21:56 / 09.01.2021
1 432

Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi belgilandi

Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (1-son, 07.01.2021 y.) bilan Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, soliq organlari quyidagi soliq tekshiruvlarini o‘tkazadi:
  • kameral soliq tekshiruvi;
  • sayyor soliq tekshiruvi;
  • soliq auditi.

Kameral soliq tekshiruvi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
  • soliqqa oid qonun hujjatlari buzilishi sodir etilganligi xavfi bo‘lganida;
  • taqdim qilingan soliq hisobotida tafovut yoki xatolar aniqlanganida.

Mazkur tekshiruv soliq organi rahbarining buyrug‘i asosida, 60 kundan oshmagan muddatda o‘tkaziladi.

Kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha 2 kunda soliq to‘lovchiga talabnoma yuboriladi. Soliq to‘lovchi 10 kunda kamchiliklarni bartaraf qilib tasdiqlovchi hujjatlar bilan soliq organiga berishi kerak. Sayyor soliq tekshiruvi 10 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.

OAVda soliq va valyutaga oid huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlar e’lon qilinsa, sayyor soliq tekshiruvi uchun asos bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishning yana 5 ta asosi mavjud.

Sayyor soliq tekshiruvida hujjatlar va buyumlarni tungi vaqtlarda (23.00 dan 06.00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida) olib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Soliq auditi quyidagi soliq to‘lovchilarda o‘tkaziladi:
- soliq tavakkalchiligining yuqori toifasiga mansub bo‘lgan;
- kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan hisobotni taqdim etmasa;
- ixtiyoriy tugatilayotgan yuridik shaxslarda;
- soliq to‘lovchilarning jinoiy ishlar bo‘yicha moliya-xo‘jalik faoliyati taftish qilinish doirasida;
- faoliyatini to‘xtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)