20:00 / 31.12.2020
2 323

Pandemiyadan nimani o‘rgandik? Hukumatning iqtisodiy bloki rahbarlari javob berdi

Pandemiyadan nimani o‘rgandik? Hukumatning iqtisodiy bloki rahbarlari javob berdi
Pandemiya bilan eng old frontda shifokorlar kurashdi, shu bilar birga, koronavirus tufayli paydo bo‘lgan iqtisodiy inqirozga qarshi kurashish ham virusning o‘ziga qarshi kurashdan kam qiyin bo‘lmadi. Kun.uz’ning pandemiya sizga nima o‘rgatdi, deya yo‘llangan savoliga hukumatning iqtisodiy blok rahbarlari o‘z munosabatini bildirdi. Quyida javoblarning birinchi guruhi taqdim etiladi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev:

Savolingiz bir faylasufning firkini yodimga soldi: «Ehtiyoj insonni buyuk kashfiyotchi qilib yaratadi», degan edi. Har qanday qiyinchilik sizni sinovdan o‘tkazadi va undan g‘olib bo‘lib chiqish uchun butun vujudingiz bilan tafakkuringizni to‘liq ishga solishga majbur bo‘lasiz. Pandemiya uchta narsani o‘rgatdi: inson salohiyatining cheksizligi (1), barcha qiyin muammolarning yechimini pastda, oddiy deb qaralgan masalalardan qidirishni (2), soliqlarni majburlab emas, ixtiyoriy to‘latish orqali ko‘proq yig‘ish mumkinligini (3).

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddin Sharipov:

Pandemiya bizni mutlaqo o‘zgacha fikrlashga o‘rgatdi, davlat boshqaruvi va an’anaviy biznes jarayonlarini butkul yangi yondashuvlarga almashtirish mumkinligini va ularning samaradorligini ko‘rsatib qo‘ydi, qarorlarni qabul qilganda moslashuvchanlik va tezkorlikni birinchi o‘ringa chiqardi va eng asosiysi hayotimizda bag‘ri keng xalqimizning o‘rnini yana bir bora qanchalik katta ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Professional nuqtayi nazardan, yuzaga kelgan vaziyat raqobatni cheklash va iste’molchilar xuquqlarini buzishga urinishlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish va choralar ko‘rishni ta’minlaydigan mexanizmni yaratish zaruratini oldimizga qo‘ydi. Oddiy fuqaro nuqtayi nazaridan biz doim immunitetimizni saqlab turish uchun sog‘lom turmush tarzini olib borishimiz, oila va yaqinlarimizni qadrlash qanchalik muhimligini angladik.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov:

Pandemiya barcha jabhalarda elektron-onlayn xizmatlar, savdo va muloqotni rivojlantirish orqali davlat organlarini xalqqa yaqinlashtirdi.

Endigi vazifamiz orttirilgan tajriba asosida interaktiv xizmatlarni yangi bosqichga ko‘tarish va elektron savdolarni izchil joriy etish orqali shaffoflikni ta’minlashdir!

O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi rahbari Ziyovuddin Badriddinov:

Axborot texnologiyalari va elektron tijoratning jamiyatda tutgan haqiqiy o‘rnini va zaruratini ko‘rsatib berdi. Rejalashtirilgan ishlarimizni belgilangan muddatidan avvalroq bajarishga kirishish lozimligi, yuzaga kelgan biron bir muammoni hal qilishda har doim plan «B» bo‘lishi kerakligi zaruriyati yaqqol namoyon bo‘ldi.

Pandemiya boshqaruvda inson resurslari, jipslashgan jamoaning ahamiyatini va ularni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash lozimligi, og‘ir sharoitda xavf-xatar va muammolar yanada ortishi mumkinligini ham o‘rgatdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Pandemiyadan nimani o‘rgandik? Hukumatning iqtisodiy bloki rahbarlari javob berdi