09:56 / 16.03.2021
662

DSQ daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani 1 aprelgacha topshirish lozimligini ma’lum qildi

DSQ daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani 1 aprelgacha topshirish lozimligini ma’lum qildi
Soliqni to‘lash muddati buzilganda to‘lov muddati belgilangan kundan keyingi sanadan e’tiboran o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun penya hisoblanadi. Shuningdek, daromadlar to‘g‘risida deklaratsiyani o‘z vaqtida taqdim etmaslik eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘tgan soliq davri uchun jismoniy shaxslarning daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishning oxirgi muddati – 1 aprelga sanoqli kunlar qoldi. Shuni inobatga olib Davlat coliq qo‘mitasi inspektori Sanjar Xayriddinov mazkur deklaratsiyani taqdim etish tartibi haqida ma’lumot berdi.

Deklaratsiyani kimlar topshiradi?

Soliq kodeksining 393-moddasiga asosan, 2020 yil davomida:
  • foiz va dividend ko‘rinishida, mol-mulkini ijaraga berib (agar bu daromadlarga to‘lov manbaida soliq solinmagan bo‘lsa);
  • ilm-fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida;
  • O‘zbekiston hududidan tashqaridagi manbalardan;
  • soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan;
  • soliq agenti tomonidan soliq ushlab qolinmagan soliq solinadigan boshqa manbalardan daromad olgan O‘zbekiston rezidentlari 2020 yilning 1 apreliga qadar jami yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya topshirishlari lozim.

Belgilangan tartibga ko‘ra, O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan chet ellik jismoniy shaxs ham o‘tgan soliq davri uchun daromadlar to‘g‘risida 2021 yilning 1 apreligacha deklaratsiya taqdim etadi.Agar jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya topshirish muddati (1 aprel dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, deklaratsiya undan keyingi birinchi ish kunidan kechiktirmay taqdim etilishi shart (Soliq kodeksining 5-moddasi).

Deklaratsiyaga qanday hujjatlar ilova qilinadi?

Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya shakli Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan «Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorning 4-ilovasida keltirilgan.

Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga belgilangan shakldagi to‘langan daromadlar va ushlab qolingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summalari haqidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi.

Ilm-fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi olayotgan soliq to‘lovchi daromadlar olish bilan bog‘liq daromadlar va xarajatlar hisobini yuritishi shart. Ular ijodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan, haqiqatda sarflangan va hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlarni daromaddan chegirish huquqiga ega.

Bunda chegirma olingan jami daromad summasining 30 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Xarajatlar hujjatlar (nazorat-kassa mashinasi yoki terminal cheklari, kvitansiyalar, shartnomalar, hisobvaraq-fakturalar va hokazo) bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Grant olgan soliq to‘lovchi jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirayotganda grant bo‘yicha olingan daromad summasini, soliq miqdorini ko‘rsatadi. Shuningdek vakolatli organning tegishli xulosasini ilova qiladi.

Mol-mulkni (avtotransport, bino va inshootlar, turar va noturar joylar) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar ijara shartnomalari nusxalarini deklaratsiyaga ilova qilishlari shart.

O‘zbekistondan tashqarida to‘langan, O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summalari respublikada soliq to‘lashda Soliq kodeksning 342-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisobga olinadi.

Soliqni hisobga olish soliq davri yakuni bo‘yicha jismoniy shaxs tomonidan taqdim etilgan jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida amalga oshiriladi.

Kodeksning 342-moddasi, 1-qismiga muvofiq, chet davlatning qonun hujjatlariga yoki O‘zbekistonning xalqaro shartnomasiga muvofiq haqiqatda to‘langan (ushlab qolingan) foyda solig‘ining summasi yoki ushbu chet davlatda olingan daromadlardan olinadigan aynan o‘xshash turdagi soliq respublikada foyda solig‘ini to‘lash hisobidan soliq to‘lovchida ushbu moddada belgilangan tartibda va miqdorlarda hisobga olinishi lozim.

Qanday usullarda taqdim etish mumkin?

Deklaratsiya bevosita jismoniy shaxsning doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga, pochta orqali buyurtma xat shaklida, shuningdek, elektron shakldagi axborot tarzida va internet tarmog‘i orqali taqdim etilishi mumkin. Deklaratsiya soliq organiga shaxsan taqdim etilganda davlat soliq organining tegishli bo‘limiga topshiriladi.

Elektron hujjat tarzida tayyorlangan deklaratsiyani soliq to‘lovchi bevosita yoki axborot vositachisi (elektron hujjatlar aylanmasi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxs) orqali jo‘natishi mumkin. U elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi, bunda belgilangan shakl to‘liq to‘ldirilgan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, deklaratsiyani Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalidagi soliq deklaratsiyalarini yuborish interaktiv xizmati orqali ham jo‘natish mumkin.

Quyidagilar soliq to‘langan sana deb hisoblanadi:
  • soliq soliq agentlari yoki jismoniy shaxslar tomonidan bankdagi hisobvarag‘idan to‘langan taqdirda bankdagi hisobvarag‘idan mablag‘lar hisobdan chiqarilgan kun;
  • jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul mablag‘lari kiritilgan taqdirda bank kassasiga mablag‘lar to‘langan sana.

Jismoniy shaxslar hisoblab chiqarilgan soliqni chet davlatda joylashgan bank hisobvarag‘idan chet el valyutasida to‘lashi mumkin. Bunda milliy valyutada ifodalangan soliq Markaziy bank tomonidan belgilangan soliq to‘langan sanadagi kurs bo‘yicha chet el valyutasida qayta hisoblab chiqariladi.

Soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan soliqni to‘lash to‘lov xabarnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshirilishi kerak.

«Soliqni to‘lash muddatlari buzilganda to‘lov muddati belgilangan kundan keyingi sanadan e’tiboran o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun (to‘lov kuni ham shunga kiradi) penya hisoblanadi. Bunda penyaning foiz stavkasi Markaziy bankning shu davrda amalda bo‘lgan qayta moliyalash stavkasining uch yuzdan biriga teng etib qabul qilinadi. (110-modda)

Shuningdek, daromadlar to‘g‘risida deklaratsiyani o‘z vaqtida taqdim etmaslik eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasi uchinchi qismi).

Shularni e’tiborga olgan holda, daromadlaringiz to‘g‘risidagi deklaratsiyani oxirgi muddat – 1 aprelni kutmasdan yashash joyingizdagi davlat soliq inspeksiyasiga o‘z vaqtida taqdim etishingizni maslahat beramiz», deydi Davlat soliq qo‘mitasi inspektori Sanjar Xayriddinov.

Ma’lumot uchun, prezident farmoni bilan 2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrgacha jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha daromad solig‘i to‘lashdan ozod etilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Iqtisodiyot » DSQ daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani 1 aprelgacha topshirish lozimligini ma’lum qildi