va boshqa ko‘plab tartibga soluvchi profilaktik choralarning qat’iy harakat tusini olishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Bir hovuch mamlakatning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ko‘radigan choralari yetarli emasligi sababli milliy va global miqyosda muvofiqlashtirilgan strategiya va siyosatni amalga oshirish juda muhimdir. Xalqaro jamoatchilik fikri G20 mamlakatlarini iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishga majbur qilishi mumkin.

Suvga bo‘lgan ehtiyoj
Viruslardan himoya usuli sifatida odamlar qo‘llarini va uyga olib kelgan mahsulotlarni tez-tez yuvmoqdalar. Ushbu odat, ehtimol, epidemiyadan keyin ham psixologik jarayon sifatida davom etishi mumkin. Shunday qilib, kelgusi yillarda dunyo bo‘ylab suvga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi ehtimoldan yiroq emas. Atrof-muhit muammolari tufayli toza suv manbalariga erishish qiyin bo‘lgan asrimizda suvga bo‘lgan talabning tobora ortishi ayrim mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar chuqurlashishiga olib kelishi mumkin.

Iqtisodiy paketlarni moliyalashtirish
Sovid-19 inqirozining iqtisodiyotga ta’sirini minimal darajada ushlab turish uchun joriy etilgan qo‘llab-quvvatlash paketlarining umumiy hajmi 7 trillion dollarga yetdi. Epidemiya nazorat ostiga olinib, iqtisodiy faoliyat normal holatga qaytguniga qadar ushbu iqtisodiy paketlarning davlat moliyalariga yuklanishi muammo bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, ma’lum bir vaqtdan so‘ng, ortib borayotgan budjet defitsitini moliyalashtirish va davlat qarzini nazorat qilish masalalari muhokama mavzusiga aylanadi. Davlatlar budjet taqchilligini yopish uchun soliq tizimida islohotlar o‘tkazishlari mumkin. Soliq tushumlarini ko‘paytirish uchun ulkan boy segmentlardagi daromad solig‘i yoki virus inqirozi paytida ortiqcha daromad keltiradigan sektorlardan olinadigan qo‘shimcha soliqlar moliya radariga kiritilishi mumkin.

Boshqa tomondan, 250 trln dollardan oshgan global qarz zaxirasi yangi qarzlar evaziga ko‘payishi ortidan qarzlarni bekor qilish to‘g‘risida talablar paydo bo‘ladi. Soliq islohotlari mamlakatlarning ichki siyosatida, qarzni qaytarish rejalari esa xalqaro miqyosda keskin kurashlarga olib keladi.

«Makiyajli innovatsiya»lardan ne naf?
Olamshumul texnologik o‘zgarishlar va yangiliklarga qaramay, epidemiya oddiydek tuyuladigan ba’zi masalalarda insonning ojiz ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Bundan tashqari, texnologiyaga yo‘naltirilgan kompaniyalarning ilmiy-tadqiqot ishlari uchun qilgan sarf-xarajatlari va olgan patentlari inson salomatligi va unumdorlikni oshirish kabi iqtisodiy rivojlanishning asosiy tarkibiy qismlariga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatgani to‘g‘risida endi qator savollar tug‘ilmoqda.

Farmatsevtika kompaniyalari tomonidan olingan patentlarning necha foizi arzon narxlarda sotiladigan foydali dori vositalariga aylangani ham so‘roq ostida. Global farmatsevtika kompaniyalari ijtimoiy manfaatlarni emas, o‘z bozor ulushlarini himoya qilish motivi bilan harakat qilishgani endi hech kimga sir emas.

Neoliberalizm va globallashuv bilan birga kechgan so‘nggi 40 yil bizni shunchalik buzdiki, nima foydali, nima foydasizligini farqlay olmay qoldik. Odamlar o‘z pullarini, kapitallarini, ilmiy-tadqiqot kompaniyalari esa investitsiyalarini asosan foyda chiqadigan joyga sarf qilmoqdalar. Olam va odam ko‘pincha shunchaki namoyish qilish uchun ishlatiladigan «makiyajli innovatsiya»lardan ko‘ra ko‘proq haqiqiy ixtiro-yangiliklarga muhtoj. Ayniqsa, global iqlim o‘zgarishi kabi katta muammolarni hal etish uchun biz innovatsiyalarga bo‘lgan qarashlarimizni butkul o‘zgartirishimiz kerak.

Xulosa qilib aytganda...
Sovid-19 tarqalish tezligini pasaytirish uchun ba’zi Osiyo mamlakatlarida aqlli mobil ilovalar samarali qo‘llanmoqda. Masalan, Isroil hukumati razvedka agentligiga shunga o‘xshash maqsadda odamlarni mobil telefonlar orqali kuzatib borishga kengroq vakolat berdi. Turkiyada ham uy karantinidagi bemorlar mobil aloqa operatorlari yordamida kuzatuvga olingan.

Epidemiya sharoitida shunga o‘xshash dasturlarga bo‘lgan ehtiyojning otishi tabiiy hol. Smartfonlar, taqiladigan qurilmalar, teri osti texnologiyalari va yangi avlod mashinalari ba’zi mamlakatlar tomonidan epidemiyadan keyin ham turli maqsadlarda ko‘proq qo‘llanishi mumkin. Bu jarayonda ehtimoliy amaliyotlar, ayniqsa, inson huquqlari va erkinliklari qizg‘in muhokama qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, Sovid-19 inqirozi global iqtisodiy tizimga turfa yo‘llar orqali ta’sir qilishi mumkin. Uning zarba to‘lqini turli mamlakatlarda turli darajada seziladi. Yuqori ijtimoiy kapitalga ega davlatlar ushbu inqirozni yengishda muvaffaqiyatli bo‘lishadi.

Otabek Tillayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Epidemiyadan so‘ng global iqtisodiyotda nimalar o‘zgaradi?