08:00 / 21.11.2020
2 821

O‘zbekiston ilk marotaba so‘mda suveren obligatsiyalar joylashtirdi

O‘zbekiston ilk marotaba so‘mda suveren obligatsiyalar joylashtirdi
Foto: Moliya vazirligi matbuot xizmati
O‘zbekiston tarixida ilk marotaba xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutada 2 trillion so‘m hajmida suveren obligatsiyalar joylashtirdi. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov o‘z Twitter’idagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

«O‘zbekiston tarixida ilk bor xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutamiz — so‘mda 2 trillion so‘m hajmda suveren obligatsiyalar London fond birjasiga joylashtirildi. Ushbu yutuq o‘zbek so‘mini moliya bozorlarida o‘z o‘rnini topishiga dadil qadam bo‘lsin», — deb yozadi Ishmetov.

Moliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, oldinroq qator yirik xalqaro investorlar tomonidan respublikaning makroiqtisodiy istiqbollari va tizimli islohotlari yuzasidan ijobiy xulosa berilgan, hamda nafaqat dollarda, balki o‘zbek so‘mida ham denominatsiya qilingan suveren xalqaro obligatsiyalarning chiqarilishiga ham qiziqish bildirilgan.

«Gazeta.uz»ning yozishicha, xalqaro obligatsiyalarning milliy valyutada chiqarilishi valyuta xatarlarini kamaytirishga xizmat qilish bilan birga, kelajakda ichki moliya bozoriga, jumladan, davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni jalb qilish uchun zamin yaratadi.

Investorlar takliflariga binoan 750 million AQSH dollari miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalarni 2 transhda — 10 yillik muddat bilan AQSH dollarida va 3 yillik muddat bilan o‘zbek so‘mida — chiqarish va London fond birjasida joylashtirish bo‘yicha boshlang‘ich foiz stavkalar, mos ravishda 4,25 foiz atrofida va 15,25 foiz atrofida belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda O‘zbekiston mustaqil tarixida birinchi marta 5 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni 4,75 foizdan, 10 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni esa 5,375 foizdan joylashtirgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston ilk marotaba so‘mda suveren obligatsiyalar joylashtirdi