13:20 / 11.05.2020
2 268

Senat YEOIIga «kuzatuvchi davlat» maqomida qo‘shilishni ma’qulladi

Senat YEOIIga «kuzatuvchi davlat» maqomida qo‘shilishni ma’qulladi
Senat O‘zbekistonning Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqida «kuzatuvchi davlat» maqomida ishtirok etishi to‘g‘risida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qarorni ko‘pchilik ovoz bilan tasdiqladi. Bu haqda yuqori palata saytida xabar berilgan.

Xabarda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar va hisob-kitoblar Senat qo‘mitalari va maxsus ishchi guruhi yig‘ishlarida yetakchi ekspert va mutaxassislarning ishtirokida chuqur tahlillar asosida muhokama qilingan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shahar Kengashlari tomonidan ham muhokama qilingan.

«Yalpi majlisda ham ushbu masala qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi», deyiladi xabarda.

YEOII doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tarafdorlarining fikriga ko‘ra, ushbu tashkilot bilan hamkorlik tashqi savdo hajmining o‘sishi, mamlakatimizda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini YEOIIga a’zo davlatlarga bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirmasdan eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, YEOII bilan hamkorlik transport-kommunikatsiya va yuklar tranziti sohasidagi manfaatlariga ijobiy ta’sir qiladi. YEOIIga a’zo davlatlarda o‘z mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimizga keng imkoniyat yaratadi.

Qarshi ovoz bergan senatorlar iqtisodiyotimizning qator tarmoqlarida ishlab chiqarish sur’atlarining pasayishi, muayyan darajada ish o‘rinlarining yo‘qotilishi, investitsiya faoliyati va sanoat modernizatsiya jarayonlarining sustlashishiga olib kelishi mumkinligini bildirdi.

Shuningdek, muayyan davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari narxlarining oshishi, ularning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir qilishi hamda ichki bozorda import mahsulotlari hajmi ko‘payishini ham ta’kidlashdi. Bundan tashqari, respublikaning savdo saldosi va to‘lov balansi holati yomonlashishi xavfi borligi qayd etildi. Mamlakatimiz manfaatlari uchun Jahon savdo tashkilotiga a’zolik masalasi dolzarbroq ekanligi ham aytib o‘tildi.

Yakunda senatorlar O‘zbekiston Respublikasining YEOIIga «kuzatuvchi davlat» maqomida qo‘shilishni ma’qulladi. Xabar qilinishicha, 16 nafar senator qarshi ovoz bergan, 4 nafari esa betaraf qolgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Senat YEOIIga «kuzatuvchi davlat» maqomida qo‘shilishni ma’qulladi