15:30 / 21.08.2021
3 259

"Dollar o‘rniga so‘m": Prezident tadbirkorlarga qanday yechimlar taklif etdi?

"Dollar o‘rniga so‘m": Prezident tadbirkorlarga qanday yechimlar taklif etdi?
Prezident tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.
- Men sizlar tomoningizdan ko‘tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois, sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to‘la xabardorman. Bugunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik.

Birinchi yo‘nalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq. Jumladan, ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi, va ko‘plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan. Haqiqatdan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.

Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8-10 foizdan xorijiy valyutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda. Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun og‘ir yuk bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda. Shu bois, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishimiz talab etiladi.

Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun, kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar tanlov asosida ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.

Ikkinchidan, yuqoridagi mablag‘larni jalb qilmoqchi bo‘lgan bankning o‘zi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo‘shimcha resurslar jalb qiladi. Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion so‘mlik milliy valyutada yevrobondlar chiqariladi. Shuningdek, O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyor bo‘lgan, zamonaviy texnologiyalarga ega yirik xorijiy banklarni kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratamiz. Bu ham, o‘z navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak bo‘lgan sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi.

Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb qilishidan qat’iy nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – so‘mda va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Valyutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani o‘z murojaatlarida ko‘targanlar. Shu bois, Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi. Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag‘larni so‘mga o‘girib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi. Lo‘nda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkorga qo‘shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi.

To‘rtinchidan, bundan buyon Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.

Beshinchidan, joriy yil 1 oktabrdan boshlab, ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o‘tkazib beriladi.

Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobiga, tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30-40 trillion so‘mlik milliy valyutadagi, uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi. Bular hisobiga, tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Men o‘ylaymanki, bu yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga katta turtki beradi.

"Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin, kredit foiz stavkalarini sun’iy pasaytirsak, pul bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun, iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qo‘ymasligimiz lozim. Barqarorlik bo‘lmasa, iqtisodiy o‘sish bo‘yicha ko‘zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz. Bu borada, foiz stavkalariga bevosita ta’sir etadigan inflyatsiyani va yana takror aytaman, inflyatsiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.

Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka o‘qitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda. Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa yoshlarga o‘z g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablag‘lar jalb qilishga yordamlashadi hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida ko‘makdosh bo‘ladi. Umuman, inflyatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi".

Oltinchidan, islohotlarimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida ham 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Endi, bu yangi tizimda odamlarimiz tadbirkorlik uchun kredit olaman deb hokimiyatga, bankka yoki boshqa idoraga borib yurmaydi, asbob-uskunalarni sotib olish uchun ta’minotchini qayerdan topaman deb, bosh qotirishga zarurat qolmaydi. Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish-sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar elektron tarzda, onlayn hal etiladi.

O‘z navbatida, ushbu platforma ta’minotchi korxonalar uchun ham kamida 10 trillion so‘mlik bozor yaratadi. Iqtisodiy kompleks rahbarlari Qo‘chqorov, Nurmuratov, tijorat banklari uch oy muddatda joylarda, tadbirkor va aholimizga ushbu qulayliklarni keng tushuntirib, undan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishni tashkil etishlari zarur. Bu borada, mahallabay ish tashkil etish bo‘yicha “Andijon tajribasi”ni butun mamlakat bo‘ylab keng qo‘llash lozim bo‘ladi.

Yettinchidan, ko‘plab murojaatlarda biznesni moliyalashtirish manbalarini yanada ko‘paytirish maqsadida nobank kredit tashkilotlarini ochish va yuritishga bo‘lgan mavjud talablarni kamaytirish va yengillashtirish so‘ralgan. Bu takliflar bizga juda ma’qul. Shuning uchun, joriy yil 1 oktabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to‘liq bekor qilinadi. Endi, ular faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reyestriga kirishlari kifoya. Shuningdek, bundan buyon ularga kassa xonalari tashkil etish, hududlarda filiallar ochish uchun Markaziy bankning roziligini olish shart bo‘lmaydi.

Ular tomonidan tadbirkorlarga beriladigan mikrokredit (300 million so‘m) va mikrolizing (600 million so‘m) uchun amaldagi cheklovlar ham olib tashlanadi. Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlariga boshqa tashkilotlardan mablag‘lar jalb qilish, obligatsiyalar chiqarish huquqlari ham beriladi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar xuddi banklar kabi to‘lovlarni qabul qilish vakolatiga ham ega bo‘ladilar. Umuman, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan ham kredit bozorida tadbirkorlarimiz uchun yiliga qo‘shimcha 10 trillion so‘m mablag‘ shakllanadi.

Ikkinchi yo‘nalish – soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi:
– Ma’lumki, so‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi. Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qat’iy nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng bo‘lgan. Budjetdan tashqari jamg‘armalarga mazkur yig‘imlarni bekor qilish hisobiga, 7 mingga yaqin korxona har yili o‘rtacha 6 trillion so‘m soliq to‘lashdan ozod bo‘ldilar. Molk-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi. Aniq misollar bilan gapiradigan bo‘lsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, to‘qimachilik va elektrotexnika sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.

Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramay, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi, ko‘proq zarar ko‘rgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari to‘lovlaridan butkul voz kechildi. Bu esa, o‘z navbatida tadbirkorlar ixtiyorida qolgan 2 trillion so‘m mablag‘ni biznes faoliyatiga sarflash imkonini berdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » "Dollar o‘rniga so‘m": Prezident tadbirkorlarga qanday yechimlar taklif etdi?