00:35 / 27.10.2021
703

Mamarizo Nurmurodov: Inflyatsiya darajasini pasaytirmaydigan bo‘lsak, yuqori foizli kreditlardan foydalanishga majbur bo‘lamiz

Mamarizo Nurmurodov: Inflyatsiya darajasini pasaytirmaydigan bo‘lsak, yuqori foizli kreditlardan foydalanishga majbur bo‘lamiz
O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi pasaytirilmasa, yuqori foizli kreditlardan foydalanishga to‘g‘ri keladi. O‘zAning xabar berishicha, bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar rivojlanish prognoziga ko‘ra, 2021 yilda inflyatsiya darajasi 9—10 foiz, 2022 yilda 10—11 foiz, 2023 yilda 7—8 foiz bo‘ladi. Bu inflyatsiyani 2022 yilda 8 foizgacha, 2023 yilda esa 5 foizgacha pasaytirishni rejalashtirgan Markaziy bank prognozlaridan farq qiladi.

«2023 yilgacha respublikamizda inflyatsiya darajasini yiliga 5 foizgacha tushirish — oldimizdagi asosiy vazifa. Shuni ta’kidlash joiz, bu yilgi inflyatsiyaning shakllanishi keyingi yilga baza bo‘ladi. Bizdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, pul-kredit sohasidagi amalga oshiriladigan ishlarning eng asosiysi iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar. Biz 2023 yilga kelib 5 foizlik inflyatsiyaga erishishda barcha choralarni ko‘ramiz», — deydi Mamarizo Nurmurodov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank inflyatsiyani jilovlashiga monopol korxona va kompaniyalar mavjudligi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Xususiy bo‘ladimi, davlatniki bo‘ladimi monopol tashkilotlarning saqlanib qolishi chora-tadbirlarimiz samaradorligini ma’lum miqdorda pasaytirishi mumkin. Kelgusi yilgi va 2023—2024 yilgi rejalashtirilgan pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan yana biri tadbirkorlarga xorijdan mahsulot olib kelib sotish imkonini berishdir.

Xorijdan mahsulot olib keladigan biznes vakillari shakllanishiga sharoit yaratish hamda hududlarda savdo infratuzilmasini yaxshilash uchun aniq choralar ko‘rilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar 1—2 yilda o‘z samarasini berib, narx-navoni barqarorlashtirishga imkon yaratadi.

Eng asosiysi, inflyatsiya darajasini sezilarli darajada pasaytirmaydigan bo‘lsak, biz yuqori foizli kreditlardan foydalanishga majbur bo‘lamiz
», — degan u.

Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, 2021 yilning sentabr oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya 10,8 foizni tashkil etib, bazaviy ssenariy doirasidagi prognoz ko‘rsatkichlaridan biroz yuqori shakllanmoqda. 2021 yilda umumiy inflyatsiya dinamikasini belgilaydigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishi bo‘lib, yillik inflyatsiya darajasiga 6,1 foiz bandlik oshiruvchi hissa qo‘shdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Iqtisodiyot » Mamarizo Nurmurodov: Inflyatsiya darajasini pasaytirmaydigan bo‘lsak, yuqori foizli kreditlardan foydalanishga majbur bo‘lamiz