10:00 / 15.11.2020
3 317

Toshkent shahar hokimi 500 million dollar tashqi qarz jalb etishni rejalashtirganmi?

Toshkent shahar hokimi 500 million dollar tashqi qarz jalb etishni rejalashtirganmi?
Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston poytaxti xalqaro suveren reyting bahosiga ega ekanini ta’kidlab, yevrobond masalasida fikr bildirgan. Uning nutqida 500 million dollar haqida so‘z yuritilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha nutq qilgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yevrobond haqida gapirib o‘tgan, deb xabar bermoqda Kun.uz nashri.

«Yevroobligatsiya masalasi bo‘yicha, Fitch’dan reytingimiz bor, shaharniki. Unga 500 million (dollar – tahr.) beraman, 100 millionni, ruxsat bersangiz, shifoxonalarga ishlatsak», — degan shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Yevroobligatsiya (yevrobond) — xalqaro moliya bozoridan qarz jalb etish uchun o‘rnatiladigan qimmatli qog‘oz, obligatsiya kuponlar.

Ortiqxo‘jayev so‘zlari yuzasidan Toshkent shahar hokimligi rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida izoh berilmagan. Shuningdek, «O‘zbekiston24» tayyorlagan reportajda hokimning 500 million dollar qiymatdagi yevroobligatsiya chiqarish rejasi aniq bayon etilmagan.

Budjet kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida mahalliy hokimliklar budjetini qabul qilish va ijro etishda tegishli budjetlar mablag‘lari hisobidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga moliyaviy kafolatlar va kafilliklar berishga hamda yuridik va jismoniy shaxslarga budjet ssudalari va kredit liniyalari berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Prezident qaroriga muvofiq, ilk marotaba jahon moliya bozorlarida O‘zbekiston Respublikasining umumiy hajmi 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi 5 va 10 yil muddatli suveren xalqaro obligatsiyalari joylashtirilgandi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi suveren qarzlar, shu jumladan korporativ (bank) qarz majburiyatlari emissiyasini muvofiqlashtirish bo‘yicha barcha operatsiyalarni amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.

Moliya vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, shahar hokimligining yevrobondlarni joylashtirish masalasida taklifi Moliya vazirligiga kelib tushmagan, xususan, bu haqda vazirlik xabardor qilinmagan.

Ma’lumot uchun, Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkentga suveren reyting darajasida «Barqaror» prognozi bilan uzoq muddatli «BB-» reytingini bergan. Toshkentda shunday reyting mavjudligi quyidagi imkoniyatlarni beradi:
  • shahar haqida ma’lumotlar tarqatish, maqbulroq imij va nom yaratish;
  • yirik korporatsiyalar, moliyaviy tuzilmalar, davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan shaharga qiziqish paydo bo‘lishi hisobiga potensial investorlar doirasini kengaytirish;
  • kreditorlar bilan kredit liniyalari taqdim qilish shartlarini o‘zgartirish maqsadida muzokaralar olib borishni yengillashtirish;
  • uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish moliyaviy shartlarini yengillashtirish;
  • shahar nomzodining biror tanlov, misol uchun, katta ko‘lamli iqtisodiy, madaniy yoki sport tadbirini tashkillashtirish huquqini olish uchun imkoniyatlarini oshirish.

Fitch Ratings agentligi AQSH moliyaviy korporatsiyasi bo‘lib, Standard & Poor’s va Moody’s reyting agentliklari bilan bir qatorda, uchta eng nufuzli xalqaro reyting agentligidan biri sifatida ma’lum. Fitch Ratings kabi agentlikdan ijobiy reyting olish shahar yoki davlatning investorlar oldida moliyaviy ishonchliligi kafolati hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Toshkent shahar hokimi 500 million dollar tashqi qarz jalb etishni rejalashtirganmi?