23:07 / 04.09.2020
2 546

Klaster tufayli baliqchilik agrar usuldan sanoat usuliga o‘tmoqda

Klaster tufayli baliqchilik agrar usuldan sanoat usuliga o‘tmoqda
Foto: Xasan Paydo/Xalq so‘zi
Katta avlod vakillarining aytishicha, ilgari baliq narxi mol go‘shtinikidan besh barobar arzon bo‘lgan! Bugun-chi? Bozorda baliqning bahosi qancha? Supermarketlarda-chi? Baliqning ayrim turlari mol va qo‘y go‘shti narxiga yetib olgani ayni haqiqat. Davlat statistika qo‘mitasining hisobotida keltirilishicha, 2020 yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida go‘sht, shu jumladan, parranda go‘shti va baliq narxi 10 foiz qimmatlashgan.

Xo‘sh, baliq mahsulotlari aholi og‘rinmasdan xarid qiladigan narxga qachon tushadi?

Ekspertlarning izohlashicha, baliq bahosiga ta’sir qiluvchi bir necha omillar mavjud. Shulardan eng asosiysi, garchi keyingi paytda baliq yetishtirish hajmi ortishi kuzatilayotgan bo‘lsa-da, ko‘rsatkichlar hali mamlakat aholisi ehtiyojiga yetarli darajaga chiqqani yo‘q. Taklif kam sharoitda talab ortishi va narx yuqori bo‘lishi esa bozor iqtisodiyotining o‘zgarmas qonuniyatidir.

Shu bois baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi tashkil etilib, tarmoqqa intensiv texnologiyalarni joriy etish, suv havzalaridan unumli foydalanish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Maqsad baliq yetishtirish hajmini keskin oshirish orqali ushbu shifobaxsh parhez mahsulot bahosini aholining barcha qatlami cho‘ntagi ko‘taradigan darajaga keltirish, qayta ishlash quvvatlarini qayta tiklashdir.

Mahsuldorlikni qanday oshirish mumkin?
Darhaqiqat, baliqchilikda mahsuldorlikni oshirish maqsadida xorijiy davlatlar tajribalari o‘rganilib, amaliyotga ilg‘or usullar keng qo‘llanilmoqda. Bunda suv bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lgan baliqchilik xo‘jaliklari ish yuritishning innova­sion shakli bo‘lgan klasterlarga ay­lantirilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sababi baliqchilik klasterlari bosqichma-bosqich mahsulot yetishtirishning intensiv usuliga o‘tkazilmoqda.

Toshkent viloyatidagi “TST Fish Cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib ish boshlagan baliqchilik klasterlaridan biri hisoblanadi. U Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi tegishli qarori bilan Quyi Chirchiq tumanidagi «Baliqchi» aksiyadorlik jamiyati negizida tashkil etilgan.

Aytish joizki, yangi tuzilma oldiga zamonaviy usullar va intensiv texnologiyalarni jadal o‘zlashtirish, suv havzalari holatini yaxshilash, mavjud moddiy-texnika vositalarini tubdan yangilash evaziga baliq yetishtirishni ko‘paytirish, hatto eksport qilish vazifasi qo‘yilgan edi. Shunday ekan, o‘tgan vaqt mobaynida ushbu vazifalarning ijrosi qanday bo‘ldi?

— Avvalo, shuni e’tirof etish kerakki, hozirgi paytda tarmoqni rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda, — deydi “TST Fish Cluster” MCHJ rahbari, senator Murtazo Rahmatov. — Bir misol, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab baliq yetishtirish yillik quvvati kamida 50 tonna bo‘lgan klas­terlar dastlabki uch yil davomida barcha soliq va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etildi. Bu mahsulot yetishtirish agrar usulda qolib ketgan baliqchilik tarmog‘ini sanoatlashtirish, unga investitsiya ki­ritish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun juda katta g‘amxo‘rlikdir.

Chunki baliqchilikda agrar usuldan sanoat usuliga o‘tishimizni hayotning o‘zi taqozo etyapti. Havzaga baliq chavoqlarini tashlab, tabiiy holda rivojlanishini kutib o‘tiradigan zamon o‘tib ketdi. Mahsuldorlikni oshirish uchun Xitoy, Vetnam, Vengriya, Germaniya kabi davlatlarda o‘zini oqlagan intensiv usullarni keng qo‘llashimiz zarur. Keyingi paytda yurtimizda, asosan, Xitoy usuli ommalashmoqda. Bu esa havzalar o‘rtacha mahsuldorligini 15 — 20 sentnerdan 65 — 70 sentnerga ko‘tarishga mustahkam poydevor ­yaratmoqda.

4-5 yil ichida baliq genofondi to‘liq yangilanadi
Xo‘jalik tasarrufidagi umumiy yer maydoni 3076,8 gektarga teng bo‘lib, shundan tovar baliq ­yetishtirish mo‘ljallangan suv havzalari 1780,2 gektarni tashkil etadi. Ular klaster ixtiyoriga berilgach, jamoa ishni mavjud havzalar va suv yo‘llarini qayta ta’mirlash, meliorativ holatini yaxshilashdan boshladi. Faqat ushbu yo‘nalish uchun 967,1 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada qisqa vaqt ichida havzalar chuqurligi 1,8-2 metrga yetkazilib, o‘txo‘r baliqlar parvarishlash uchun ham zarur shart-­sharoitlar yaratildi.

“TST Fish Sluster” MCHJ direktori o‘rinbosari Timur Alimovning aytishicha, klasterda tovar baliq yetishtirish va birlamchi qayta ishlashning to‘liq «zanjiri» yaratilgan. Ayni paytda bu yerda zog‘orabaliq, do‘ngpeshona (tolstolobik), oqamur kabi baliq turlari parvarishlanmoqda. Baliq chavoqlari olish va o‘stirish uchun 36,8 gektarlik havzada ona baliqlar parvarishlansa, 478,8 gektarlik havzada klaster ko‘llarini baliqlantirish uchun chavoqlar tashlanadi.

— Baliqchilik rivoji ko‘p jihatdan uning genofondiga bog‘liq, — deydi T. Alimov. — Biroq O‘zbekistonda 30 yildan buyon baliq genofondi yangilanmagan edi. Ushbu masalaga o‘tgan yildan buyon davlat miqyosida e’tibor qaratila boshlandi. Biz ham baliq genofondini yangilash maqsadida Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasidagi bir qator baliqchilik xo‘jaliklari bilan muzokaralar olib borib, yaqinda Astraxan oblastidagi «Ribopitomnik Chaganskiy» baliqchilik xo‘jaligi bilan kelishuvga erishdik. Shartnomaga ko‘ra, 2021 yilning may-iyun oylarida barcha baliq turlarining lichinkalari yetkazib beriladi. Buning natijasida yaqin 4-5 yil ichida klasterda baliq genofondi tubdan yangilanib, mahsuldorlik bir necha barobar ortishiga erishiladi.

El dasturxoniga 5340 tonna parhez mahsulot
Baliqchilik tarmog‘ining izchil rivojlanishi xalqimizni sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, sohada mulkchilik munosabatlarini takomillashtirish hamda tabiiy suv havzalaridan oqilona foydalanishda keng imkoniyat yaratmoqda.

Yetti xazinaning biri bo‘lgan baliqchilikni yanada rivojlantirish uchun mamlakatimizda suv havzalari resurslari ham, ishonchli va ­ilmiy asoslangan loyihalar ham yetarli.

Eng asosiysi, ulardan yanada samarali foydalanish choralarini ko‘rish!

“TST Fish Cluster”ning salkam 500 kishilik jamoasi joriy yilgi mavsumda elimiz dasturxoniga 5340 tonna baliq yetkazib berishga ahd qilgan. Buning uchun mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinayotir. Ammo bu chegara emas. Havzalar mahsuldorligi yil sayin ortib borishi kutilmoqda. Masalan, kelgusi yilda 6000 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.

Tabiiy savol tug‘iladi: bunga qanday erishiladi?
Intensiv texnologiyalar ana shunday qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim etmoqda.

Gap shundaki, klasterda baliq yetishtirish sekin-asta to‘liq intensiv usulga o‘tkaziladi. Bunda Xitoy tajribasiga tayanilayotgani amalda o‘z samarasini beryapti. Shuning uchun yaqinda intensiv usulda zog‘orabaliq yetishtirish loyihasi doirasida Xitoyning “E-LINE CO Ltd” kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi.

Ayni paytda mazkur kompaniya tomonidan havzalar yopiq suv ta’minoti qurilmasi bilan jihozlanmoqda. Loyiha qiymati 238536 dollarga teng bo‘lib, qurilmalar shu yilning sentabr oyida ishga tushiriladi. Buning sharofati bilan havzalarning har gektarida 60 tonnadan 90 tonnagacha tovar baliq ovlash imkoniyati yuzaga keladi.

Fosforga boy mahsulotlar ishlab chiqariladi
Bugun soha korxonalari oldiga nafaqat baliq yetishtirish hajmi, balki turlarini ko‘paytirish, is­te’molchilarga tanlash imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yilmoqda. Chunki hamon baliq konservalari, forel, osyotr, losos kabi qimmatbaho baliqlarga bo‘lgan ichki ehtiyoj, asosan, import hisobiga ta’minlanmoqda.

Shunday ekan, “TST Fish Cluster” import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ko‘paytirish maqsadida qanday loyihalar ustida ishlamoqda?
Korxona rahbarining aytishicha, 2022 yilda yakunlanishi belgilangan qiymati 55 million AQSH dollariga teng loyiha aynan yurtimizda kam uchraydigan noyob baliq turlarini ko‘paytirishga qaratilgan.

— Forel, osyotr, losos singari baliq turlari yurtimizdagi tabiiy suv havzalarida yasholmaydi, — deydi M. Rahmatov. — Ular sovuq suv baliqlari hisoblanib, yaxshi o‘sib rivojlanishi uchun suvning harorati va ozuqa tarkibi muhim ahamiyatga ega. Ya’ni suv harorati 15 — 17 daraja bo‘lishi va yuqori proteinli maxsus omixta yem bilan oziqlantirilishi talab qilinadi. Shu bois klasterda 10 gektar maydonda yopiq suv havzasi bunyod etish, uni suvni sovitish qurilmalari bilan jihozlash ishlari boshlab yuborildi. Maxsus baliq ozuqasi ­ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida esa xorijiy kompaniyalar bilan ­muzokaralar olib borilyapti.

Kelgusida klaster tizimida eng zamonaviy texnologiyalar jalb etilib, baliq shu yerning o‘zida chuqur qayta ishlanadi. Jumladan, dudlangan baliq, turli konservalar, fosforga boyitilgan kotlet va pashtet, shuningdek, yuqori sifatli ­boshqa mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtiriladi. Birgina ushbu loyiha doirasida 5 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi, 850 ta yangi ish o‘rni ochilishi kutilmoqda.

Umuman olganda, “TST Fish Cluster” baliqchilik klasteridagi bu kabi loyihalar yurtimizda baliqchilik sanoatida amalga oshiri­layotgan ulkan ishlardan bir misol xolos. Zero, ushbu sohani rivojlantirishga davlat miqyosida jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Baliqchilik klasterlari va xo‘jaliklari samarali faoliyat yuritishi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 29 avgust kuni imzolangan «Baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror asosida baliqchilik sohasiga navbatdagi imtiyozlar berilyaptiki, bular, pirovardida mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish, uning tannarxi arzonlashishiga olib keladi.

Said RAHMON

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Klaster tufayli baliqchilik agrar usuldan sanoat usuliga o‘tmoqda